Jahon | 09:06 / 07.04.2017
35499
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgdagi portlash vaqtida yo‘lovchilarni qutqargan mashinist pul mukofotidan voz kechdi

Foto: RIA

Sankt-Peterburg metrosining portlovchi qurilma portlatilgan poyezdi mashinisti Aleksandr Kaverin unga berilmoqchi bo‘lgan pul mukofotidan voz kechdi. Kaverin bu haqda "Sankt-Peterburg" telekanaliga ma'lum qildi. 

Aynan Kaverinning portlash vaqtidagi harakatlari sabab yuzlab odamlarning hayoti saqlanib qolgan.   

Kaverinning aytishicha, bir tashabbuskor guruh unga minnatdorchilik ramzi sifatida pul yig‘moqda. Gap qanday miqdordagi pul haqida ketayotgani ma'lum qilinmagan.

"Menga hech narsa kerak emas. Men albatta bu guruhdan minnatdorman, biroq bu pullarni ularga haqiqatan muhtoj odamlarga berish kerak", deb aytdi qahramon.

Kaverin ushbu mablag‘larni portlash sababli oyog‘i amputatsiya qilingan ayolga berishni taklif qildi. "Ayni vaqtda ayol uchun dorilar va barcha zarur narsa muhayyo qilingan, unga yordam ko‘rsatilgan, biroq kelgusida unga protez kerak bo‘lishi mumkin", deb aytdi mashinist. 

5 aprelda Rossiya transport vaziri Maksim Sokolov Aleksandr Kaverinni portlashdan keyingi savodli harakatlari uchun "Rossiya transportining faxriy xodimi" belgisi bilan mukofotlagandi. Mashinist portlash vaqtida shikastlangan poyezdni tutunlangan tunnelda to‘xtatmay, uni keyingi bekatgacha olib borgani ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolgandi.  

Mavzuga oid