Jamiyat | 13:53 / 11.03.2017
25180
3 daqiqa o‘qiladi

Iste'molchilar hisobiga qarzdorliklarni asossiz yuklab qo‘ygan gaz nazoratchisi jazoga tortildi

Ba'zi birovlar o‘zgalarni aldash, pand berish evaziga kun kechirishni yaxshi ko‘rishadi. “Qahramon”imiz Otamurod Shokirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham ana shundaylar sirasiga kiradi. 

“Huquq” gazetasining yozishicha, u qo‘shko‘pirlik fuqaro A.Adamova nomidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish “Yagona darcha” markaziga ariza bilan murojaat qilib, davlat reyestri kitobiga uning imzosini qalbakilashtirib qo‘yib, guvohnomani noqonuniy ravishda qo‘lga kiritadi.

Keyin esa “Mikrokreditbank”ning Xorazm viloyat filialiga murojaat qiladi va A.Adamova nomiga yillik to‘qqiz foiz ustama bilan 59 mln. so‘m miqdorida kredit olishga muvaffaq bo‘ladi.

Uyiga soliq organi xodimlari kelib, soliqdan qarzlari borligini aytishganda, A.Adamova hayron bo‘lib qoldi. Uning otasi masalaga oydinlik kiritish maqsadida vaziyatni o‘rgana boshladi. Bu oradan kredit masalasi ham qo‘zg‘aldi. Chorasiz qolgan A.Adamova huquqni muhofaza qiluvchi organlarga holat yuzasidan tegishli chora ko‘rishlarini so‘rab murojaat qildi. Surishtiruv va dastlabki tergovda A.Adamovaga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplandi. O.Shokirov tegishli jazosini oldi.

Firibgarlik bilan bog‘liq yana bir jinoyat “Qo‘shko‘pir-tumangaz” filiali nazoratchisi M.Soliyev tomonidan sodir etilgan. U Shix mahallasida istiqomat qiluvchi A.Salimovga tabiiy gaz to‘lovlaridan 510 ming so‘m qarzi borligini aytib, 300 ming so‘m evaziga qarzdorligi yo‘qligi haqida ma'lumotnoma olib berishni va'da qiladi. O‘zaro kelishuvga erishgach, korxona kompyuter bazasidan qarzdorlikni o‘chiradi va ma'lumotnomani A.Salimovga olib kelib beradi. M.Soliyev A.Salimovdan kelishilgan pulni olgan vaqtda departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, M.Soliyev bundan tashqari, Shix qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 445 ta iste'molchilar hisobiga 97 mln. 855 ming so‘mlik qarzdorlikni hech bir asoslar mavjud bo‘lmagan holda yuklab qo‘yib, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan ekan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va sud hukmi bilan M.Soliyev tegishli jazosini oldi.

Mavzuga oid