Light | 20:03 / 23.05.2017
14383
5 daqiqa o‘qiladi

Frenk Gerbertdan muvaffaqiyat siri

Frenk Gerbert - amerikalik fantast-yozuvchi, "Dyuna kundaligi" asari muallifi.

1957 yilda Frenk Gerbert deyarli bankrot bo‘lgan - unda faqat yangi kitob g‘oyasi bo‘lgan. Biroq bir necha yildan keyin u ulkan muvaffaqiyatga erishgan. "Layfxaker" shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Gerbert deyarli 6 yil davomida, to 1963 yilga qadar "Dyuna" qo‘lyozmasi ustida ishlagan. Dastlab uning asarini haddan tashqari uzun, o‘quvchilarga yoqmaydi deb hisoblab, hech kim nashr qilgisi kelmagan. U birin-ketin rad etilgan. Hatto noshir topilganda ham, kitob muvaffaqiyatsizlikka uchrashi kutilgandi: tanqidchilar unga salbiy baho berishar, reklama esa yo‘q edi.

Biroq izohlab bo‘lmas voqea yuz berdi. "Dyuna" odamlar tiliga tushdi. Kitob tanila boshladi.

"Ikki yil davomida kitob do‘konlari va o‘quvchilar kitobimni hech qayerdan topib bo‘lmayotganini aytib, menga shikoyat qilishardi", - deydi yozuvchi.

Gerbert "Dyuna" tarixini "muvaffaqiyatning sekin shakllanishi" deb atadi. Bunday muvaffaqiyat navbatdagi bestseller shuhratidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega. Bestsellerlarning aksariyati - illyuziya. Mashhur muallif mavqeiga ega bo‘lishni istagan har qanday ishbilarmon kitob yozish uchun kimnidir yollashi mumkin, keyin esa 10 ming nusxasini sotib olib, bestsellerlar ro‘yxatidan joy olishi hech gapmas. Biroq bunday pullar tez unutiladi. "Dyuna" esa 40 yildan buyon mutolaa qilinadi.

Mukofot haqida o‘ylamang

Nima uchun ko‘plab boshqa kitoblar e'tibordan chetda qolgan bir vaqtda "Dyuna" bunchalik mashhur bo‘lib ketdi? Baxtli tasodifmi? Ehtimol. Balki gap Gerbertning o‘z san'atiga yondashuvidadir.

"Men "Dyuna"ni yozganimda uning muvaffaqiyati yoki tanazzuli haqida o‘ylamaganman. Barcha syujyet liniyalarining o‘zaro muvofiqligi katta e'tiborni talab qilardi. Mening boshimda boshqa fikrlar uchun joy ham yo‘q edi". Frenk Gerbert.

Gerbert imkon qadar ko‘proq nusxa sotish ilinjida bo‘lmagan. U shunchaki insonlarni qiziqtira oladigan asar yozishni niyat qilgan.

"Yozuvchi o‘quvchi kitobning keyingi sahifasini o‘qishga shoshilishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishi kerak. Yozayotganda shu haqida o‘ylash kerak, - derdi u. - Pullar yoki shon-shuhrat haqida o‘ylamang. O‘quvchilarga yetkazmoqchi bo‘lgan hikoyangizga diqqatni qarating, qolgan narsalarga kuch sarflamang".

Bu maslahat faqatgina yozuvchilarga tegishli emas. Pullar haqida o‘ylamang. Muvaffaqiyat haqida o‘ylamang. O‘z ishingizni sifatli bajarishga diqqat qiling. Shunda qolgani o‘z-o‘zidan keladi.

Muvaffaqiyatga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiring

Gerbertdan muvaffaqiyat u uchun nima ekani haqida ko‘p so‘rashardi.

"Bu mening ishim edi va men ishlaganman, - deya javob bergan Gerbert. - Men yozuvchi bo‘lganman, shuning uchun yozganman. Muvaffaqiyat faqat yozishda davom etish uchun vaqtim ko‘proq bo‘lishi bilan ahamiyatli edi. Orqaga qarab, instinktiv jihatdan to‘g‘ri yo‘l tutganimni anglab yetaman. Faqat muvaffaqiyat uchun yozib bo‘lmaydi. Bu kitob yaratish jarayonidan chalg‘itadi".

"Kitob yozishga o‘tirdingmi, unda faqat yozayapsan, tamom". Frenk Gerbert

Bu juda muhim maslahat. Shu bois keyingi safar yangi mahsulot, kitob yoki startap uchun ajoyib g‘oya paydo bo‘lganida, o‘zingizdan o‘zingiz so‘rang: "Men muvaffaqiyat qozonish uchun ishlayapmanmi yoki muvaffaqiyat men uchunmi?"

Mavzuga oid