O‘zbekiston | 18:13 / 13.06.2017
67283
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekenergo» rahbari 8 oyda ishdan olindi, uning o‘rnida yangi rais ish boshlamoqda

«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Fazliddin Salomov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

«Kun.uz» manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, uning o‘rniga shu vaqtgacha Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev tayinlangan.

Ulug‘bek Mustafoyev 2010 yildan 2016 yil kuzigacha O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan, shundan keyin uning o‘rniga Saidkamol Xo‘jayev tayinlangan, Mustafoyev esa Jizzax viloyatiga jo‘natilgandi.

Ulug‘bek Mustafoyev 1968 yilda tug‘ilgan, 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jalik institutini tamomlagan («Moliya va kredit» mutaxassisligi), shundan buyon bank sohasida faoliyat yuritgan.

«O‘zbekenergo» AJning endilikda sobiq rahbari Fazliddin Salomov 2016 yilning 23 sentabrida Iskandar Basidov  (2012-2016) o‘rniga tayinlangandi. U ushbu lavozimda 8 oydan oshiqroq vaqt ishladi.

14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekenergo» AJ faoliyatini qoniqarsiz baholagandi. Prezident tashkilotda 67 ming xodim, qo‘shtirnoq ichidagi «pul yig‘uvchilar» mavjud bo‘lsa-da, «ulkan debitor qarzdorlikning tagiga yetib bo‘lmasligi» haqida gapirgandi. 30 may kuni «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» shtati 10 mingdan ortiq xodimga qisqartirilishi ma'lum bo‘ldi.

Mavzuga oid