Jamiyat | 18:14 / 25.02.2017
14185
4 daqiqa o‘qiladi

"Oskar" mukofoti: 2017 yilgi marosim haqida ba'zi ma'lumotlar

Kino olamidagi eng nufuzli mukofot hisoblanuvchi "Oskar"ning bosh sovrini – "Oskar" haykalchasining tannarxi yil sayin oshmoqda: bu yili har bir haykalcha marosim tashkilotchilariga 696 dollardan tushadi. Bu haqda Forbes jurnali xabar bermoqda.   

Shu tariqa o‘tgan olti yil ichida haykalcha narxi deyarli ikki martaga qimmatlashgan, vaholanki 2011 yilda bir "Oskar"ni tayyorlash narxi 400 dollar bo‘lgan.

Shu bilan birga tilla suv yugurtirilgan haykalchaning tannarxi uning bozor qiymati bilan hech qanday aloqaga ega emas. Mukofot egasiga shartnoma bo‘yicha haykalchani faqatgina bir dollarga kino san'ati Akademiyasiga sotishga ruxsat borligiga qaramasdan, bozorda anchagina haykalchalar bilan savdo qilinadi. Ulardan biriga eng katta narx ularni to‘plash bilan shug‘ullangan mashhur qo‘shiqchi Maykl Jyekson tomonidan taklif qilingan. 1999 yilda u bitta haykalchaga 1,5 mln dollar to‘lagan (hozirgi kursda 2,2 mln dollar).

AQSh kino san'ati Akademiyasi o‘zining faoliyati davomida 3 mingdan ko‘proq "Oskar"ni o‘z egalariga topshirgan.

"Oskar" haykalchasi 24 karatli oltin bilan qoplangan hamda og‘irligi 3,85 kg ni tashkil qiladi. 34 sm balandlikka ega haykalcha britaniy qotishmasidan quyilgan, uning tagi esa qora marmardan tayyorlanadi. Biroq aynan uning oltin qoplamasi uning narxining yildan-yilga oshishiga sabab bo‘ladi.

Joriy marosimni ABC telekanali efirida birinchi marta komik Jimmi Kimmel olib boradi va u bu anchagina mashaqqatli ishiga 15 ming dollar haq oladi. 

"Oskar"ning 1953 yildagi ilk boshlovchisi aktyor Bob Xoup bo‘lgan. U mukofot boshlovchisi sifatida rekord o‘rnatgan: u ushbu nufuzli mukofotning taqdirlash marosimini 18 marotaba olib borgan. 

Los-Anjyelesdagi Dolby teatri oldiga yulduzlar yurishi uchun to‘shaladigan qizil gilamcha esa alohida xarajatlar moddasini tashkil qiladi. Uning maydoni 1,5 ming kvadrat metrdan ko‘proqni, narxi esa 30 ming dollarni tashkil qiladi.    

Biroq marosimga ketadigan barcha xarajatlar reklamadan olinadigan daromadlar bilan bir necha barobar qoplanib ketadi. Marosim translyatsiyasi vaqtida ko‘rsatiladigan 30 soniyalik reklama roligining narxi 1,8-2,1 mln dollarni tashkil qiladi. Vaholanki, reklamadan olinadigan daromad yildan yilga ortib bormoqda. 

Bu yili ham reklamadan olinadigan daromad o‘tgan yilgi 115 mln dollarlik daromaddan kam bo‘lmasligi prognoz qilinmoqda.

Marosim vaqtida bu yilgi sovrindorlarni e'lon qilish uchun ko‘plab "Oskar" egalari sahnaga chiqadilar. Ular orasida o‘tgan yil ko‘p yillik kutishlardan keyin axiyri o‘z "Oskar"iga ega bo‘lgan Leonardo Di Kaprio, Bri Larson, britaniyalik Mark Raylens va shvetsiyalik aktrisa Alisiya Vikander bor. Bundan tashqari, sahnaga Emma Stoun, Sharliz Teron, Xelli Berri, Skarlett Yoxansson, Shirli Makleyn kabi boshqa yulduzlar ham ko‘tarilishadi.

"Oskar"ning 89-marosimi 26 fevral, yakshanba kuni AQShning sharqiy sohili vaqti bo‘yicha soat 20:30da (Toshkent vaqti bilan 27 fevral tonggi soat 06:30) boshlanadi. Marosim dunyoning 225 dan ko‘proq davlatiga namoyish qilinadi. 

Mavzuga oid