O‘zbekiston | 20:50 / 06.03.2017
33110
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Qaynona-kelin kelishmovchiliklari yorug‘ hayotimizga soya solib turibdi»

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Toshkent shahridagi «Navro‘z» restoranida bo‘lib o‘tgan tadbirda mamlakat xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan tabrikladi.

Prezident o‘z tabrigida jamiyat oldida turgan bir qator vazifalar haqida to‘xtalgan.

«Biz odatda jamiyatimiz hayotiga qarshi qaratilgan xavf-xatarlar haqida gapirganda, ko‘pincha chetdan kiradigan tahdidlarni tushunamiz. Lekin eski zamondan qolgan ayrim salbiy holatlar, afsuski, bugungi tinch va yorug‘ hayotimizga soya solib turibdi. Loqaydlik, bir-birini ko‘rolmaslik, oilada er-xotin, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik, ayollarga bepisand qarash – bunday yaramas illatlar bizga, bizning xalqimizga mutlaqo yarashmaydi», deya qayd etgan davlat rahbari.

Prezident bunday holatlarning oldini olish uchun har tomonlama chuqur o‘ylab, muntazam ravishda ish olib borilishi zarurligini ta'kidlagan.

«Shu maqsadda biz mahalliy hokimliklar va ichki ishlar tizimini, «Mahalla» va «Nuroniy» jamg‘armalari tuzilmasini tubdan o‘zgartirdik, ularga yoshlar bilan ishlaydigan qo‘shimcha shtatlar berdik. 

Ayni shunday islohotlarni biz Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning joylardagi tuzilmalari bo‘yicha ham amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari vakolatlarini yanada kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, opa-singillarimizning mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, buning uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlar tizimini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda», deya qayd etgan davlat rahbari.

Uning fikr bildirishicha, bularning barchasi yurtimizda xotin-qizlarning oila va jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini oshirish, ularning hayotiy manfaatlarini yanada keng ta'minlash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, Mirziyoyev «Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona» shiori doimiy kun tartibida turishi lozimligini qayd etib o‘tgan.

«Biz yoshlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur. Bunday g‘oyat muhim vazifani amalga oshirishda biz avvalo ko‘pni ko‘rgan kayvoni onaxonlarimizga, mahalla faollariga, muhtaram faxriylarimizga, siz, aziz opa-singillarimizning aql-zakovatingiz, bilim va tajribangizga tayanamiz. 

Oilalarda tibbiy, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimizni, avvalambor, qiz bolalarni ish bilan ta'minlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi bo‘lishi shart», degan u.

«Ayniqsa, qizlarimizning salomatligini asrash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar egasi bo‘lib voyaga yetishi, jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishi uchun biz barchamiz – ota-onalar, jamoatchilik, mutasaddi rahbarlar javobgarlik va mas'uliyatimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Nega deganda, qiz bola – bo‘lg‘usi oila bekasi, kelajagimiz egasidir. Bugun biz ularga qanday ta'lim-tarbiya bersak, ertaga ular yangi avlodimizga shunday tarbiya beradi», deya hisoblaydi O‘zbekiston rahbari.

Mavzuga oid