O‘zbekiston | 23:56 / 15.06.2017
68873
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 130dan ortiq millat va elat vakillari ahil yashab kelmoqda

O‘zbekiston - ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat. Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi videoselektor yig‘ilishida shu mavzuga to‘xtalib o‘tdi.

"Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an'analari muhim rol o‘ynamoqda. 

Ana shu haqiqatning tarixiy tasdig‘i sifatida bir misol keltirmoqchiman. Samarqand shahrida Sohibqiron Amir Temur davrida bunyod etilgan, Doniyor payg‘ambar nomi bilan ataladigan maqbara islom, xristian va yahudiylik dini vakillari tomonidan birdek e'zozlanadi. 

El-yurtimiz necha asrlardan buyon bu qutlug‘ qadamjoni asrab-avaylab, obod qilib, unga hurmat-ehtirom ko‘rsatib kelmoqda.

Shu birgina misolning o‘zi olijanoblik, ezgulik va tom ma'nodagi bag‘rikenglik fazilati xalqimiz tabiati, mentaliteti asosini tashkil etishidan dalolat beradi", - dedi davlat rahbari.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda, millati, tili va dinidan qat'i nazar, barcha fuqarolarimiz teng huquq va erkinliklarga ega ekani kafolatlab qo‘yilganiga e'tibor qaratildi. Shuningdek ularga o‘z milliy madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani ta'kidlandi. 

Biz bugun amalga oshirayotgan Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida ham millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilab berilgani alohida qayd etildi.

"Yurtimizda etnik o‘ziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 138 ta milliy madaniy markaz katta rol o‘ynamoqda. 

Ana shu markazlar faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida biz yaqinda muhim bir qaror qabul qildik. Unga binoan Respublika baynalmilal markazi negizida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi.

Endigi vazifa – mazkur qo‘mita oldiga qo‘yilgan dolzarb masalalarni samarali hal qilish, uning faoliyatini talab darajasida tashkil etishdan iborat", - dedi Sh.Mirziyoyev.

Mavzuga oid