Jahon | 07:58 / 20.02.2017
10589
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya ba'zi masalalar bo‘yicha Rossiya bilan kelishmovchiliklar borligini tan oldi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu Rossiya bilan munosabatlar iliqlashganiga qaramasdan, Moskva va Anqarada prinsipial masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar borligini ta'kidlamoqda. Bu haqda "Yevropa haqiqati" ma'lum qildi.    

Chovusho‘g‘lu bu haqda Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida aytdi. 

"Rossiya bizning savdo hamkorimiz, biz ko‘plab qo‘shma loyihalarga egamiz, biroq bu bizning barcha masalalarda Rossiya bilan roziligimizni anglatmaydi", deb aytdi Chovusho‘g‘lu.  

Uning aytishicha, Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar prinsiplarga asoslangan va Su-24 harbiy samolyoti urib tushirilgungacha Anqaraning Moskva bilan munosabatlarida Qrim bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgan.     

"Biz Qrimning "bosib olinishini" qabul qilmaganmiz. Bizda Asad tuzumi borasida turli fikrlar mavjud va tafovut saqlanib qolmoqda", deb ta'kidlab o‘tdi Chovusho‘g‘lu.  

Shu bilan birga turk vaziri Yevropa davlatlarini Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar borasida tuturiqsizlik qilishda aybladi.

"Samolyot bilan bog‘liq voqeadan keyin NATO va Yevropa Ittifoqi bizga Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashni tavsiya qilishgan. Biz ularni yaxshiladik va shundan keyin bizdan nima uchun bunday qilganimizni so‘rashni boshlashdi", deb qo‘shimcha qildi Chovusho‘g‘lu.   

Mavzuga oid