Sport | 17:26 / 12.04.2017
37999
8 daqiqa o‘qiladi

Koinotdan yerga yo‘l. «Barselona» erasining qulayotganiga besh sabab

«Barsa»ning Yevropa chempionlar ligasidagi navbatdagi yirik hisobdagi mag‘lubiyatidan keyin batamom tushunarli bo‘ldiki, Yevropada hukmronlik qilgan Kataloniya eposi nihoyasiga yetdi. Jamoa endi 2008-2011, 2015 yildagi «Barselona» bo‘la olmasligiga beshta sabab ko‘rsatib o‘tilgan. Bu haqda Tribuna.Uz yozmoqda.

Messi endi asosiy figura emas

«Barselona»ning Turinga tashrifidan oldingi so‘nggi uchrashuvida eng yaxshi futbolchi Lionel Messi bo‘lgandi. «Malaga»dan uchralgan mag‘lubiyatni hisobga olmaganda, eng yaxshi, albatta.

So‘nggi o‘yinlar ko‘rsatib qo‘ydiki, «Barselona» — ortiq Messi jamoasi emas. Aniqrog‘i endi u faqat Messidan iborat emas. Jamoaning «PSJ»ga qarshi mavsumdagi eng yorqin o‘yinida ham bosh rolni argentinalik futbolchi emas, Neymar bajarib bergani ko‘zga tashlandi.

Leo so‘nggi paytlarda ketma-ket muammolar girdobiga o‘ralashib qoldi: soliqlardan bo‘yin tovlash, terma jamoa o‘yinlaridan chetlatilishi, endi esa — yozgi transferlar vaqtidagi u tuzgan «qora ro‘yxat». Ko‘rinishidan Messinig o‘zi ham bu yerda nima to‘g‘riligiyu, nima noto‘g‘ri ekanini tushunmay qoldi. Ammo bitta haqiqat borki, buni inkor etib bo‘lmaydi: endi Leo bir o‘zi butun «Barsa»ni yelkasiga olib ko‘tarib yura olmaydi.

Qariyotgan yetakchilar va umidsiz avlod

Bu ikkinchi muammo: Messi o‘sha eski «Barsa»ni, markazda Xavi-Inesta hukmronligida to‘pni nazorat qiladigan jamoani sog‘ingani ko‘rinib turibdi. Birinchi sherik allaqachon jamoadan ketib bo‘lgan, ikkinchisi esa qarigani sezilib turibdi. Andres o‘zining aqlli o‘ynini yo‘qotmagan bo‘lishi mumkin, lekin kutilmagan qarorlar uchun tezkorlik, kuch jihatdan oldingi darajada emasligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda.

Ularning o‘rnida esa bosh yaratuvchi sifatida deyarli hech narsa yarata olmayotgan Ivan Rakitich, o‘ta nobarqaror Serxi Roberto bor. Orqa chiziqda esa jamoa libosini kiyib yurishi ham ko‘pchilikni hayron qoldirayotgan Matyo va har doim ham qutqarib qolishi imkonsiz bo‘lgan ter Shtegenga jamoaning kuni qolmoqda. 

Umtiti, Gomesh (hattoki), o‘sha Roberto yoki ter Shtegen — agar vaqt berilsa — «Barsa»ning  yulduzlariga aylanar, balki. Ammo bularning barchasi kelajak uchun umid xolos.

Siyqasi chiqqan taktik chizmalar

Luis Enrike mavsum so‘nggigacha «Barselona»da ishini yakunlab qo‘yadi. Luchoning o‘zi bu haqda martdayoq xabar bergandi. Ko‘rinib turibdiki murabbiy va jamoa bir-biridan charchagan. Kechagi o‘yinda ham Enrike Allegrining «Yuve»si qo‘llagan oddiy, tushunarli taktikasiga qarshi ham biror chora ko‘rishni uddasidan chiqa olgani yo‘q. «Barsa» bosh murabbiyi Kellini-Bonuchchidan iborat salkam gigant himoyachilarga qarshi har safar markazdan yorib kirishga harakat qilib ko‘raverdi. Jamoa butun Yevropa o‘qib, siyqasini chiqarib yuborgan taktik tiki-taka orqali bu ishni amalga oshirishga urinib ko‘rdi. Tasavvur qiling, bu himoyani u Lukaku yoki Ibrasifat taran futbolchilar bilan emas, Neymar va Inesta orqali amalga oshirmoqchi bo‘ldi.

Kechagi o‘yin haqidagi qisqa blokni davom ettiradigan bo‘lsak, Enrikening yana bir xatosi shunda ediki u Maskeranoni roppa-rosa 10 yil oldingi pozitsiyasi — tayanch zonasiga qaytarmoqchi bo‘ldi. Buning natijasida Matyo (butun boshli himoyaga shu birgina ism bilan ta'rif berish mumkin) to‘p surayotgan himoyada Oliy liga jamoalari qilmaydigan xatolarni ham qilishga ulgurdi. Tezkor Kuadradoning birgina o‘zi o‘ng qanotdan markazga kirib borishda butun boshli «Barsa» himoyasini bir necha marta yorib o‘tdi. Birinchi gol kiritilgan vaziyatda ham aynan Kuadrado jarima maydonchasida gektar bo‘sh zonaga ega Dibalaga to‘pni yetkazib berdi. Bu xatoni Enrike 46-daqiqaga kelib to‘g‘riladi, lekin kech bo‘lgandi — «Barselona» bu paytga kelib 0:2 hisobida yutqazib tugrandi.

Katta o‘yinlardagi kichik natijalar

«PSJ»ga qarshi o‘yinni bir chetga surib qo‘yamiz. Bunaqasi ilgari hech qachon bo‘lmagan va bundan keyin ham bo‘lmaydi.

«Barsa» teng kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda o‘zining maksimal kuchini ko‘rsatib g‘alaba qozonmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Bunaqasi chempionatning birinchi davrasidagi «klasiko»da ham, «Atletiko»ga qarshi o‘yinda ham ko‘rinib qoldi. Shuningdek, Parijdagi va mana endi Turindagi uchrashuvlar ham bunga misol. Ko‘rinib turgandiki, bugungi «Barselona»ni kimdir aniq to‘xtatadi. Yana bir bor takrorlash mumkin: «PSJ»ga qarshi 6:1 — bu mavsumdagi «Barselona» uchun istisno. Lekin hattoki o‘sha uchrashuvda ham Kavani yoki Di Mariya ikkinchi golni kiritganda, biz hozir butunlay boshqa qahramonlarni gaplashib o‘tirgan bo‘lishimiz aniq edi.

Chempionatning eng murakkab davriga Enrike jamoasi yanada og‘ir ahvolda yetib keldi. Jamoa bitta ko‘p o‘yin bilan ham asosiy raqibdan uch ochkoga ortda qolmoqda. «Klasiko» so‘nggi paytlardagi jamoa yetakchisi Neymarsiz o‘tadi va, «Yuve»ga qarshi javob uchrashuvi oldidan 0:3 hisobidagi farq. Ha — aynan hozirgi «Barselona» so‘nggi yillarda eng sochilib ketgan «Barselona» ko‘rinishida bo‘lib turibdi.

Yo‘qolib qolgan barqarorlik

Oddiy statistika: «Barsa» mehmonda o‘tkazgan so‘nggi olti o‘yinning to‘rttasida imkoniyatni boy bergan. Agar «PSJ» yoki «Yuve»dan uchralgan mag‘lubiyatlarga qandaydir bahona-sabab (lekin kataloniyaliklar bunaqa mag‘lubiyatlarni ham ko‘rmay qo‘yganiga ancha bo‘lgandi) topish mumkindir, ammo «Deportivo» va «Malaga»ga qarshi o‘yinlarni qanday tushunish mumkin? 

«Barsa» o‘ziga muammo yaratib, xuddi baron Myunghauzenga o‘xshab o‘zini sochidan o‘zi tortib botqoqdan chiqqan qahramonga o‘xshab ko‘rinmoqda. Parijliklar bilan bu jihat o‘xshadi. Ammo Italyancha futbolning eng yorqin namunasi bo‘lgan, o‘ta tartibli «Yuventus»ga qarshi ham mo‘'jiza kutishimiz mumkinmi? Ishonish juda qiyin. Juda.

Mavzuga oid