Jahon | 20:03 / 27.04.2017
19922
2 daqiqa o‘qiladi

Kremlda Isroilning Suriya hududiga bergan zarbasiga munosabat bildirildi

Foto: RIA

Suriya suverenitetini hurmat qilish va mintaqada taranglikning avj olishiga olib keladigan harakatlardan tiyilish kerak, deb aytdi jurnalistlarga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Isroilning Damashq aeroporti yaqiniga bergan zarbasiga izoh berib.

Avvalroq SANA axborot agentligi harbiy manbaga iqtibos keltirgan holda Isroil Damashq aeroportidan janubdagi harbiy obektlardan biriga bir nechta raketa zarbasi berganini ma'lum qilgandi. Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, hujumdan maqsad Livanning "Xizbulloh" tashkiloti omborini yo‘q qilish bo‘lgan. 

"Biz hanuzgacha barcha davlatlar shundoq ham notinch bo‘lgan mintaqada taranglikning oshishiga olib keladigan qandaydir harakatlardan tiyilishlari kerak deb hisoblaymiz, Suriya suverenitetining hurmat qilinishini va Suriya siyosiy tomondan yaxlit, yagona va suveren davlat bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz ", deb ta'kidlab o‘tdi Peskov. 

Peskov Tel-Aviv Rossiya rahbariyatini zarbalar haqida oldindan ogohlantirganini bilish maqsadida berilgan savolga "Moskva va Isroil o‘rtasida turli kanallar bo‘yicha axborot almashinuvi olib borilishini" aytdi.

"Bizning bosh shtablar muntazam muloqot jarayonidalar", deb qo‘shimcha qildi Peskov.

Rossiya tashqi ishlar vazirligida ham Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirildi. Vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova Moskva Damashqqa qarshi tajovuzkor harakatlarni qoralashini aytdi.

"Hizbulloh" vakillari Suriyada hukumat armiyasi tomonda jang qiladilar. Harakat jangchilari Palmira, Halabning ozod qilinishi operatsiyalarida faol ishtirok etganlar. Isroil, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Arab davlatlari ligasi bu tashkilotni terrorchilik tashkiloti deb hisoblab keladi.

Mavzuga oid