Light | 15:35 / 03.04.2017
32358
3 daqiqa o‘qiladi

Xolesterinni dori vositalarisiz pasaytirishning oddiy usullari

Xolesterin organizmga sog‘lom hujayralar, ba'zi gormonlar, hujayra membranalari va D vitaminini ishlab chiqarish va boshqa funksiyalar uchun zarurdir. Biroq bu jarayonlarning barchasi uchun cheklangan miqdordagi xolesterin kerak bo‘ladi. U me'yordan ko‘p bo‘lganda esa yurak-qon tomir kasalliklari xavfi oshadi. "Ortodoks" tibbiy portali dori vositalarisiz xolesterinni pasaytirishning oddiy usullari bilan bo‘lishdi.

Sog‘lom parhez

Eng avvalo, taomnomangizni qayta ko‘rib chiqing.

Qaysi mahsulotlarga YO‘Q deyish kerak? Yuqori miqdordagi trans-yog‘larga boy mahsulotlarga. Ular "yaxshi xolesterin"ning pasayishiga olib keladi va shu tariqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada oshiradi.

Qaysi mahsulotlarga HA deyish kerak? Kletchatkaga boy mahsulotlarga. U "yomon xolesterin"ni yo‘q qilib,  organizmga gubka kabi ta'sir qiladi. Bular - mevalar, sabzavotlar va kepakli mahsulotlar. Sog‘lom yog‘larni rad etmang. Siz ularni yong‘oqlar, bodom yog‘i, kunjut va zig‘ir urug‘larida topishingiz mumkin.

"Yomon xolesterin" miqdorini pasaytirishda Omega-3 yog‘ kislotalariga boy mahsulotlar ham katta foyda beradi. Ular yog‘li baliqlar (losos, tunets va sardin)da ko‘p bo‘ladi.

Faollik — salomatlik garovi

Hatto oddiy mashqlar ham, masalan, tez yurish xolesterin miqdorini boshqarishga yordam beradi. Jismonan faol kishilarda “yaxshi xolesterin” nofaol hayot tarzini olib boruvchilarga nisbatan taxminan 5 foizga ko‘p bo‘ladi. 

Zararli odatlaringizdan voz keching

Agar siz xolesterinni dori vositalarisiz pasaytirishni istasangiz, u holda spirtli ichimliklar iste'molini cheklang. Xolesterin miqdori anomal ravishda ko‘p bo‘lishiga yana bir sabab - chekish. Bu zararli odat “yaxshi xolesterin” darajasining pasayishiga olib keladi va diabet hamda qon bosimining oshishi kabi kasalliklar xavfini oshiradi. Mutaxassislarning aniqlik kiritishicha, inson chekishni tashlaganida uning "yaxshi xolesterini" ko‘payadi.

Bularning barchasi - sog‘liqni yaxshilashning eng oddiy usullari. Odatlar va turmush tarzini o‘zgartirish nafaqat xolesterin darajasini pasaytirishga, balki umumiy salomatlikni yaxshilashga ham yordam beradi.

Mavzuga oid