Jahon | 22:24 / 09.03.2017
9528
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anga suiqasd uyushtirganlikda ayblanganlar "tuxumlar yomg‘iri" ostida qolishdi

Turkiyaning janubi-g‘arbidagi Mugla provinsiyasi sud binosi oldida to‘plangan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tarafdorlaridan iborat guruh navbatdagi sud majlisiga olib kelingan ayblanuvchilarga qarata tuxumlar uloqtirishdi. Mazkur binoda iyul oyidagi harbiy to‘ntaruv harakatlari chog‘ida turk rahbariga uyushtirilgan suiqasd ishi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqida 9-mart, payshanba kuni Hurriyet gazetasi xabar berdi

Mazkur jinoyat yuzasidan muxolifat islom voizi hisoblangan Fathulloh Gulenning 47 tarafdori ishi ko‘rib chiqilmoqda, ularning 3 nafariga qidiruv e'lon qilingan. Ayblanuvchilar ro‘yxatida birinchi bo‘lib Gulenning nomi qayd etilgan, u hozirda AQShning Pensilvaniya shtatida istiqomat qiladi. 

Sud binosi oldida 300 nafarga yaqin kishi to‘plandi. Ularning qo‘llarida Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlab, Gulenni qoralab yozilgan shiorlar bor edi, ularda hattoki suiqasd ishtirokchilariga o‘lim jazosi ham so‘ralgan. Ba'zi namoyishchilar belgilangan hududdan o‘tib ketishga urinishdi, biroq politsiya tomonidan to‘xtatib qolindi. 

2016 yilning iyulida, Turkiyada harbiy to‘ntaruv harakati amalga oshirilgan tunda isyonkor harbiylar Marmarisdagi Turkiya prezidenti dam olayotgan mehmonxonaga hujum qilishgan. Hujum Erdo‘g‘an mehmonxonani tark etganidan bir necha daqiqa o‘tgach amalga oshirilgan. Suiqasdni bartaraf etish davomida politsiyaning ikki nafar xodimi halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid