O‘zbekiston | 00:41 / 04.02.2017
41510
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida qor ko‘chkisi sababli harakatlanish to‘xtatildi

Foto: MChS

3 fevralda soat 9:40 da Qamchiq dovonida A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining 233-kilometrida 1000 kub metr hajmdagi qor ko‘chkisi yuz berdi. Soat 10:30 da esa shu yo‘lning 243-kilometrida 250 kub metrlik qor ko‘chkisi sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi

FVV va "O‘zavtoyo‘l" kompaniyasi kuchlari bilan yo‘lni qordan tozalash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi. Qurbonlar va vayronagarchiliklar bo‘lmagan. 

Yo‘lning qolgan qismlarida ham ko‘chki yuz berishi xavfi tufayli 228-253-kilometrlarida harakatlanish to‘xtatilgan. 

Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlarida, Namangan viloyatining Pop tumanida yo‘lovchilarni va avtotransport haydovchilarini qabul qilish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.

Dovonni kechib o‘tishga imkoniyati bo‘lmaganlar Ohangaron, Angren shaharlari va Pop tumani umumiy ovqatlanish punktlarida joylashtirilmoqdalar. Ularga barcha sharoitlar, issiq yegulik, suv, dam olish uchun joylar muhayyo qilingan.

FVVning ta'kidlashicha, qor qatlamining holati nobarqaror va ko‘chish xavfi saqlanib qolmoqda. 

Mavzuga oid