Jamiyat | 14:30 / 30.05.2017
12141
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda bozorqo‘mdan pul talab qilgan tovlamachi qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

Baxmallik Esonboy (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tumandagi dehqon bozoriga yo‘l oldi. Oldindan rejalashtirganidek, to‘ppa-to‘g‘ri bozor rahbari Sh.Xonkeldiyev xonasiga kirib bordi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Salom-alikdan so‘ng bozorqo‘mga yuzlandi:

-  Sharifboy, meni bilasan, yerning tagida ilon qimirlasa sezaman. Uncha-buncha odamning nozik tomonini topaman-da...

-  Tushunmadim, Esonboy aka. Bu gapingiz bilan nima demoqchisiz?

-  Bozor katta, sen undan uncha, bundan buncha, deganday, noqonuniy tirikchilik qilyapsan, buni sezib yuribman.

-  Haddingizdan oshmang, hech bir isbotsiz ustimdan mag‘zava ag‘darmang, - jahli chiqdi Sharif Xonkeldiyevning.

-  Hov bola, - yoshi kattaligini pesh qilib, osmondan kela boshladi Esonboy. – Aytganimni qilasan, aks holda shunday qilamanki, tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan!

-  Bilganingizni qiling, mening birovdan muttahamlik joyim yo‘q.

Esonboy rejasi amalga oshmagani uchun kayfiyati buzilib, noiloj uyiga qaytdi. Qo‘liga qog‘oz-qalam olib, Sh.Xonkeldiyevning ustidan to‘qib-bichib shikoyat arizani yozdi-da, tegishli idoraga jo‘natdi.

Oradan bir necha kun o‘tib, bundan voqif bo‘lgan Sharif Xonkeldiyev nega ariza yozganini so‘rash maqsadida Esonboyga uchrashdi. Shikoyatini qaytarib olishni so‘rab iltimos qildi. Esonboy esa 15 million so‘m bersagina, arizasini qaytarib olishini aytdi.

Sharif bu odamning qandayligini yaxshi bilar edi. U mansabdorlarni qo‘rqitib, ulardan tama evaziga pul olib, cho‘ntagini qappaytirish payidan bo‘lardi. Shu bois “Hech qanday aybim bo‘lmasa, qonun bor, adolat bor” deya u ham E.Kenjaboyev tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilayotganligi to‘g‘risida Baxmal tumani IIBga ariza bilan murojaat qildi.

E.Kenjaboyev qilmishi qonunga xilof ekanligini bila turib, tovlamachilik yo‘li bilan Sh.Xonkeldiyevdan 6 million 500 ming so‘m olayotgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Nafsiga erk qo‘yib, tuhmat evaziga daromad qilmoqchi bo‘lgan tovlamachiga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi.

Mavzuga oid