Jamiyat | 10:58 / 10.04.2017
25243
9 daqiqa o‘qiladi

Marsga parvoz - borsakelmas tomon chiptami?

Ilon Mask insoniyatni Marsga jo‘natmoqchi. Boz ustiga, bu ishni u ko‘ngilli sifatida amalga oshirmoqchi emas, shu sababli Qizil sayyoraga borish istagida bo‘lganlar o‘z pullarini, to‘g‘rirog‘i, yuz minglab dollarlarini tayyorlab qo‘yishlari zarur. SpaceX kompaniyasining so‘nggi muvaffaqiyatli loyihasi raketasozlik tarixida ilk marta ilgari foydalanilgan raketa eltuvchi pallasini uchirish va qo‘ndirish bo‘ldi, shu sababli "kosmik entuziastlar" — ular milliarderlar albatta — bunday yangiliklardan so‘ng faollashib, borsakelmas tomonlarga peshona teri bilan topgan pullarini yig‘ishga kirishib ketishganidan hayron bo‘lmaslik kerak. 

"Umid qilamanki, sizlar allaqachon Mars tomon chiptalar haqida bosh qotirayapsizlar", — degan yo hazil yo chin ohangida SpaceX kompaniyasi prezidenti Gvinn Shotvell Kolarado-Sprinsda har yili o‘tadigan 33-Kosmik simpoziumda, deb yozadi Inverse portali.

"Ko‘p marta foydalanish — bu chindan ham bag‘oyat qiziq imkoniyat, shu sababli bu texnologiyani barchalaringizga qo‘llashni tavsiya etaman", — degan Shotvell xonim.

Mask ilk bor Marsga chiptalar haqida 2016 yilning sentabrida, Meksikada o‘tgan 67-xalqaro astronavtika anjumanida so‘zlagan edi. SpaceX rahbari bunday sayohat bir insonga 200 ming AQSh dollariga tushishini ta'kidlagandi. Shu uchrashuv mobaynida u insoniyatni sayyoralararo turga aylantirish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan. Bu rejani amalga oshirish faqat ko‘p marta foydalaniladigan raketalar ishlatila boshlanganida mumkin bo‘ladi. Bu nafaqat ishga jalb qilingan loyihalar qiymatining pasayishiga, ularni tayyorlashga ketgan vaqtning qisqarishiga ham olib keladi, bularning bari ijobiy tomonga xizmat qiladi, jumladan, Mars sayyohlari uchun chiptalar narxining arzonlashishiga ham. 

Biroq ko‘p marta foydalaniladigan raketalar yasalganidan keyin ham bunday parvozlarning narxi 200 ming dollardan ancha ko‘p bo‘lishi turgan gap. Bunday fikrni Michigan universiteti aerokosmik texnologiyalar kafedrasi professori Ella Atkins ham tasdiqlamoqda. Boz ustiga, gap faqat Marsga parvoz haqida keltmayapti, xarajat u sayyoraga qo‘nish va uyga qaytishni ham qamrab olgan.

"Shunchaki, raketalar va gravitatsiya xususiyatlarining bazaviy tahlilidan kelib chiqilsa va parvoz qilgan insonlarning hayotini saqlab qolish uchun nimalarni olish zarurligi borasidagi oddiy hisob-kitoblar... bularning barisi 200 ming dollar? Juda balandparvoz emasmi?" — deya o‘z gaplarini sharhlagan Atkins.

"Biroq bu ishda, kompaniya Marsga parvoz bir necha million dollar turishini e'lon qilganida ham, siyosat va insonlar tomonidan kompaniyaning qo‘llab-quvvatlanish darajasi katta ahamiyatga ega".

E'lon qilingan 200 ming dollar mablag‘ — boringki, alal-oqibatda u bir necha barobar katta bo‘lib chiqqan taqdirida ham — insonlarga umid hissini taqdim etadi. Atkinsning fikricha, bu holda Marsga uchishni istovchi ayrim entuziastlar 20–30 yil ichida kerakli mablag‘ni yig‘a olishlariga ishonishadi. 

"O‘ylashimcha, SpaceX hozir o‘zi uchun eng kerakli narsani — Amerika xalqining ishonchini qozonish yo‘lidan bormoqda. Bundan tashqari, shu yo‘l bilan ular Kongressga biroz bosim o‘tkazib, SpaceX, Blue Origin va boshqa kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlanishiga erishmoqchi. Agar ular: "Ha, Marsga uchish hammabop emas, faqat milliarderlar uchun", — deyishsa, bu loyiha Kongress tomonidan ham, pullaridan voz kechishga tayyor milliarderlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmaydi".

Atkins xonim yana shuni qayd etadiki, Marsga sayohat davomida 200 ming dollardan ham qimmatroq narsa o‘rtaga tikilgan bo‘ladi — inson hayoti.

"Kosmik sayohat davomida nobud bo‘lishning ehtimoli juda yuqori. Bu ehtimollikning balandligi darajasi naqadar ekanligini insonlar o‘ylab ham ko‘rishmayapti", — deydi u.

Tan olish kerak, Mask o‘z tarafdorlarini "orzulari uchun jonini qurbon qilishga ham tayyor bo‘lish" haqida ogohlantirgan edi, ayniqsa, bunday missiya hech qachon amalga oshirilmagani inobatga olinsa. 

"Halok bo‘lish ehtimoli juda yuqori. Hoziroq va shu yerda javob berishingiz lozim bo‘lgan vaziyat shunday: siz chindan ham o‘limga tayyormisiz? Agar siz rozi bo‘lsangiz, o‘zingizni qo‘rqmasdan nomzodlar safiga yozdirishingiz mumkin. Bunday missiyaning ilk parvozida halok bo‘lish ehtimoli chindan ham juda yuqori", — degan Mask o‘tgan yilning sentabrida Meksikadagi chiqishida.

"Apollon-13" yoki "Kolumbiya"da yuz bergani singari kutilmagan nosozlik ehtimoli inobatga olinmagan taqdirda ham Marsga uchayotgan ilk sayyohlarning nafaqat salomatligi, balki hayotiga ham daxl qiluvchi ko‘plab omillar mavjud. Nafaqat sayyoragacha bo‘ladigan bir yillik parvoz davomida, balkim unga qo‘nayotganda va qo‘nib bo‘lgandan so‘ng, bu omillarga qandaydir chidash kerak bo‘ladi — uddalash so‘zi bu yerda aslo o‘rinli emas. Ilgariroq, NASA astronavtlari, egizaklar Mark va Skott Kelli ustidan o‘tkazilgan tibbiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, xalqaro kosmik stansiya bortida bir yil yashagan Skott organizmi ishida jiddiy o‘zgarishlar, jumladan, genetik darajada ro‘y bergan. 

Yaqinda o‘tkazilgan boshqa bir tadqiqot doirasida sensor sezgi, hissiyotlar va boshqa muhim funksiyalar uchun javob beruvchi bosh miyaning kulrang moddasi miqdori kosmosga chiqib qaytgan insonlarda parvozning davomiyligidan qat'i nazar, turli nisbatlarda kamayar ekan. Olimlar hozircha qanday ta'sir inson organizmidagi bunday o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini aniqlash ustida bosh qotirmoqdalar. Hozirgacha olimlar mikrogravitatsiya sharoitida (shuningdek, kosmik nurlanish ta'siri ostida) bo‘lish suyak va mushak massalarining kamayishi, ko‘z nurining yomonlashishiga olib kelishini ham aniqlab bo‘lishgan.

Hozircha SpaceX tomonidan Marsga sayohat — borsakelmas tomonlarga yo‘l bo‘lishi yoki kamida salomatlik uchun jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishini tushuntirish uchun kosmik sayyohlarni tayyorlash (o‘zi bunday tayyorgarlik o‘tkazilarmikan?) qay tarzda amalga oshirilishi noaniq bo‘lib turibdi. Biroq Mask avvalroq boshdan-bosh uning g‘oyasi aql bovar qilmaydigan g‘oya bo‘lganini ta'kidlab, "Yer orbitasida uzoq vaqt bo‘lish Mars yuzasida bo‘lishdan ham xatarliroq" ekanligini qo‘shimcha qilgan edi. 

"Astronavtlar buni qilishga nafaqat majbur. Ular shu ish bilan shug‘ullanishni o‘zlari istashadi, chunki ular — bu vaziyatdagi xavf-xatar to‘la o‘zini oqlaydi, deb biladigan tadqiqochilar hisoblanishadi", — deydi Atkins.

"Biroq gap birinchi navbatda uyiga sog‘-salomat qaytishni istaydigan, "ko‘cha"dan yig‘ib olingan odamlar haqida borar ekan, menimcha, bu masalaga realizm nuqtai nazaridan yondashish kerak bo‘ladi. Chunki, uyga qaytish uchun imkoniyat kam bo‘ladi. Juda kam bo‘ladi". 

Barchamiz bilamizki, kosmos — juda xavfli muhit. Qanchalik zo‘r yasalgan bo‘lmasin, hattoki oddiy bir temir bo‘lagini uchirish ham muammoli va o‘ta murakkab masala. Agar kimdir Marsgacha parvoz qilish uchun aql bovar qilmaydigan pul sarflamoqchi bo‘lsa, unga oq yo‘l. Shunchaki, bu vaziyatda shuni to‘g‘ri anglash kerakki, bu sayohat davomida o‘rtaga sizning pulingiz emas, joningiz tikilgan bo‘ladi. 

"U yerga uchishni juda-juda-juda xohlaydigan inson har doim ham topiladi. Biroq insonlar o‘zi uchun rostgo‘y bo‘lib, bu ish nima bilan tugashini ham anglab ko‘rmog‘i lozim", — deya o‘z so‘zlarini yakunlaydi Atkins.

Mavzuga oid