Sport | 00:05 / 19.03.2017
47485
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek yo‘lbarslari» «Xitoy ajdarlari» ustidan mutlaq g‘olib bo‘ldi

2017 yil 18 mart kuni «O‘zbekiston» sport majmuasida katta boks kechasi bo‘lib o‘tdi. The World Series Boxing (WSB) – Butunjahon Boks Seriyasining VII fasl to‘rtinchi bosqichidan o‘rin olgan uchrashuvda Uzbek Tigers («O‘zbek yo‘lbarslari») va China Dragons («Xitoy ajdarlari») jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Unda 52, 60, 69, 81 va +91 kg vazn toifasidagi bokschilar ringga ko‘tarilishdi. O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari xitoyliklarga qarshi Qozog‘istonda Astana Arlans Kazakhstan jamoasiga mag‘lub bo‘lgan tarkibni tushirishga qaror qildi. Ta'kidlash joizki, bu safar «O‘zbek yo‘lbarslari» ishonchni oqladi. 

Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev

52 kg:     Abrorjon Qodirov           vs               Chang Yong
60 kg:     Murodjon Ahmadaliyev    vs               Wang Sen
69 kg:     Shahram G‘iyosov                  vs               Liu Wei
81 kg:     Bektemir Meliqo‘ziyev       vs               Huang Jiabin
+91kg:    Bahodir Jalolov             vs               Mu Haipeng

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, bokschilar har biri 3 daqiqadan bo‘lgan 5 raund kurash olib borishdi. 

Abrorjon Qodirov

Dastlab ringga 52 kg vazn toifasidagi bokschilar Abrorjon Qodirov va Chang Yong chiqib kelishdi. Hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston chempioni Abrorjon Qodirov raqibini 3-0 hisobida mag‘lub etdi

Murodjon Ahmadaliyev

Undan so‘ng, 60 kg vazn toifasidagi bokschilar ringga ko‘tarilishdi. Rio-2016 bronza medali sovrindori Murodjon Ahmadaliyev Wang Sen’ga qarshi imkoniyatini sinab ko‘rdi. U ringda o‘z tajribasidan to‘la foydalana oldi va jamoada birinchi bo‘lib, jangdagi hisobni ochdi. U raqibini nokdaun holatiga uchratdi. Murodjon ham xitoylik bokschi ustidan, hakamlar qarori bilan 3-0 hisobida ustun keldi

Aytish lozim, uchinchi bo‘lib ringga ko‘tariluvchi bokschimiz zimmasiga jiddiy mas'uliyat tushdi. Chunki, u ham mehmon bokschini yutsa, keyingi janglar natijasidan qat'inazar jamoa g‘alabasi ta'minlanar edi. Shunday qilib, ringga 69 kg vazn toifasidagi bokschilar Shahram G‘iyosov va Liu Wei chiqib kelishdi. 

Shahram G‘iyosov

Rio-2016 Olimpiadasining kumush medal sohibi Shahram G‘iyosov hamda jahon chempionatining bronza medali sovrindori Liu Wei o‘rtasidagi jang ham keskin sur'atda kechdi. Shahram muxlislar ishonchini oqlab, jangda 3-0 hisobida g‘alaba qozondi. Garchi, Uzbek Tigers g‘alabasi ta'minlangan bo‘lsa-da, oldinda boks muxlislarini yanada qiziqarli 2 jang kutayotgandi. 

Bektemir Meliqo‘ziyev

Navbatdagi kuch sinashishga Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining yana bir kumush medal sovrindori chiqdi. 81 kg vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev Huang Jiabi’ga qarshi ringga ko‘tarildi. Bektemir jangning boshidanoq tizginni qo‘liga olib, o‘zining kuchli zarbalari bilan raqibini dovdiratib qo‘ydi. Xitoylik bokschi muxlislarning faol olqishlari va qo‘llab-quvvatlashlari ostida jang qilgan Bektemirning kuchli zarbalarini ketma-ket o‘tkazib yubordi va ringdagi hakam hisobni ochdi va birozdan so‘ng, o‘yinni to‘xtatishga majbur bo‘ldi

Bahodir Jalolov

Nihoyat, o‘ta og‘ir vazn toifasidagi bokschilarga navbat yetib keldi. Bu safar Rio-2016 Olimpiadasi ishtirokchisi, o‘zbek pahlavonlaridan yana biri Bahodir Jalolov +91 kg vazn toifasida Mu Haipeng’ga qarshi ringga chiqdi. Bahodir Jalolov o‘z tajribasidan foydalangan holda muddatidan avval, texnik nokaut bilan uchinchi raundda g‘alaba qozondi

Aytish joizki, qizg‘in va ayovsiz bo‘lgan janglarda hamyurtlarimiz raqiblariga umuman imkoniyat qoldirishmadi. Hakamlarning yakdil qarorlariga ko‘ra,  
Uzbek Tigers jamoasi China Dragons jamoasini 5-0 hisobida mag‘lub etdi.

Shu bilan O‘zbekiston jamoasi o‘zining guruhdagi ikkinchi g‘alabasini  va 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. 

Foto: WSB

18 mart kuni, shuningdek, S guruhining yana bir uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘istonning Astana Arlans Kazakhstan jamoasi Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasini qabul qildi. Keskin kurashlar ostida o‘tgan janglarda qozog‘istonliklar 4-1 hisobida g‘alaba qozondi. Shunday qilib, O‘zbekiston jamoasi guruhda 6 ochko bilan ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Birinchi o‘rinda 12 ochko bilan mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Qozog‘iston jamoasi. Rossiyaliklar hisobida 4 va xitoyliklar hisobida 3 ochko bor.

Navbatdagi uchraashuv 2017 yil 1 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Uzbek Tigers bokschilari Astana Arlans Kazakhstan jamoasi bilan hisob-kitob qilib olish imkoniga ega bo‘lishadi. Rossiyaning Patriot Boxing Team termasi China Dragons jamoasini qabul qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, The World Series Boxing (WSB) Butunjahon Boks Seriyasi chempionatining VII fasl 4-bosqich tarkibida O‘zbekiston sha'nini himoya qilgan bokschilar BUKA Boxing Sportswear tomonidan taqdim etilgan kiyimda ringga chiqdilar.

Fotonigoh: «Uzbek Tigers»ning 2017 yildagi ilk g‘alabasi va guruhdagi holat

Mavzuga oid