Jahon | 20:48 / 29.03.2017
11195
2 daqiqa o‘qiladi

O‘rta yer dengizida 146 migrantdan birgina o‘smir omon qoldi

O‘rta yer dengizida 147 nafar migrant bo‘lgan rezina qayiq cho‘kib ketdi. Buning natijasida bir kishidan tashqari barcha yo‘lovchilar g‘oyib bo‘ldi. Yagona omon qolgan inson - 16 yoshli gambiyalik o‘smir bo‘lgan. Bu haqida Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM)ning chorshanba kuni bergan ma'lumotiga asoslanib, Daily Sabah nashri xabar berdi. 

O‘smir seshanba kuni Ispaniya fregati, Kanar orollarida dengizdagi chiqindi bo‘lagiga osilgan holda topilgan. U qirg‘oq mudofaasining kemasiga o‘tkazilgan va chorshanba kuni ertalab Sitsiliya orolidagi Lampeduza hududiga yetkazilgan. 

"U topilganida juda ham holdan toygan edi. O‘smir hozir dam olmoqda, shuning uchun bu haqida keyinroq batafsil ma'lumot beriladi", - dedi IOM matbuot kotibi Flavio Di Jakomo.

"Bolaning aytishicha, 147 migrant ikki kun avval Liviyaning Sabratidan rezina qayiqda yo‘lga chiqqan. Qayiqda 5 nafar bola va homilador ayollar ham bo‘lgan", - dedi Di Jakomo. 

So‘nggi ikki kunda Italiya qirg‘oq mudofaasi qutqaruvchilari dengizdan 1100 dan ziyod migrantni olib chiqishgan. Qirg‘oq mudofaasi oxirgi qayiq halokatiga izoh bermagan. 

IOM bahosiga ko‘ra, shu kunga qadar Shimoliy Afrikadan Italiyaga o‘tishga harakat qilgan 600 nafarga yaqin migrant halok bo‘lgan. O‘tgan yili halok bo‘lganlar soni esa 4600 kishini tashkil qilgan. Italiyaga kelayotgan migrantlar soni o‘tgan yilning shu paytdagi ko‘rsatkichiga nisbatan 50 foizga ko‘pdir.

Mavzuga oid