O‘zbekiston | 16:05 / 19.05.2017
12036
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistondagi mehnat muhofazasi bilan qiziqdi

Joriy yilning 15-16 may kunlari Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha Byurosi mehnat inspeksiyasi va mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Valentin Mokanuning O‘zbekistonga tashrifi doirasida uch tomonlama hamkorlar bilan uchrashuv va seminar o‘tkazildi.

Jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya¬sida V.Mokanu va XMTning O‘zbekistondagi bosh texnik maslahatchisi Anton Xauzen ishtirokidagi uchrashuvda Federatsiya Kengashi Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi va tizimdagi mutaxassislar ishtirok etdi.

Unda asosiy e'tibor respublikada amal qilayotgan Bosh kelishuv asosida qabul qilingan «Mehnat sharoitlari va muhofazasini yaxshilash bo‘yicha harakatlar dasturi» doirasida amalga oshirilgan ishlarga qaratildi.

V.Mokanu uch tomonlama hamkorlik O‘zbekistonda yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini e'tirof etdi. Shuning¬dek, mehnatni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan me'yorlar, ularning korxonalarda tatbiq etilishi bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat bilan qiziqdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirda qabul qilingan «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni va unda kasaba uyushmalarining o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Bundan tashqari, ish beruvchilar va xodimlar vakillik organlarining ijtimoiy hamkorlikdagi samarali tizimi, xodimlarga yaratilgan xavfsiz mehnat sharoiti, boshlang‘ich tashkilotlardagi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar faoliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

16 may kuni o‘tkazilgan uch tomonlama hamkorlar ¬ishtirokidagi seminarda ¬V.Mokanu mehnatni muhofaza qilish boshqaruv tizimining fundamental prinsiplari, mehnat gigiyenasi va xavfsizligi asoslari, bu masalalarga XMTning strategik munosabati haqida ma'ruzalar qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha milliy umumlashma ma'lumot tayyorlash jarayoni muhokama qilindi. XMTga a'zo davlatlarda milliy umumlashma ma'lumotlar yangilanishi bo‘yicha ijobiy tajriba bilan o‘rtoqlashildi.

Seminarda soha mutaxassislarining o‘z tajribalariga oid ma'ruzalari qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tdi.

O‘tkazilgan tadbirlar yakunida V.Mokanu O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar boshqa davlatlarga namuna bo‘lishi mumkinligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid