Qozog‘iston bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha deklaratsiya matni e'lon qilindi
Tashqi ishlar vazirligi saytida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya matni e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevning 22-23 mart kunlari Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasidagi ikki tomonlama muzokaralar natijalariga ko‘ra,
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida 1998 yil 31 oktabrda imzolangan Shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sherikchilik to‘g‘risida 2013 yil 14 iyunda imzolangan Shartnoma qoidalariga amal qilgan holda,
o‘zaro hurmat, ishonch va oshkoralik prinsiplariga asoslangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi mustahkam tarixiy aloqalar, ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik qardoshlik va hamkorlik rishtalariga tayanib,
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ahil qo‘shnichilik, do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarning strategik sheriklik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash asosida jadal sur'atda va izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etib,
ikki tomonlama keng qamrovli hamkorlikni sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqish ikki qardosh xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga javob berishiga hamda Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va turg‘un rivojlanishni ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan holda,
xalqaro maydonda yanada uzviy hamkorlik qilish va harakatlarni muvofiqlashtirishga o‘zaro intilishlarini tasdiqlab,
ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun oliy va yuqori darajalarda muntazam ikki tomonlama tashriflar va siyosiy maslahatlashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga hamda hukumatlar, parlamentlar va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga sodiq qolgan holda,
quyidagilar to‘g‘risida bayonot beradilar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan paytdan boshlab chorak asr mobaynida hamkorlikning turli sohalarida erishilgan salmoqli natijalarni yuqori baholaydilar hamda ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarining yangi tarixiy davrga kirayotganini ta'kidlaydilar.
2. Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va turg‘un rivojlanishni ta'minlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarining mos kelishini tasdiqlagan holda, mintaqa ichki muammolarining barcha jabhalari bo‘yicha o‘zaro maqbul qarorlarni kelishish va qabul qilish, eng avvalo, ushbu mintaqa davlatlari tomonidan teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilish asosida amalga oshirilishi lozimligini ta'kidlaydilar.
3. Tomonlar xalqaro siyosatning muhim masalalari bo‘yicha pozitsiyalarining yaqinligi yoki mos kelishini qayd etdilar, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga o‘zaro intilishlarini ta'kidladilar hamda xalqaro maydonda, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni jadallashtirish niyatlarini tasdiqladilar.
4. O‘zbekiston Qozog‘istonning 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga nodoimiy a'zoligi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy bo‘lgan ustuvor masalalarni ilgari surish bo‘yicha amalga oshirayotgan sa'y-harakatlarini olqishlaydi hamda mintaqada barqarorlik, xavfsizlik va turg‘un rivojlanishni ta'minlash masalalari, shu jumladan, xalqaro siyosatning o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb masalalari yuzasidan Qozog‘iston tomoni bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdordir.
Tomonlar Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona maqomini yanada ko‘tarish tarafdoridirlar.
5. Tomonlar MDH a'zo-davlatlari uchun o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlik rivojini ta'minlash maqsadida, MDH doirasida hamjihatlikni mustahkamlash va Hamdo‘stlik mexanizmlaridan yanada samarali foydalanishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
6. Prezidentlar xavfsizlik va barqarorlikka zamonaviy xuruj va tahdidlarga qarshi kurashish hamda iqtisodiy va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida a'zo-davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan tashkilot sifatida ShHT kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining yaqinligi yoki mos kelishini ta'kidladilar. Tomonlar Tashkilot Xartiyasiga muvofiq, ShHT kelgusida ham dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda blokli, mafkuraviylashgan va ziddiyatli yondashuvlarni istisno qiladigan yo‘ldan borishga sodiq qolishini tasdiqlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘iston Respublikasining ShHTga raisligi doirasida hamda 2017-yil 8-9-iyun kunlari Ostona shahrida A'zo-davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha uning sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
7. Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi ishtirokchilar hisoblangan xalqaro shartnomalar asosida xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotik va qurollarning noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda boshqa xavfsizlikka xuruj va tahdidlar bilan kurashishda maslahatlashuvlar o‘tkazish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va jadallashtirish zaruriyatini qayd etdilar.
Ushbu maqsadlarda Markaziy Osiyo mintaqasida radikalizm ko‘rinishlari va ekstremizm tobora avj olishining oldini olish va ularga qarshi kurashishda O‘zbekiston va Qozog‘iston tegishli idoralarining birgalikdagi harakatlarini takomillashtirish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi.
8. Prezidentlar afg‘on xalqining milliy kelishuvga erishish, mamlakatni tinchlik yo‘li bilan tiklash va qayta barpo etishdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydilar hamda siyosiy-diplomatik usullardan keng foydalanish orqali afg‘on muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro sa'y-harakatlarda BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi rolini mustahkamlash tarafdoridirlar.
Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni tezroq barqarorlashtirish hamda ushbu mamlakatda tinchlikka erishish mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar.
9. Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv resurslari xalqlarning umumiy boyligi va mulki ekanligini hamda millionlab insonlar taqdiri, butun mintaqa barqarorligi va farovonligi ulardan oqilona va adolatli foydalanishga bog‘liq ekanligini qayd etdilar.
Tomonlar Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarida yangi gidrotexnik inshootlar barpo etishni boshqa manfaatdor davlatlar manfaatlariga ziyon yetkazmaydigan konstruktiv yondashuv va murosa asosida, shuningdek transchegaraviy ta'sirga ega bo‘lgan barcha loyihalarni xolis xalqaro ekspertizadan o‘tkazish va quyi oqimda joylashgan mamlakatlar bilan kelishishni nazarda tutuvchi BMT konvensiyalarida belgilangan xalqaro suv huquqining umume'tirof etilgan normalariga muvofiq amalga oshirish lozimligi to‘g‘risidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydilar.
10. Tomonlar ekologiya va suv xavfsizligini ta'minlashga, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga barham berish masalalariga ustuvor ahamiyat beradilar, maxsus qo‘shma dastur va loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga, ishchi guruhlar tashkil qilishga ko‘maklashadilar, atrof-muhit va suv resurslarini muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish uchun zarur choralar ko‘radilar hamda hududlar va aholining hayot faoliyatiga tahdid soladigan ekologik halokatlar va favqulodda vaziyatlarda o‘zaro yordam ko‘rsatadilar.
Tomonlar Orolni qutqarish Xalqaro Fondiga Orol halokati ta'siri ostida qolgan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirishga, shuningdek mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan ekologik va ilmiy-amaliy loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi harakatlari uchun universal platforma sifatida qaraydilar.
11. Tomonlar Islom hamkorlik tashkilotining (IHT), birinchi navbatda, fan-ta'lim, madaniy-gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda musulmon davlatlarining yanada faol birgalikdagi harakatlariga ko‘maklashadigan hamda bu orqali xalqaro hamkorlik va xavfsizlikni ilgari surishga hissa qo‘shadigan nufuzli forumi sifatidagi rolini mustahkamlash maqsadida, mazkur tashkilot doirasidagi sheriklikning muhimligini qayd etdilar.
Qozog‘iston Respublikasi 2016-yil 19-oktabr kuni Toshkent shahrida «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» mavzusi ostida 43-sessiyasi muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga O‘zbekiston Respublikasining raisligi doirasida uning sa'y-harakatlarini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston tomoni 2017-yil 10-11-sentabr kunlari Ostona shahrida Fan va texnologiyalar bo‘yicha IHT birinchi sammiti o‘tkazilishini olqishlaydi hamda ushbu tadbirda ishtirok etishga tayyorligini bildiradi.
12. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘zbek tomoni EKSPO-2017 Xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasida ishtirok etishga qiziqish bildirgani uchun minnatdorchilik izhor qildi.
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlari prinsiplari asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yuqori texnologiyali sohalar va ekologik toza ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ikki mamlakat ustuvor qarashlarining mos kelishini mamnuniyat bilan qayd etadilar.
13. Tomonlar parlamentlararo aloqalarning faollashuvini mamnuniyat bilan qayd etadilar. Bu sohada, xususan, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari palatalari o‘rtasida yanada faol va keng qamrovli amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda mavjud zahiralar aniqlashtirildi.
14. Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojining ijobiy tendensiyalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar va ikki tomonlama savdo hajmlarining doimiy o‘sishini ta'minlashga, ikki mamlakat bozorlarida talabgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni tovar aylanmasiga jalb qilish orqali ikki tomonlama savdo tuzilishini diversifikatsiya qilishga hamda iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning uzoq muddatli shakllarini rivojlantirishga o‘zaro intilishlarini bildirdilar.
Tomonlar tashrif davomida imzolangan 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik Strategiyasini izchil amalga oshirish iqtisodiyotning turli sohalarida hamjihatlikni mustahkamlashga va o‘zaro tovar aylanmasini 2020 yilgacha 5 mlrd. AQSh dollariga ko‘tarishga turtki bergan holda, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
15. Ikki davlat rahbarlari joriy yilning 22-23 fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Qo‘shma komissiyasining o‘n oltinchi majlisi yakunlarini ijobiy baholadilar hamda savdo-iqtisodiy sohada, eng avvalo, keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali aniq natijalarga erishish maqsadida uning rolini yanada kuchaytirish zaruriyatini ta'kidladilar.
Tomonlar transport va kommunikatsiya, qazib chiqarish va qayta ishlash sanoatlari, qurilish, qishloq xo‘jaligi, avtomobil, kimyo va yengil sanoat, sog‘liqni saqlash va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni jadallashtirish niyatidalar.
16. Tomonlar ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirishga ko‘maklashadigan Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganini qayd etdilar.
Tomonlar ikki mamlakat mintaqalari hamkorligining yangi shaklini amalga oshirish mexanizmini yaratish imkoniyatini o‘rganadilar.
17. Prezidentlar ikki davlatning ulkan tranzit-transport salohiyatini hisobga olgan holda, tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta'minlovchi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar.
Bu borada Tomonlar o‘z hududlaridan tashqi savdo yuklarini tranzit tashishda ikki mamlakat temir yo‘l ma'muriyatlari tomonidan o‘zaro preferensiyalar va qo‘shimcha chegirmalarning taqdim etilishi bu sohadagi hamkorlikni tubdan kengaytirishga hamda tranzit yuklarning salmoqli hajmlarini jalb qilishga imkon berishini ta'kidladilar.
Tomonlar «Beyneu-Akjigit-O‘zbekiston chegarasi» avtomobil yo‘li loyihasi, shuningdek mintaqa mamlakatlarining xalqaro dengiz kommunikatsiyalari va salohiyatli bozorlarga muqobil chiqishini ta'minlaydigan boshqa qo‘shma loyihalarning tez orada amalga oshishidan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
18. Tomonlar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, qardoshlik va hamkorlikni saqlash va mustahkamlashda o‘zlarining tarixiy mas'uliyatini anglagan holda, fan va ta'lim, madaniyat va san'at, turizm va sport sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.
Tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida istiqomat qilayotgan o‘zbek va qozoq diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoitlar yaratib beradilar.
19. Prezidentlar ishonch va o‘zaro anglashuv muhitida o‘tgan muzokaralar yakunlarini mamnuniyat bilan qayd etadilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladigan hamda ikki mamlakat qardosh xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga ko‘maklashadigan ikki tomonlama oliy darajadagi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga va barcha Qozog‘iston xalqiga o‘zbek delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentiga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasida tashrif bilan bo‘lishni taklif qildi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
Mavzuga oid
21:00 / 23.10.2024
Rossiyada BRICS sammiti deklaratsiyasi e’lon qilindi – muhim bandlar
19:11 / 15.09.2024
Britaniya bosh vaziri rafiqasiga berilgan sovg‘alar sabab tergov qilinishi mumkin
18:58 / 17.08.2024
Ostona aeroporti samolyotning favqulodda qo‘nishidan keyin yopildi
14:00 / 04.07.2024