Jahon | 08:16 / 17.01.2017
6601
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Mao Tszedunni iblis bilan taqqoslagan amaldor ishdan haydaldi

Foto: RIA

Xitoyning Xebey viloyatilik amaldor Sina Weibo ijtimoiy tarmog‘ida Xitoy Xalq Respublikasi sobiq raisi Mao Tszedunni iblis deb atagani uchun o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Global Times gazetasi xabar bermoqda.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy televideniye va radiouzatish, kinematografiya, nashriyot, matbaa ishi bo‘yicha davlat boshqarmasining Shitszyachjuan shahridagi rahbari o‘rinbosari Tszo Chunxe o‘z sahifasida Mao Tszedunni “iblis”, shuningdek uning tavallud kuniga (26 dekabr) uyushtiriladigan har yillik tadbirlarni “shaxsga sig‘inish bo‘yicha dunyodagi eng yirik holat” deb yozgan.

Shundan so‘ng Tszo Chunxe ishdan bo‘shatildi. Bundan tashqari unga ma'muriy ogohlantirish ham berildi. Xabar qilinishicha, u “Weibo’da noto‘g‘ri fikrlarni yozib qoldirish, shuningdek partiya tartib-intizomini jiddiy ravishda buzishda” ayblandi. Uning Weibo’dagi sahifasi o‘chirib tashlandi.

Xitoyda sobiq rais Mao Tszedunning ismi bilan bog‘liq yana bir mojaro 2015 yilda ro‘y bergandi. O‘shanda internet tarmog‘ida shaxsiy kechki ovqat tadbiri paytida tasvirga tushirilgan 75 soniyali video paydo bo‘lgan. Unda CCTV telekanalining 56 yoshli boshlovchisi Bi Futszyan Pekin operasi yo‘nalishidagi inqilobiy qo‘shiq kuylay turib, Xitoy asoschisi – Mao Tszedun haqida “nomaqbul” so‘z ishlatgan. Shundan so‘ng Futszyan efirdan chetlatildi. 

Ma'lumot uchun, Mao Tszedun XXR raisi lavozimini 1954-1959 yillarda egallagan.

Mavzuga oid