O‘zbekiston | 11:59 / 20.04.2017
9430
2 daqiqa o‘qiladi

Videoselektorda mahalliylashtirish loyihalari vaqtida bajarilmayotgani uchun qator rahbarlar tanqid qilindi

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan mahalliylashtirish va eksport masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida qator kompaniyalar rahbarlari mahalliylashtirish loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirmagani uchun qattiq tanqid qilindi. O‘zA xabariga ko‘ra, majlisda raqobatbardosh va import o‘rnini bosadigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari ko‘tarilgan

«O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni rahbari M.Do‘stmurodov, «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi rahbari F.Boqiyev, «O‘zagrotexsanoatxolding» xolding kompaniyasi raisi N.Otajonov, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi raisi O.Rustamov va «O‘zmontajmaxsusqurilish» aksiyadorlik kompaniyasi rahbari A.Shodiyev mahalliylashtirish va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishni ta'minlamayotgani uchun qattiq tanqid qilindi.

Iqtisodiyot vazirligiga mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni yanada rag‘batlantirish maqsadida Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishda yondashuvlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va 2018 yildan Dasturga mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarishni o‘zlashtirish taklif etilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ro‘yxati asosida yangi mahalliylashtirish loyihalarini kiritish haqida ogohlantiruvchi mexanizmni joriy etish topshirildi.

Mavzuga oid