Jahon | 19:47 / 23.05.2017
15580
6 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti saylovlari: boshqaruv Ikromjon Ilmiyanovga ishonildi

Foto: Sputnik

Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod Sooronbay Jeenbekovning shtabida Almazbek Atambayevning sodiq do‘sti boshchilik qiladigan bo‘ldi, deb yozadi Qirg‘izistonning «24.kg» axborot agentligi.

Iyun oyida Qirg‘iziston parlamenti 2017 yili bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining yangi sanasini belgilaydi. Ko‘rinishidan, saylov 15 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.

So‘ngra mamlakat prezidentligiga nomzodlarni rasman ro‘yxatga olish jarayoni boshlanadi. Reytinglarga qaraydigan bo‘lsak, asosiy kurash ikki sobiq bosh vazir — Omurbek Babanov va Temir Sariyev o‘rtasida bo‘lib o‘tadigandek.

Ularga hokimiyatdagi partiya vakili, hukumat boshliqlari ichida eng kamgapi — Sooronbay Jeenbekov ham jiddiy raqobat qilsa kerak.

Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi kattalaridan biri — parlament spikeri Chinibay Tursunbekov ham prezidentlik poygasida ishtirok etish ehtimoli bor.

Atambayev o‘rniga nomzodlar: Rus tili o‘qituvchisidan tortib «un qiroli»gacha

Qirg‘izistonning darg‘asi

«24.kg» AA ma'lumotlariga ko‘ra, Sooronbay Jeenbekov allaqachon parlament partiyalari yetakchilari bilan muzokaralarni boshlab yuborgan.

Biroq, bu yerda qiziq bir detal bor: sotsial-demokratlar favoritining o‘zini saylovoldi shtabini shakllantirishdan chetlatishgan. Bo‘lajak kampaniyadagi barcha strategiyalar va taktikalar bo‘yicha jamiki qarorlarni mamlakat prezidentining maslahatchisi Ikromjon Ilmiyanov qabul qiladi.

Davlat rahbari maslahatchisi bungacha hozirgi hokimiyat uchun bir necha saylov kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkazib ulgurgan. 2010 yildan buyon u parlament saylovlarini nazorat qilib keladi. 2011 yilda esa Almazbek Atambayevning saylovoldi kampaniyasini zarbdor ko‘rinishda o‘tkazib berdi. 

Almazbek Atambayevning hukmronligi vaqtida uning sobiq haydovchisi eng kuchli ma'murlardan biriga aylandi. Kadrlarga oid ko‘plab qarorlar aynan Ikromjon Ilmiyanovning tavsiyalariga kura qabul qilingan.

Sapar Isakov — bosh vazir?

Sotsial-demokratlar shtabidagi yana bir muhim shaxs prezident devonining hozirgi rahbari — yosh va g‘ayratli Sapar Isakovdir. Davlat telekanallari so‘nggi vaqtlarda bejizga Sapar Isakovni parlament spikeri, hozirgi hukumat rahbari, hattoki Almazbek Atambayevdan ham ko‘proq namoyish etishmayapti.

Prezidentlikka nomzod Sooronbay Jeenbekov qonunga muvofiq o‘z lavozimini tark etgach, eng istiqbolli sotsial-demokratlardan biri hukumat boshqaruvini o‘z qo‘liga olishi ehtimoli katta.

Vazirlar mahkamasining ehtimolli bo‘lajak rahbari Sapar Isakov zimmasiga, xuddi Ikromjon Ilmiyanovning oldiga qo‘yilganidek, yagona, biroq o‘ta muhim vazifa — QSDP vakilini mamlakat prezidentligiga ko‘tarish yuklatilishi mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, Sapar Isakovning keyingi siyosiy karerasi to‘liqligicha prezidentlik saylovlari natijasiga bog‘liq. Muvaffaqiyat qozonilgan taqdirda u bosh vazir lavozimida qolaveradi. 

Jeenbekov omma e'tiboriga tushmoqda

QSDPdan prezidentlikka nomzod sifatida Sooronbay Jeenbekov faqat aprel oyiga kelib tanlandi. Bungacha Almazbek Atambayev va QSDP siyosiy kengashi asosiy nomzod sifatida Sapar Isakovni ko‘rib chiqishayotgandi. Alal-oqibatda aynan yoshligi salbiy motiv bo‘lib xizmat qilgan Sapar Isakovdan ko‘ra prezident bilan tengdosh bosh vazir Jeenbekov sotsial-demokratlarga ishonchli variant bo‘lib ko‘rindi.

Partiya siyosiy kengashida o‘z nomzodini aniqlab olishgach, bosh vazir mahalliy ommaviy axborot vositalariga intervyu bera boshladi. Bungacha bir yil mobaynida Sooronbay Jeenbekov siyosiy masalalar bilan shug‘ullanmasdan, umuman omma oldida ko‘rinish bermayotgan edi.

...29 aprel kuni O‘zgan rayonida dahshatli fojia ro‘y berdi. Ertalab soat 6:50 da Zargar qishlog‘i ustiga tuproq ko‘chdi va 24 inson halok bo‘ldi. Sodir bo‘lgan voqea haqida yarim soat ichida bosh vazir Sooronbay Jeenbekov xabardor etildi. Biroq shu kuni bosh vazir o‘z akasi Kantoro Toktomamatovning dafn marosimida ishtirok etayotgan edi.

Bosh vazirning akasining janozasiga butun hukumat tarkibi va parlament deputatlari ko‘chib borishgan edi. Ular uchun «Manas» aeroportida maxsus buyurtma qilingan ikkita samolyot zaxiraga olingan edi.

O‘zgandagi fojia joyiga bosh vazir akasini tuproqqa topshirib bo‘lganidan so‘ng yetib bordi. Bosh vazirning tug‘ilgan vataniga byudjyet pullarini sarflab yetib kelgan yuqori martabali amaldorlar va deputatlar esa ma'rakadan so‘ng poytaxtga qaytib ketishgan edi.

Bosh vazirning omma oldidagi ilk chiqishlari mana shu tarzda yuz bergan edi — akasining dafn marosimida qatnashish va Zargar qishlog‘ida tirik qolganlar bilan uchrashish...

Ikkinchi nomzod? E'tibordan soqit etib bo‘lmaydi

Sooronbay Jeenbekovning prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilishi QSDP siyosiy kengashi a'zolarining faqat yarmini ruhlantirdi. Mamlakatdagi oliy lavozim uchun nomzodlar masalasidagi bahs-tortishuvlar sotsial-demokratlarning butun oliy boshqaruv tarkibini urushtirib qo‘yishiga sal qoldi.

Jeenbekov foydasiga yangragan dalillarga ko‘ra, so‘nggi reytinglar faqatgina bosh vazir  bo‘lajak saylovlarda mashhur siyosatchilar Temir Sariyev va Omurbek Babanovga yetarli raqobat qila olishini ko‘rsatmoqda. 

Lekin siyosiy kengashda tilga olingan boshqa bir ma'lumotlarga ko‘ra, amaldagi bosh vazir mashhurlik borasida yana bir sotsial-demokrat, parlament spikeri Chinibay Tursunbekovga yutqazadi.

Partiyaning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan qurultoyida oddiy sotsial-demokratlar partiyadan ikkinchi nomzod masalasini kun tartibiga qo‘yishlari ham ehtimoldan xoli emas. 

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Mavzuga oid