Jamiyat | 20:31 / 08.06.2017
10423
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek ekspertlari Hindistonda Boburning merosini o‘rganishmoqda

Hindistonning Newsnation.in nashri 5 iyun kuni chop etilgan maqolasida joriy yilning aprelida Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistondagi hayoti, uning Buyuk mo‘g‘ullar sulolasi asoschisi sifatidagi merosi, shuningdek o‘sha davrdagi O‘zbekiston va Hindistonning tarixiy-madaniy aloqalariga oid ma'lumotlarni to‘plash maqsadida O‘zbekistondan bir guruh tadqiqotchilar tashrif buyurgani aytiladi. Tadqiqot butun dunyodan O‘zbekiston haqidagi tarixiy ma'lumotlarni to‘plash va rasmiylashtirishga yo‘naltirilgan "O‘zbekistonning madaniy merosi jahon badiiy kolleksiyalarida" loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Hindiston Madaniyat vazirligi qoshidagi Milliy muzeyi direktori B.Manining so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik ekspertlar Bobur va uning avlodlariga tegishli qimmatli ma'lumotlarni o‘zida jamlagan tarixiy hujjatlariga katta qiziqish bildirishmoqda. Ayniqsa O‘zbekistonda yozilgan va sovg‘a tariqasida mo‘g‘ul hukumdorlariga taqdim etilgan Muqaddas Qur'on qo‘lyozmasi hamda Boburning hayotiga bag‘ishlangan "Boburnoma"ning turkiy tildagi 15 nusxasi alohida ahamiyatga ega. Hindiston tomon ekspertlarning faoliyatida yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan. Loyiha koordinatori A.Zibkinning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi ish endigina boshlangan, olingan natijalarga qarab Hindistonda bir yoki ikki albom yaratish rejalashtirilmoqda. 

O‘zbekistonda Bobur davlat miqyosida buyuk tarixiy arbob sifatida e'zozlanib keladigan bir vaqtda Hindiston tadqiqiy doiralarida uning roli va bu mamlakat tarixiga qo‘shgan hissasiga oid bahslar davom etmoqda. O‘ng nigoh tarafdorlari Bobur va boshqa mo‘g‘ul hukmdorlarini Hindistonni tor-mor keltirgan "bosqinchilar" sifatida ko‘rishadi. "Bxaratiya janata" ultrao‘ng hind partiyasining madaniyat va san'at bo‘limi vakili Moxan Yadayning so‘zlariga ko‘ra, Ayodxedagi Ram ibodatxonasini aynan mo‘g‘ullar buzishgan. 

Bu partiya Hindistondagi mo‘g‘ullar sulolasi vakillari sharafiga nomlangan ko‘chalar nomini o‘zgartirish tashabbusini ilgari surmoqda. Ularning tashabbusi bilan 2015 yilda Dehlidagi Aurangzeb nomidagi markaziy ko‘cha Hindistonning sobiq prezidenti A.Kalam sharafiga qayta nomlandi. Shu bilan birga partiya rahbariyati Akbar nomli ko‘chaning mo‘g‘ullarga qarshilik qilgan hind hukmdori Maxaran Pratap nomiga o‘zgartirdi. 

Joriy yilda bu partiya Bobur ko‘chasi nomini Jammu va Kashmir shtatida jangarilar tomonidan o‘ldirilgan hind harbiy arbobi Ummer Fayoz sharafiga qayta nomlashni tavsiya qildi.

Bundan tashqari, mazkur partiya a'zolari tomonidan boshqariluvchi Rajaston shtati ma'muriyati mamlakat oliy ta'lim muassasalarida hind hukmdori Maxaran Pratapning mo‘g‘ul shohi Akbar bilan kechgan jangining talqinini uning foydasiga o‘zgartirishni taklif qildi, holbuki tarixiy dalillar buning aksini so‘zlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda katta bahslarga sabab bo‘lgan "Aurangzeb: Inson va Afsona" kitobi muallifi Odri Trushkening fikricha, hozirda mo‘g‘ullarga qilinayotgan hujumlar Hindistonning o‘tmishiga aloqador emas. Bu ko‘proq mamlakatning amaldagi siyosatiga bog‘liq. O.Trushke mo‘g‘ullarning "bosqinchi" va "buzg‘unchi" sifatida baholanishi mamlakatning tarixiy madaniyatini tushunishni cheklaydi va induizmning musulmonlarga qarshi yo‘naltirilgan manfaatlari uchun xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Hatto ko‘p hindularning o‘z-o‘zini identifikatsiya qilishi bugun mo‘g‘ullar merosi bilan belgilanadi. 

Mavzuga oid