O‘zbekiston | 19:29 / 13.06.2017
11363
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston paxta sanoatida Markazlashgan axborot tizimining yaratilgani shveysariyaliklarni hayratga soldi

Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi shtab kvartirasi vakillari O‘zbekistonga tashrif doirasida “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasida bo‘lishdi va xolding kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bu haqda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi 2002 yil 20 sentabrda imzolangan “Texnikaviy va moliyaviy hamkorlik hamda gumanitar yordam to‘g‘risida”gi Hukumatlararo bitimga muvofiq O‘zbekistonda faoliyat olib bormoqda. Hozirda, Agentlik tomonidan suv resurslarini mukammal boshqarish, qishloq joylarida aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash va sanitariya sharoitlarini yaxshilash, suv xo‘jaligi mutaxassislarini kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda san'at va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan bir qator loyihalarga beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Shveytsariyaning O‘zbekistonda amalga oshirgan loyihalarining umumiy qiymati taxminan 12 000 000 AQSh dollarni tashkil qiladi. Agentlik vakillari 2016 yil oktabr oyida boshlangan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasiga tashrif buyurishdi. Agentlikning Yevroosiyo departamenti boshlig‘i janob Kladio Tonyola o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi 1961 yilda tashkil etilgan, shtab-kvartirasi mamlakat poytaxti Bern shahrida joylashgan. Bizning Agentlik nafaqat Sharqiy Yevropa, balki mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hududidagi mamlakatlar bilan ham har tomonlama aloqalarni mustahkamlaydi. Agentlikning Yevroosiyo departamenti Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan hamkorlik bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, agentligimiz mintaqadagi juda muhim mamlakat sanalmish O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Hozirda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha loyiha ish olib bormoqda.

Janob Kladio Tonyola “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi faoliyati va uning Monitoring markazi bilan ham tanishdi va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Loyiha doirasida Suv xo‘jaligi tashkilotlarini institutsional salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda, jumladan, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshida Axborot-resurs markazini yaratish rejalashtirilgan. “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan Monitoring markazlari suv iste'molchilari uyushmalarini rivojlantirish va fermer xo‘jaliklari darajasida suvdan oqilona foydalanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun foydali bo‘lishi mumkin. Shu bois, loyiha tomonidan tuman Monitoring markazlarini Axborot-resurs markazining muvofiqlashtirish nuqtalari sifatida hamda uzviy aloqa mexanizmi sifatida jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Paxta sanoati sohasida eng ilg‘or zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari qo‘llanilgan Markazlashgan axborot tizimining yaratilgani bizda katta taassurot uyg‘otdi. Ayniqsa, bu tizim butun respublikani, chekka-chekka xududlargacha qamrab olgani hayratlanarli. Qolaversa, e'tibor berdim, tizim sodda tilda tuzilgan. Ya'ni axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan odam ham buni tez o‘zlashtira oladi. Chekka tumanlardagi monitoring markazlarining samarali faoliyat olib borayotgani ham balki shundandir.

Qishloq xo‘jaligini boshqarishning bunday mukammal tizimini suv resurslaridan samarali foydalanish yo‘nalishida ham qo‘llash kerak, degan fikrdaman. Buning samarador andozasi allaqachon ishlab chiqilib, muvafaqqiyat bilan sinovdan o‘tkazildi.

Ma'lumki, suv – paxtachilik sohasida, umuman qishloq xo‘jaligida eng muhim omil. Agar suv resurslarini boshqarish va hisob-kitobini olib borishning aniq hamda shaffof tizimi yo‘lga qo‘yilsa, har tomonlama foydali bo‘ladi. Bu tizimni yaratish orqali O‘zbekiston o‘z iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish imkoniga ega bo‘ladi, degan fikrdamiz.

Qolaversa, O‘zbekiston o‘zining ochiq informatsion tizimi bilan qo‘shni respublikalarga ham bu borada namuna bo‘lishi mumkin. Suv resurslarining aniq hisob-kitobi va samarali taqsimoti mintaqada juda muhim ahamiyatga ega. Istiqbolda bu bo‘yicha alohida loyihalar takliflari biz tomondan ko‘rib chiqilishi mumkin”. 

Mavzuga oid