Toshkentda qizlarni Turkiyaga jo‘natmoqchi bo‘lgan ona-bola qo‘lga olindi
Yoshi ellikka qarab ketayotgan, buning ustiga besh nafar farzandning onasi bo‘lmish Dildora Salimova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) jinoiy yo‘l bilan moddiy boylik orttirish maqsadida odam savdosidek jirkanch ishga qo‘l urdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
U o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirishga qizi Nozima Salimovani ham jalb qildi. Uyushgan guruh a'zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan bo‘lib, belgilangan reja bo‘yicha ish olib borilar edi. Ona-bola guruhning faol a'zolari sifatida Turkiya davlatida yaxshi maoshli ish taklifi bilan U.Malikova va Z.Ruslonovalarni o‘z “to‘r”lariga ilintirishdi.
Ona-bola ham ikki jabrdiyda bilan go‘zallik salonida tanishishdi va sekin-asta qarmoqqa ilintirish harakatiga tushishdi. O‘zaro suhbatlarning birida Umriniso Malikova Turkiya davlatiga borish niyati borligini aytib qoldi. Bu ona-bola uchun ayni muddao edi.
- Mana biz yordam beramiz-da! – dedi o‘zini saxovatpesha ko‘rsatib Dildora. – Turkiyada tanishim bor. Bola boqishga va uy ishlarini bajarishga odam kerak, deyayotgandi. 500-600 “ko‘ki”da to‘lasharkan. Bolaga qarash qo‘lingizdan keladimi?
- Ha, keladi. Mehnatdan qochmayman, opa.
- Unda men gaplashib ko‘raman.
- Rahmat Dildora opa, bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman.
- Nimalar deyapsiz, singlim. Axir biz bir oiladek bo‘lib qoldik-ku, - deydi Dildora ayyorona iljayib.
D.Salimova bir vaqtning o‘zida boshqa bir qizni ham avrab, roziligini olib bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay qizlarning suratini internet orqali guruh rahbariga yuborib, undan aviachipta va boshqa xarajatlar uchun 7 million so‘mga yaqin pul olishdi. Bu mablag‘lar bilan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun o‘ljaga aylangan qizlarni Istanbulga jo‘natish harakatlarini amalga oshirishdi. Rejalari ko‘ngildagidek amalga oshishi uchun hatto U.Malikovani N.Salimovaga tegishli xonadonda zo‘rlik yo‘li bilan saqlab turishdan ham top tortishmadi.
Barcha hujjatlar tayyor bo‘lganidan so‘ng, o‘tgan yilning fevral oyida ona-bola qizlarni safarga kuzatish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga kelishdi. Aeroportda ularning “qissasi”ga yakun yasaldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan ona-bola odamfurushlarga sud o‘zining odil hukmini o‘qidi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan D.Salimova 8 yil, N.Salimova esa 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024