O‘zbekiston | 10:32 / 11.05.2017
32108
9 daqiqa o‘qiladi

Mantiqli pragmatizm: O‘zbekiston Prezidenti Xitoyga tashrif buyurmoqda

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni 3 kunlik davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga boradi. Davlat rahbari, shuningdek, 14-15 may kunlari bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi "Bir qutb bir yo‘l" forumida ishtirok etadi. 

Shu munosabat bilan ekspertlarga murojaat qilgan RIA Novosti agentligiga ko‘ra, o‘zbek yetakchisining Xitoydagi muzokaralarini ikki mamlakatning investitsiya va transport salohiyatidan to‘la foydalanish istagi bilan baholash mumkin. Tashrif Toshkentning Pekin bilan o‘zaro foydali munosabatlar darajasini saqlab qolishni ko‘zlaydi. 

Mirziyoyev 11-13 may kunlari amalga oshiradigan davlat tashrifi chog‘ida XXR raisi Si Jingpin, Davlat kengashi rahbari Li Ketsyan, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjan Detszyan va boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etiladi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Mirziyoyev tashrif dasturidan Xitoyning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda o‘zaro foydali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda. 

Davlat rahbari matbuot kotibi Asad Xo‘jayevning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, tashrif chog‘ida umumiy qiymati 20 mlrd dollarlik 100ga yaqin shartnomalar imzolanadi. 

Hujjatlardan harakatlarga

Aytish joizki, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkori bo‘lib qolmoqda. O‘zbek tomoni ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yili o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori 4,25 milliard dollarni tashkil etgan. Shu jumladan, O‘zbekiston eksporti 2 milliard dollarni, import hajmi 2,25 milliard dollardan iborat bo‘lgan. O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy sarmoyasining umumiy hajmi 8 mlrd dollarga yetgan. Bu respublikaga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning eng yirigidir. O‘zbekistonda 651ta Xitoy korxonalari faoliyat yuritmoqda, ularning 90tasi to‘liq Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan, Xitoyning 75ta kompaniyasi o‘z vakolatxonalariga ega. 

Foto:  Getty Images

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil avgustida Pekinga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida tomonlar 2014-2018 yillarga mo‘ljallangan strategik munosabatlarni rivojlantirish dasturini imzolashgan edi. O‘shanda, kelishuvlar hajmi 6 mlrd dollarni tashkil etgandi. 2016 yil iyunida Islom Karimov va XXR raisi Si Jingpin Toshkentdagi uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzolashdi. Respublikaning yangi rahbari Mirziyoyev ilk bora respublika yetakchisi uchun uzoq muddat hisoblanuvchi 5 kun mobaynida Xitoyda bo‘ladi. U imzolangan hujjatlarni amaliy natijalar bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda. 

Central Asia Investments Group investitsiya kompaniyasi tahlilchisi Ilxat Tushevning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyevning Xitoydagi muzokaralarini ikki tomonning sarmoyaviy hamda transport salohiyatini to‘la ishga solish istagi sifatida baholash mumkin. 

Foto: Lotte Chemical

"Xitoy, hozircha, asosan, neftgaz sohasi hamda O‘zbekistonning transport infratuzilmalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Shu bilan o‘z mahsulotlari va xizmatlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali Fors ko‘rfaziga yetkazish uchun transport "yo‘lagi" ochmoqda", — degan RIA Novosti eksperti. Tushevning fikricha, O‘zbekiston tomonining xom ashyo yetkazib berishi (tabiiy gaz, paxta, uran), o‘z navbatida, o‘zaro tovar ayirboshlashning asosiy qismi bo‘lib qolmoqda va yaqin istiqbolda bu vaziyat o‘zgarmasligi mumkin.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ikki mamlakat chegaralarida yangi logistika markazlari ochilishi imkoniyatlarini  qayd etmoqda. "Ichki temir yo‘llar tarmog‘inii tez sur'atlarda rivojlantirish bilan bizda Xitoy temir yo‘llariga ulanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tomonlar ikki mamlakat chegaralari yaqinida, hozircha, avtomobil kelgusida esa temir yo‘l logistika markazlarini tashkil etishni muhokama qilmoqda", — degan senator.

Umumiy yo‘nalishda

Moskvadagi Karnegi markazining "Rossiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasida" dasturi rahbari Aleksandr Garbuzovning fikricha, O‘zbekiston va XXR o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi Rossiya manfaatlariga zid kelmaydi. 

"O‘zbek-xitoy aloqalarining kuchayishi Rossiya manfaatlariga qandaydir darajada zid keladi deb o‘ylamayman. Aksincha, bu mamlakatlarning iqtisodiyoti qanchalik kuchli bo‘lsa, aholining radikallashuvi uchun sabablar yo‘qola boradi hamda bu mintaqa xavfsizlik nuqtainazaridan ancha tinchroq bo‘ladi", — degan Garbuzov RIA Novostiga taqdim etgan izohida. 

MDH institutining O‘rta Osiyo va Qozog‘iston bo‘limi rahbari Andrey Grozin ham O‘zbekistonda ijtimoiy noroziliklarning oldini olish usullaridan biri sifatida iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni qayd etgan. 

"Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, bu aholining ishlab chiqarish jarayoniga jalb etilishini kengaytirishdir. Bu yerda Pekin va Moskva raqobatchilar emas, aksincha, biz bir yo‘nalishda, aniqrog‘i, O‘zbekistondagi normal vaziyatni saqlab qolish maqsadida harakatlanmoqdamiz", — deb qo‘shimcha qilgan ekspert.

Yangi zaxiralar tomon

Mirziyoyevning davlat tashrifi 14-15 may kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan "Bir qutb bir yo‘l" forumi arafasida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Xitoy tashabbusi doirasida tashkil etilgan investitsiya imkoniyatlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. 

"Mazkur forumda ishtirok etishdan ko‘zlagan maqsadimiz nima? Bizning asosiy maqsadimiz — XXRning salohiyati va zaxiralari, imkoniyatlaridan savdoni rivojlantirishda foydalanish, O‘zbekistonning qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarini XXR va "Bir qutb bir yo‘l" yo‘nalishida joylashgan barcha davlatlarga yetkazib berishni kengaytirishdir", — degan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobov. 

Xususan, O‘zbekiston hukumati Osiyo infratuzilmalar investitsiya banki va Ipak yo‘li fondi kabi investitsiya imkoniyatlarida foydalanmoqchi. "Toshkent bu yerda imtiyozli kreditlarni jalb etish, O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy sohalarini moliyalashni rivojlantirish uchun yangi kredit liniyalarini ochish hamda O‘zbekistonni mintaqada amalga oshirilayotgan transport-kommunikatsiya loyihalariga faol jalb etish istagida", — deb hisoblaydi Tushev.

Grozinning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Ipak yo‘li Iqtisodiy kamari doirasida mintaqaning logistika va transport sohasidagi muhim mamlakati sifatida, shubhasiz, yetakchi o‘rinlardan birini egallashi kerak. 

"Hozircha, foiz nisbatida taqqoslaganda, O‘zbekiston Qozog‘istonning bu boradagi salohiyatidan sezilarli ortda qolmoqda. Men Xitoy sarmoyalarining milliy iqtisodiyotlarga jalb etilishi salohiyatini nazarda tutayapman. Qo‘shma korxonalar yetarli emas, yirik qo‘shma loyihalar juda kam. Avvallari Toshkent siyosiy nuqtainazardan yondashib, Pekin bilan hamkorligini imkon qadar tor doirada ushlab turishga harakat qilgan. Endilikda, yangi rahbar bu narsalarga ancha pragmatik ko‘z bilan qaramoqda", — deya ishonch bildirmoqda Grozin.

Mavzuga oid