AQSh sudlarining ajabtovur qarorlari
Qo‘shma Shtatlarda mijozlarning huquqlari qattiq himoyalanadi. Sudlar ularni shu darajada e'zozlashadiki, ayrim qarorlar orqali butun dunyoga kulgu bo‘lsalarda, mijozlarning manfaatlarini himoya qilaverishadi.
AQShda Stella Libek mukofoti joriy qilingan. Bu mukofot mutlaqo nohaq bo‘la turib, sudni o‘z fikriga ishontirgan va yutib chiqqan insonlarga beriladi. 81 yoshli Stella Libek kunlardan bir kuni «Makdonalds»ga kiradi va qaynoq qahva buyuradi. Xonimning qo‘llari qaltirab, stakanni to‘kib yuboradi. Bundan g‘azablangan kampirsho shartta bunday “be'mani” tashkilotni sudga beradi va rosa 2.9 million dollar tovon undirish bilan birgalikda tarixga o‘z ismini muhrlab ham qo‘yadi. Kamiga uning nomiga mukofot ham joriy qilinadi. Quyida Libekning izdoshlari bo‘lgan mukofot sohiblari bilan tanishtiramiz.
2000 yilda Oklahoma sitilik janob Merv Grajinskiy yangi «Vinnebago» sotib oladi («Vinnebago» avtobusni eslatuvchi 10 metrli g‘ildirak ustidagi xonadon-avtomobil). Shodlikdan ichiga sig‘magan Grajinskiy shartta mashinani minib sayohatga yo‘l oldi. Mashina-uy unga shunchalar yoqdiki yo‘l davomida 115 km/soat tezlikka chiqdi va rulni qo‘yib yuborib, kofe damlash uchun orqadagi xonaga kirdi. Kofe ichishga ulgurmasidan mashina yo‘ldan chiqib ketdi va daraxtga urilib, abjag‘i chiqdi. Alamdan ichiga sig‘mayotgan Grajinskiy avtomobil qo‘llanmasini o‘qib chiqdi va qilgan ishi noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatuvchi biror band yoki ogohlantirish topa olmaganidan keyin kompaniyani sudga berdi. Sud da'vogarga 1.75 million dollar tovon undirish va buning ustiga yangi «Vinnebago» avtomobili ham berish bo‘yicha qaror chiqarib berdi.
1997 yilning dekabrida Ember Karson ismli sohibjamol qiz o‘z yigiti bilan Lankaster shahridagi restoranlardan birida ajoyib kecha o‘tkazayotgandi. Nimadir bo‘ldi-yu jahlga mingan Ember yigiti ustiga stakandagi ichimlikni sepib yubordi. Yigit chap berib qoldi va ichimlik polga to‘kildi. Bundan battar asabiylashgan qiz shart turib chiqib ketmoqchi bo‘ldi va o‘zi sepgan ichimlik ustida sirpanib yiqilib tushib, ozroq lat yedi. Sud restoran jabr ko‘rgan mijozga 113.5 ming dollar tovon to‘lashi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqardi.
1998 yilning iyunida Los-Anjyelesda yashovchi 19 yoshli Karl Trumen «Xonda Akkord» mashinasi g‘ildiragini o‘g‘irlayotganida bundan bexabar mashina egasi avtomobilni yurgizdi va o‘g‘rining qo‘lini bosib ketdi. Sud mashina egasiga 74 ming dollar to‘lash va davolash harajatlarini ham qoplash majburiyatini yukladi.
Delaverlik Kara Uolton tungi klubga to‘lashi lozim bo‘lgan 3.5 dollardan qochib, deraza orqali juftakni rostlamoqchi bo‘lganida yiqilib tushdi va ikkita tishini sindirib oldi. Sud hukmiga ko‘ra tungi klub stomatolog harajatlari bilan birga 12 000 dollar to‘laydigan bo‘ldi.
Qo‘shnisining garajiga o‘g‘irlikka tushgan Terrens Dikson ehtiyotsizlik tufayli qamalib qoldi va egalari kelguncha bir necha kun garaj ichida itlar ovqatini yeb kun kechirdi. Uni politsiya olib ketganida shoshilmay sudga da'vo arizasi yozdi va qo‘shnilaridan 500 ming dollar undirib oldi!
2000 yilning yanvarida ostinlik Katlin Robertson mebel do‘konida aylanib yurganida yugurib yurgan bolakay urilib ketishi natijasida oyog‘idan lat yedi. Sud do‘kon mijozga 780 ming dollar tovon to‘lashi bo‘yicha qaror chiqardi. Faqat arzimagan bir jihatni ham hisobga olish lozim – urilib ketgan bolakay Katlinning o‘g‘li edi.
Mavzuga oid
15:52
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12
Uyqu to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi - tadqiqot
14:32
AQShda juftlik to‘yi uchun to‘plagan pullarni uysiz itning operatsiyasiga sarfladi
11:54