Non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish modernizatsiyalanmoqda
Joriy yilda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimda qiymati 23,26 million AQSh dollariga teng 10 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Milliy matbuot markazida tashkil etilgan anjumanda axborot berildi.
"Ushbu investitsiya loyihalarni zamonaviy ilg‘or texnologiyalar asosida amalga oshirish maqsadida Rossiya, Ukraina, Turkiya va Tayvan davlatlari kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilib, jami 14,4 million dollarlik shartnomalar imzolandi, – deydi “O‘zdonmahsulot” AJ raisi o‘rinbosari Erkin Alimov. – Mazkur sarmoyalar un ishlab chiqaruvchi tegirmon, bug‘doy yormasi, omuxta-yem hamda polipropilen qop yetkazib beruvchi yangi sexlarni barpo etish, mavjudlarini modernizatsiya qilishga jalb qilinadi".
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi tizimidagi korxonalarda 58 ta un ishlab chiqaruvchi tegirmon, 114 ta non, 46 ta makaron, 45 ta omuxta-yem, 2 ta yorma sexi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2010-2017 yillarga ular faoliyatini yanada kuchaytirish, xususan, respublikamiz ichki iste'mol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, mahsulot turlarini kengaytirish, aholini sifatli non va non mahsulotlari, makaron va yorma mahsulotlari bilan ta'minlashga qaratilgan dasturga muvofiq, tizimdagi korxonalar tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Germaniyaning “Wachtel”, Rossiyaning “Viniks” kompaniyalariga tegishli dastgohlar tizim korxonalarida o‘rnatilishi natijasida non mahsulotlari sifati yaxshilandi, ishlab chiqarish hajmi oshdi, eng muhimi, olis qishloq hududlaridagi aholiga issiq non mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berish sharoitlari yaratildi.
So‘nggi yetti yilda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni qurib, ishga tushirish bo‘yicha “O‘zdonmahsulot” AK tomonidan 301 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilib, 171 ta yangi quvvatlar ishga tushirildi, 62 ta korxona Rossiya, Ukraina, Germaniya, Shvetsariya, Turkiya va Italiya davlatlarining zamonaviy ilg‘or texnologik uskunalari asosida modernizatsiya qilinib, texnik jihatdan qayta jihozlandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1768 ta yangi ish o‘rni yaratildi, elektr energiya sarfi 15-20 foizgacha kamaydi, ishlab chiqarish hajmi va turlari 10-15 martaga ko‘paydi. Mazkur zamonaviy texnologiyalar asosida non pishirish jarayoni jahon standartlariga monand avtomatik ravishda past bosimli gaz yoqilg‘isi hamda zanglamaydigan materialdan maxsus ishlangan non qoliplarida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Anjumanda aholi salomatligini yanada yaxshilash maqsadida “Unni boyitish Milliy dasturi”ga muvofiq, korxonalarda unni boyitish tizimi bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida ham so‘z yuritildi.
"Dasturni ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ayollar va bolalarda temir moddasi tanqisligi hamda anemiyaning oldini olishdan iborat bo‘lib, bugungi kunda tizim korxonalarida ishlab chiqarilayotgan birinchi navli un to‘liq hajmda mineral-vitamin aralashmalari bilan boyitilmoqda, – deydi Erkin Alimov. –Unga qo‘shilayotgan mineral va vitamin aralashmalarining tarkibi Tiamin-V1, Riboflavin –V2, Nikotin kislotasi–RR, Foliy kislota va mikroelementlardan tarkib topgan".
Mavzuga oid
22:30 / 19.09.2024
Foydalanilmayotgan yerlar, bo‘sh adirlarda mevali bog‘lar barpo etiladi
15:22 / 08.05.2024
Don korxonalari xususiylashtirilmoqda
15:32 / 24.04.2024
Rossiyada haydovchilar taqchilligi tufayli non narxi oshdi
15:55 / 11.01.2024