Jahon | 23:16 / 31.05.2017
7105
2 daqiqa o‘qiladi

Melburn aeroporti favqulodda holat tufayli vaqtinchalik yopildi

Foto: ladbible.com

Melburn xalqaro aeroporti vaqtinchalik o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bortida favqulodda holat yuz bergan layner shoshilinch aeroportga qaytdi. Daily Mirror shu haqida xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, Melburn-Kuala-Lumpur reysini amalga oshirayotgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Airbus A330 layneri parvozdan bir necha daqiqa o‘tgach, aeroportga qaytib qo‘ngan. Bunga uchuvchilar kabinasiga kirishga uringan yo‘lovchi sabab bo‘lgan. Nashrda ta'kidlanishicha, yo‘lovchi bomba haqida gapirgan, uning qo‘lida "elektron qurilma" bo‘lgan.

U boshqa yo‘lovchilar tomonidan to‘xtatib qolingan, samolyot aeroportga qo‘ngandan keyin esa qonunbuzar politsiyaga topshirilgan.

Aviakompaniyada samolyot bortida ro‘y bergan favqulodda holat tasdiqlangan. "Yo‘lovchi uchuvchilar kabinasiga kirishga urindi, bort Melburnga qaytdi. Qonunbuzar aeroportning xavfsizlik xodimlariga topshirildi", - deyiladi Malaysia Airlines'ning rasmiy bayonotida. Ro‘y bergan voqea yuzasidan tergov yo‘lga qo‘yilgan.

Avstraliyaning 9news telekanalida xabar berilishicha, Melburnga parvoz qilayotgan barcha samolyotlar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilmoqda. 

Mavzuga oid