O‘zbekiston | 08:52 / 10.02.2017
64209
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari faoliyatini tanqid ostiga oldi

Foto: uza.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga ustuvor ahamiyat berilayotganini alohida ta'kidladi. Bu profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari, alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari qayta tashkil etilganida, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida namoyon bo‘lmoqda. 

Davlatimiz rahbari keyingi vaqtlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.

Prezidentimiz bugun ichki ishlar organlari zamon talablariga nechog‘li javob bera olayotganiga e'tibor qaratdi. Inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish lozim bo‘lgan bugungi kunda eskicha fikrlash, ishni eski “qolip”lar asosida tashkil qilish, o‘z burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlardan kelib chiqqan holda bajarish kabi amaliyotlar davom etmoqda. 

Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Lekin ayrim joylarda ularning faoliyati odamlar e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa mol-mulkka jinoiy tajovuz kabi salbiy holatlarga to‘liq chek qo‘yilmagan. Qasddan tan jarohati yetkazish, firibgarlik, yo‘l-transport hodisalari kamaymagan. 

Shavkat Mirziyoyev jinoyatlarni ochish borasida ham qator kamchiliklar mavjudligini ta'kidladi. Xususan, o‘g‘irlik va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarning har beshtadan bittasi fosh etilmagan. 

Jinoyat-qidiruv faoliyatida jiddiy nuqsonlar uchramoqda, ayrim joylarda huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik talab darajasida emas. Qidiruvda yurgan aksariyat shaxslarning qo‘lga olinmayotgani ularga jinoiy qilmishlarini davom ettirishga imkon beradi va bu g‘oyat tashvishli holdir. 

Mavzuga oid