Jamiyat | 14:54 / 14.02.2017
9064
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik boshlig‘iga: “Rafiqamni o‘ldirishga yordam ber” ko‘rinishida SMS jo‘natdi

AQShning Vashington shtatida yashovchi fuqaro o‘z rafiqasining qotilligini buyurtma qilishni tashkil etishda gumonlanib hibsga olindi. Okrug sherifining so‘zlariga ko‘ra, Jyeff Litl Sheyn ismli kishiga xotinini sug‘urta tufayli o‘ldirishga yordam berishni iltimos qilib xabar jo‘natishi kerak bo‘lgan. Biroq u buning o‘rniga o‘z boshlig‘iga shunday ko‘rinishdagi SMS’ni yuborgan, u esa politsiyaga xabar bergan, deb ma'lum qilmoqda New York Daily News nashri.

Politsiyachilarning so‘zlariga ko‘ra, Litl nafaqat rafiqasi, balki to‘rt yoshli qizidan ham qutulmoqchi bo‘lgan. Sug‘urta bandlariga ko‘ra, unga 1,5 million dollar to‘lashlari kerak bo‘lgan hamda u mablag‘larni ijrochilar bilan bo‘lishishi lozim edi. Nashrga matnli xabarga ega bo‘lgan sud hujjatlari kelib tushdi.

“Ey, Sheyn, nima qilamiz. Esingdami, sen menga rafiqamdan qutulishga yordam bermoqchi eding. Men sening taklifinga roziman”, - Litl xabaridan bir qism.

Litl qotilga xotini qayerda ishlashi, uning ish grafigi haqida ma'lumot berib, barchasi xuddi baxtsiz voqea yoki YTHdek tasavvur uyg‘otishi kerak bo‘lishini aytib o‘tdi. U buning evaziga olinadigan sug‘urta to‘lovini bo‘lishishga va'da berdi. Biroq erkak xabar kimga jo‘natilganini tekshirib ko‘rmadi, shuning uchun SMS uning sobiq boshlig‘ining telefoniga ketib qolgan. U politsiyaga xabar bergach, Litl qo‘lga olindi.

Bu ish bo‘yicha sud yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Erkakning tergovchilarga aytishicha, xabarni telefondagi “qo‘l yozma” (chernovik)ga saqlab qo‘ygan, ammo hech kimga jo‘natishni rejalashtirmagan. Litlning so‘zlariga ko‘ra, xabarni qizi telefonni qo‘liga olganida tasodifan yuborgan bo‘lishi mumkin ekan. 

Mavzuga oid