Sport | 12:48 / 16.06.2017
31032
19 daqiqa o‘qiladi

Keyrush Babayanga saboq berdi

Kaltak yegan bolaga tasalli berishibdi:
- Yig‘lama bolakay, kaltak yaxshi narsa jannatdan chiqqan.
- Yaxshi narsa bo‘lsa jannatdan chiqmasdi – debdi bola zo‘rg‘a o‘zini yig‘idan to‘xtatib.

Xavotir bilan kutgan o‘yinda baribir biz qo‘rqqan narsa sodir bo‘ldi. Garchi raqib guruh bosqichida yutqazish tugul hali biror marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqmagan Eron bo‘lsa hamki, bu mag‘lubiyat juda alamli. Nazariy tomondan guruhda ikkinchi o‘rinni olish uchun hali imkoniyat bor. Pley-offda barchasini ijobiy tomonga o‘zgatirishimiz ham mumkin. Ammo bu mag‘lubiyat vaziyatni  biroz chigallashtirdi. Bu o‘yinda Erondan ochko olishimiz strategik tomondan ham juda muhim edi. Chunki, Eron ochko yo‘qotgan taqdirda mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirardi. Afsuski, endi forslar uchun qolgan ikki uchrashuv shunchaki rasmiyatchilik maqomida o‘tadi. 

Samvel Babayan Eronga Toshkentda yutqazganidayoq bosim ostida qolgandi. Keyingi o‘yinda Xitoy ustidan g‘alaba qozonib, Janubiy Koreyaga katta ishtiyoq bilan yo‘l olgandi. Biroq Babayan shogirdlari hisobda oldinda borayotib, yakunda mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘lishgandi. Keyin Malayziyada kutilmaganda Suriyaga imkoniyat boy berilgach, menejyerlikdan murabbiy bo‘lishni uddalagan mutaxassisga bo‘lgan ishonch juda kamayib ketdi. Yo‘qotilgan ochkolar va tinimsiz tanqidlar natijasida Babayandagi bosim yanada ortdi. Tehronga jo‘nash oldidan bunga yana ikki faktor ham qo‘shildi. 2012 yil noyabrda Mirjalol Qosimov qo‘l ostida terma jamoamiz Tehrondan g‘alaba bilan qaytgandi. Doim Abramov va Qosimovning faoliyati bilan solishtirishlardan charchagan murabbiy 5 yil oldingidek ijobiy natijaga erisha olmasa, uning terma jamoaga munosib emasligi haqidagi gap-so‘zlar ko‘paygandan-ko‘payardi. Babayaning zimmasida “agar uning o‘rnida Qosimov bo‘lganida hammasi boshqacha bo‘lardi” deguvchilarning ovozini o‘chirishdek murakkab vazifa ham turardi. Ikkinchidan, terma jamoaning yetakchi futbolchilari Vitaliy Denisov va ushbu saralash bosqichida eng ko‘p (2ta) golimizni urgan, hozirda yaxshi sport formasida bo‘lgan Marat Bikmayevning jarohati tufayli tarkib optimal ko‘rinish olmadi. Eng katta yo‘qotish mana shu ikki futbolchi edi. Shunday bir murakkab paytda Samvel Babayan Tehronda g‘alaba qozonib, tub burilish qilishga harakat qildi. Shu sababli ikki nafar markaziy hujumchini boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi. Tehronda guruh peshqadami Eron terma jamoasiga qarshi ochiq futbol taklif qildi. Guruhdagi vaziyatdan kelib chiqsak, aslida durang ham biz uchun yomon natija emasdi. (Suriya bilan Malayziyada o‘tgan o‘sha g‘alati o‘yinni eslang. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida futbolchilarimiz hujumga zo‘r berishgandi. Hujumda to‘p yo‘qotish sababli qarshi hujumni o‘tkazib yuborgandik. Oqibatda o‘sha penalti va cho‘ntagimizda turgan 1 ochkodan ham quruq qolgandik. O‘zi bu Babayan deganlarining shaxsiy lug‘atida DURANG so‘zi borligiga shubham bor).

Xullas,  yaqinda “Paxtakor”dagi uzoq yillik diktaturasiga chek qo‘yilgan sobiq “diktator” “Ozodiy”da barcha masalani uzil-kesil hal qilmoqchi bo‘ldi. Agarda g‘alaba qo‘lga kiritilganida hamma-hammasiga JAVOB bo‘lardi bu. Ammo bir vaqtlar Aleks Fergyusondek dahoning qo‘l ostida ishlab, uning sevimli yordamchisiga aylangan (portugaliyalik mutaxassis “Real”ga bosh murabbiy sifatida taklif etilganida ser Aleks uni qo‘yvorishni istamaganligini, faqatgina shogirdining kelajagini o‘ylagani uchungina bunga rozi bo‘lganiligini keyinchalik o‘z kundaliklarida ochiq-oydin tan olgan) Karlos Keyrush murabbiylikda anchagina tajribasiz bo‘lgan hamkasbiga masterklass o‘tib qo‘ydi.  

KeYRUShChA PRAGMATIKA
O‘yin oldidan ikkita muhim e'tiborga molik statistik ma'lumot bor edi. Murabbiylar shtabi tomonidan mana shu ikki faktor Eron terma jamoasiga qarshi o‘yinga tayyorgarlik jarayonida e'tiborga olinishi kerak edi. Birinchi statistika Keyrush JCh-2014ning hal qiluvchi saralash bosqichida faqat Qosimovning jamoasiga qarshi o‘yinda mag‘lubiyat uchragan. Ushbu saralash bosqichida esa hozircha yutqazmadi. Ikkinchi statistika, guruh bosqichida forslar o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab kelishyapti. Keyrush ham o‘yinni vatandoshi Joze Mourino singari himoyadan quradi. Bilasiz, Mourino qaysi jamoada faoliyat olib borgan bo‘lsa eng avvalo metin himoya qo‘rg‘onini barpo etishga harakat qiladi. “Chelsi”ga birinchi marta kelgan vaqtlarda jurnalistlarga intervyu berar ekan, “Menga hujum qilishdan ko‘ra himoyada shturm tashkil etish ko‘proq yoqadi. Bu xuddi mustahkam qal'ada turib jang qilishga o‘xshaydi” degan gapni aytgandi. “Portu” va “Inter” bilan Yevrokuboklarda g‘alaba qozonishida bu klublarda o‘zining qarashlariga mos jamoani shakllantira olgani asosiy omil bo‘lgandi. YeChLning 2004/2005 yilgi mavsumida nimchorak finalida Mourino qo‘l ostida “Chelsi” Kataloniyaning “Barselona”siga to‘qnash keladi. O‘sha paytlarda futbol olamida porlayotgan Ronaldino boshchiligidagi “Barsa”ning imkoniyatlari yuqoriroq baholayotgandi. “Nou Kamp”da o‘tgan dastlabki uchrashuvning dastlabki 15 daqiqasida kataloniyaliklar londonliklarni himoyaga qamab tashlagandi. Guyoki, saviya borasida juda katta tafovut bo‘lgan jamoalarning o‘yiniga o‘xshash manzara kuzatilgandi. Ammo birgina qarshi hujum bilan “Chelsi” hisobni ochgandi. To‘g‘ri, uchrashuvda Raykaard shogirdlari 2ta javob to‘pini kiritgan holda g‘alaba qozongandi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra baribir Mourino jamoasi raqibdan ustun kelgandi (Londonda 4:2 hisobi qayd etilgan). O‘shanda Mourino jahon futboliga o‘ziga xos pragmatik uslubi bilan kirib kelganligini butun dunyoga namoyish etgandi. 2009/2010 yilgi YeChL yarim finalida Mourino “Inter” bilan yana “Barselona”ga qarshi o‘zining natijaga asoslangan taktikasi orqali muvaffaqiyatga erishgandi. Dastlabki uchrashuvda italiyaliklar o‘z maydonlarida 3:1 hisobida ustun kelishgandi. Javob bahsida esa dahshatli “Barselona”ni to‘xtatish juda qiyindek edi. Ammo Mourinoning pragmatikasi qarshisida Gvardiolaning “Yengilmas Armadasi” chorasiz qolgandi.

Keyrushning Joze Mourinoga o‘xshash jihatlari bor. U ham ko‘proq vatandoshi kabi natijani birinchi planga qo‘yadi. To‘g‘ri taktika tanlash va taktik ayyorlikda ham Jozega o‘xshab ketadi. Yana provakatorlikda ham “O‘zgacha inson”dan qolishmaydi. 2013 yilda Choy Kan Xi bilan OAV orqali “jang” boshlab hammani chalg‘itishga erishgandi. Karlos Keyrushning murabbiylik qarashlariga baho berishda (“Manchester Yunayted”da yordamchi murabbiy, “Real”da qisqa va muvaffaqiyatsiz ishlagan, Portugaliya termasida 2008-2010 yillarda) aynan Eron termasidagi faoliyatining o‘zi yetarli. Keyrush kelgan (2011 yil) paytda Ali Dai va Ali Karimilar davri tugagan va Eron Osiyodagi yetakchilik maqomidan biroz tushgan edi. Bir vaqtlar o‘zining hujumkor o‘yini va futbolchilari bilan dovrug‘ qozongan Eron Keyrush qo‘l ostida natijaga asoslangan taktikada o‘ynashga asta-sekinlik bilan moslashtirildi. Yodingizda bo‘lsa, JCh-2014 guruh bosqichida Messi, Di Mariya, Aguero kabi superyulduzlari bor Argentina termasi ham forslar darvozasini ishg‘ol qila olishmagandi. Uning asosiy quroli Mourinonikidan unchalik farq qilmaydi. Mustahkam himoya va vaziyat bo‘lishi bilan tezkor qarshi hujumga o‘tish. Allegrining “Yuventus”i ham xuddi shunday uslub bilan Chempionlar Ligasi finaliga yetib borgandi. Xullas, Eronda jurnalistlar tomonidan ko‘p bora tanqid qilinadigan murabbiyning tejamkor, aqlli va natijaga asoslangan taktik uslubi o‘zini yuz foiz oqlamoqda. 

BABAYaN TAKTIK TOMONDAN YuTQAZDI
Yuqorida o‘tgan saralash bosqichida faqatgina Mirjalol Qosimov portugaliyalik mutaxassisdan ustun kelgan faktni ta'kidlab o‘tgandim. Keyrush diskvalifikatsiya sababli zaxirada o‘tirib o‘yinni kuzatishga majbur bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi Eron ustidan zafar quchib, Toshkentdagi mag‘lubiyat uchun munosib o‘ch olgandi. O‘sha uchrashuvda ham biz uchun g‘alaba juda kerak edi. Ammo Qosimov durang natija ham aslida qandaydir imkoniyatlarni saqlab qolishini o‘ylagan holda Keyrushga qarshi o‘zining uslubida pragmatik o‘yin taklif qilgandi. O‘yin davomida baribir qandaydir imkoniyat bo‘lishini xotirjamlik bilan kutildi va 72-daqiqada Ulug‘bek Baqoyev g‘alaba to‘pini eronliklar darvozasiga yo‘llagandi. Babayan esa o‘yinga boshqacha yondashdi. Aslida durang ham biz uchun qoniqarli hisob edi. Ayniqsa, Qatarning Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonganidan keyin 1 ochkoning qiymatidan ham ko‘ra Eronning Koreyaga qarshi yo‘llanma uchun maydonga tushishi muhim edi. Chunki, Eron hozir shunday saviyadaki, maksimal darajada imkoniyatlarini ishga solsa mehmonda ham Janubiy Koreyani yenga oladi. Biz esa ochko olish tugul to‘plar nisbatini ham yomonlashtirib yubordik 6:6. Samvel Babayan ko‘proq g‘alaba haqida o‘yladi. Shu bois raqibning imkoniyatlaridan kelib chiqib emas, o‘zimizning ichki imkoniyatlarga katta ahamiyat qaratdi. Shogirdlarini yaxshi ruhlantira olgani ilk daqiqalardanoq sezildi. Agar raqib Qatar, Xitoy yoki Suriya bo‘lganida bu yondashuv to‘g‘ri bo‘lardi, ammo aksariyat futbolchilari legionerlardan iborat bo‘lgan Eron terma jamoasiga qarshi bunday taktika tanlash katta tavakkal edi. 3-tur doirasida Toshkentdagi bahsning dastlabki daqiqalarida Eron o‘yinni faol boshlagandi. Bunga javoban biznikilar ham ortiqcha ehtiyotkorlikni chetga surib qo‘yib, ochiq futbol o‘ynay boshlashgandi. Natijada mehmonlarning qarshi hujumi Islom To‘xtaxo‘jayevning qoida buzishi bilan tugagan, standart vaziyatdan darvozamiz ishg‘ol qilingandi. Keyin esa Eron himoyaga mustahkam o‘rnashgan holda o‘yinni davom ettirib, g‘alabani saqlab qolgandi. Bu Keyrushning o‘ziga xos uslubi. Avval raqibga ochiq futbol taklif etgan holda qizishtirib oladi va keyin xatosini kutadi. Bu gal ham shunga yaqinroq ssenariy guvohi bo‘ldik. Boshida Eron hujum qildi, hujum qilishimizga imkon berdi. So‘ng biznikilarni orqaroqda kuta boshladi. Hujumga o‘tayotgan pallada to‘pni yo‘qotdik. Tezkor qarshi hujum natijasida Sardor O‘zmun yakkama-yakka holatga chiqarildi. Natijada Lobanovning oyoqlari orasidan o‘tib ketgan to‘p darvozamiz to‘ridan joy oldi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, O‘zmunga to‘p uzatilayotgan paytda markaziy himoyachilarimiz maydon markazida edi!!! Ko‘ryapsizmi, Babayan tanlagan taktika Keyrush uchun ayni muddao bo‘lganini? Aslida Eron mezbon edi, guruhda peshqadam edi. Muxlislar qarshisida hujumkor va chiroyli o‘yin qilishi ham mumkin edi. Lekin Keyrushdek tajribali murabbiylar muhim bahslarda bunday “risk” qilishmaydi. Yana o‘yinga qaytamiz. Bu safar vakillarimiz Suriya yoki Tailand bilan o‘yindagidan ancha farqli o‘yin ko‘rsatishdi. Yakkakurashlarda raqibdan ko‘pgina vaziyatlarda ustunlik qilishdi. Hatto mezbonlarni bir necha bor xato qilishga majbur etishdi. To‘p nazorati borasida ham ustunlikka ega bo‘lishdi. Agar Abduxoliqovning uzatmasini Shomurodov golga aylantirganida yakun umuman boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo Eldorning bir yomon odati bor to‘pni qabul qilayotganda ko‘pincha o‘zidan bir uzoqlashtirib keyin uni o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qiladi. O‘sha vaziyatda bir harakat bilan to‘pni egallab olganida gol kiritish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Afsuski, uning ana shu kamchiligi bizga pand berdi. Temurxo‘janing o‘zi ham yaxshi vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Jarima maydonchasiga yaxshi kirib bordi-yu, juda qulay vaziyatda, aniqrog‘i darvozaga shunchaki to‘pni yo‘naltirib qo‘yish mumkin bo‘lgan holatda turgan sheriklariga to‘pni uzatish o‘rniga o‘zi noaniq zarba yo‘lladi. Umuman olganda maydonda dispetcher yo‘qligi yaqqol sezildi. Ko‘plab hujumlarimiz noaniq uzatmalar tufayli yakuniga yetmasdan qoldi. Chap qanotda Denisovning yo‘qligi sezilib turdi. Andreyev kutilmaganda jarohat olgach, uni o‘rniga o‘tib harakat qilgan Shorahmedov hujumlarga o‘tishda faol bo‘ldi-yu faqat raqib jarima maydonchasiga uzatgan to‘plari juda noaniq bo‘ldi. Chapaqay emasligi pand berdi unga. Belgilangan penalti haqida to‘xtalishni istamayman.

O‘yinda hakamlar ishlab turar ekan, biz o‘zbeklarga g‘alaba qozonish har doim qiyin bo‘ladi! Faqat mezbonlar penaltidan foydalana olishmagach, ruhiy ustunlik biz tomonga o‘tishini kutgandim. Ammo raqibning ikki qavatli himoya devorini yorib o‘tish futbolchilarimizga nasib etmadi. Bosh murabbiyimizga mazkur o‘yin uchun tanlangan taktikadan boshqa yana bir e'tirozim bor. Yaxshi o‘ynab turgan, Abduxoliqovni zaxiraga olish xato bo‘ldi. Menimcha, Masharipovni Shomurodovning o‘rniga tushirish lozim edi. Chunki, o‘yin kartinasida Eldordan ko‘ra Temurxo‘janing o‘yini nisbatan yorqinroq ko‘rinayotgandi.

O‘yin oxirida termamiz ustozi o‘yinni qutqarish maqsadida oldinga katta kuchni tashladi va buning oqibatida qarshi hujumda Eron bizni yana bir bor jazoladi. Mana shu gol forslarni JCh-2018ga olib chiqdi, Babayanni esa mag‘lubiyatni tan olgancha, o‘yinning so‘nggi daqiqalarini o‘tirgan holda kuzatishga majbur qildi. O‘yindan oldin murabbiylarimiz tomonidan va'da qilingan Eronga tayyorlab qo‘yilgan “sovg‘a” aslida 2018 yil yozida Rossiyaga borish yo‘llanmasini beruvchi mundial ChIPTAsi ekan!

G‘ARBIY FRONTDAN YoRDAM
Shu tariqa, Babayanga qo‘shilib hammamiz o‘ychan holatda qolgandik. Baxtimizga 13iyundan 14 iyunga o‘tar kechasi Qatar terma jamoasi o‘z maydonida guruhdagi asosiy raqibimiz Janubiy Koreyani mag‘lubiyatga uchratib, ko‘nglimizda umid chirog‘ini yoqdi. Hasan Haydos o‘zbeklarning Mundialga chiqishini shu qadar istagan ekanki, koreyalik himoyachilarga umuman tinchlik bermadi. Agar milliy terma jamoamiz 2-o‘rin bilan Rossiyaga borish yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, shu yigitga O‘zbekistonning istalgan go‘shasida mazza qilib hordiq chiqarish imkonini berish kerak. Tag‘in bunga qo‘shib O‘zbekiston qahramoni degan unvonini ham bersa bo‘ladi. Axir o‘zimiznikilar ham uningchalik jon kuydirmagandi shu paytgacha.

Koreyaning mag‘lubiyatidan so‘ng guruhdagi vaziyat biz uchun deyarli o‘zgarmay qoldi. Printsipial raqibimiz bo‘lgan koreyslarda 13, bizda esa 12 ochko. Endi bizni minimum bitta g‘alaba ham Jahon chempionatiga olib chiqishi mumkin. Faqat buning uchun forslar o‘zlari uchun keraksiz uchrashuvda mezbon Janubiy Koreyani yutishi kerak. Biz esa Toshkentda aynan Koreya ustidan g‘alaba qozonib, tarixiy natijaga erishishimiz mumkin. Yana bir variantga ko‘ra 4 ochko bizni JChga olib chiqadi. Termamiz Xitoyda durang o‘ynaydi, Toshkentda esa g‘alaba qozonadi. Bunda Eron Koreyaga yutqazmasligi kerak. Boshqa bir variantda Eron-Koreya durang o‘ynaydi va biz Chin yurti termasidan ustun kelamiz, Toshkentda esa durang natija ham biz uchun yetarli bo‘ladi. Agarda maksimal 6 ochko olsak, ya'ni qolgan ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozonishni uddalasak yuz foiz mundialga yo‘l olamiz. Bunda Eron-Koreya uchrashuvi natijasi ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Xullas, endi hammasi o‘zimizga bog‘liq bo‘lib qoldi. Faqat keyingi uchrashuvlarga qadar termamiz o‘yinini kuchaytirish zarur. Chunki, mashhur Marchello Lippi murabbiylik qilayotgan Xitoy termasi ham ijobiy tomonga o‘zgaryapti. Koreyslar esa Ule Shtilikeni iste'foga chiqarishdi. Sentyabrgacha vaqt hali ko‘p. Yangi murabbiy bu vaqt ichida inqirozdagi terma jamoani o‘ziga keltirib olishi mumkin. Janubiy Koreyada yuqori saviyali futbolchilar yetarlicha topiladi. Gap ularning o‘yinini o‘zgartirishda. Toshkentda biz umuman boshqacha Koreyani ko‘rishimiz ham mumkin. 2 oydan ko‘proq vaqt mobaynida futbolimiz mutassaddilari milliy terma jamoamizning bo‘lajak uchrashuvlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun imkoniyatlarni maksimal darajada ishga solgan holda barcha sharoitlarni yaratib berishi kerak. 

Taqdirning hazilini qarang, 4 yil oldin Janubiy Koreya so‘nggi turda Eronga o‘z maydonida yutqazib bizni alamli tarzda qoldirib, forslarni Braziliyada o‘tgan JChga olib chiqqandi. Endi koreyslarning o‘zlari Eronning ko‘magiga muhtoj. Qiziq, senor Keyrush eski “qarz”ini esidan chiqarganmikan? Bizning esa Koreya termasida alamimiz bor. Bu safar Seulda endi Eronga muxlislik qilamiz. Ko‘ramiz, Haydosdek mard yigit forslarda topilarmikan?..

Rahim YuSUF ALI

Mavzuga oid