O‘zbekiston | 16:52 / 03.02.2017
23118
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Chilonzordagi yangi yo‘l o‘tkazgich qurilayotgan hududda bo‘ldi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Davlat rahbari Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan joyda qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi.

Umumiy uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo‘lgan 6 polosali mazkur yo‘l o‘tkazgich nafaqat haydovchilar va piyodalarga, balki shu yerda yashayotgan aholiga ham bir qancha qulayliklar yaratishi ko‘zda tutilgan. 

Ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun umumiy uzunligi 131,6 metr bo‘lgan ikkita yer usti o‘tish yo‘lagi ham barpo etilmoqda. Yog‘in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari o‘rnatishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Bu yo‘l o‘tkazgich qurilishidan maqsad Muqimiy va Bunyodkor ko‘chalari kesishgan chorrahada yuzaga kelayotgan tirbandlikni bartaraf etish hisoblanadi.

Prezident qurilish jarayoni bilan tanishar ekan, mamlakatda kundan-kunga aholining yashash farovonligi oshib, xonadonlarda mashinalar ko‘payayotgani, poytaxt ko‘chalarida avtomobil qatnovining kengayayotganini inobatga olish, buning uchun qo‘shimcha yo‘llar va ko‘priklar barpo etishga ehtiyoj sezilayotganini alohida ta'kidladi, quruvchilarga ishning tez va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. 

Ko‘prik Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda. 

Mavzuga oid