Jamiyat | 16:01 / 24.05.2017
14284
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi “Eski Juva” bozorining ikki tamagir xodimi ushlandi

Foto: asia-travel.uz

Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamentining Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaro B.Toshevning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) arizasiga asosan tuman hududidagi “Eski-Juva” AJ dehqon bozorida tezkor tadbir o‘tkazildi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Bozorning ijara shartnomasi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Shomil Okbayev tushumni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Bolibek Elchinov bilan oldindan til biriktirib, bozor hududidagi 45-sonli do‘konda go‘sht maydalash bilan shug‘ullanib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkor B.Toshevga faoliyati noqonuniy ekanligini aytib, bu ishni davom ettirish uchun 200 AQSh dollari berishini talab qiladi. Tezkor tadbirda tamagirlar bozor qorovuli Sh.Bexdiyev orqali 200 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlandi.

Yuqorida qayd qilingan holat yuzasidan qonunbuzarlar Sh.Okbayev hamda B.Elchinovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va ular qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri keldi. 

Mavzuga oid