O‘zbekiston | 18:35 / 30.01.2017
9076
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbariyatlari o‘zaro tabrik maktublari almashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabrik maktublari almashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev Xvan Gyo Anga yo‘llagan tabrik maktubida, jumladan, shunday deyiladi:

«Ulkan iqtisodiy, intellektual va industrial-texnik salohiyatga ega va dunyo iqtisodiyoti hamda siyosatida tobora salmoqli rol o‘ynayotgan Koreya respublikasi O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri o‘tgan vaqt davomida biz uchun eng ishonchli va uzoq muddatli sherikka aylandi. 

Oxirgi yillarda mamlakatlarimiz hamkorlikning fundamental asoslarini mustahkamlash, ochiq va ishonchli siyosiy muloqotni ta'minlash, xalqaro tashkilotlar doirasida uzviy bog‘liqlik va qo‘llab-quvvatlash borasida sezilarli taraqqiyotga erishishga muvaffaq bo‘lganini mamnuniyat bilan ta'kidlashni istardim. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotimiz chog‘ida Koreya respublikasi hukumati va ishbilarmon doiralarining turli yo‘nalishlardagi o‘zbek—koreys munosabatlarini yanada rivojlantirish, har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash uchun yangi yo‘l va imkoniyatlar qidirishga tayyorligiga ishonch hosil qilishdan juda mamnun bo‘ldim».

O‘z navbatida, Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida quyidagilarni ta'kidladi:

«Bu yil davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ladi. 2006 yilda Koreya respublikasi va O‘zbekiston Strategik sheriklik haqida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi va shundan beri ikki mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalardagi o‘zaro manfaatli hamda istiqbolli hamkorligi tobora kengayib bormoqda.

O‘tgan yili hamkorligimizning yorqin namunasi bo‘lgan Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishi muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozirda neft-kimyo tarmog‘ida birgalikda amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar, shuningdek, yangi loyihalar ham kelgusida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali munosabatlarning navbatdagi namunasi bo‘ladi, deb umid bildiraman.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi, shuningdek, koreyslar Markaziy Osiyoda yashay boshlaganligining 80 yilligi Koreya respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik hamda tig‘iz aloqalarning yanada mustahkamlanishida muhim omil hisoblanadi. Qurilishi ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan Koreys madaniyati va san'ati uyi xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirishiga ishonchim komil».

Mavzuga oid