O‘zbekiston | 15:39 / 17.06.2017
35924
5 daqiqa o‘qiladi

Yuridik ta'limda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Foto: Toshkent davlat yuridik universiteti

2017 yil 2 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bundan avvalroq, ya'ni 2017 yil 28 aprel kuni «Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori imzolandi va u orqali milliy ta'lim tizimida bir qator inqilobiy o‘zgarishlar qilindi.

Xo‘sh, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yana qanday o‘zgarishlar kiritildi?

Xushnudbek.uz saytining yozishicha, ushbu qaror bilan ikkita narsa, Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish belgilandi.

1-o‘zgarish: Toshkent davlat yuridik universitetiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishda boshqa OTMlardan farqli o‘laroq, test sinovlaridan voz kechilib, shunchaki suhbat o‘tkaziladigan bo‘ldi. O‘zgarishga ko‘ra, endilikda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar nafaqat TDYuU, balki barcha OTMlar bakalavriatiga suhbat natijasida qabul qilinadigan bo‘ldi. MDHdan boshqa mamlakat fuqarolari uchun esa OTMlarda test sinovi saqlanib qolgan. TDYuUda barcha xorijliklar suhbat asosida qabul qilinadi.

2-o‘zgarish: Xorijiy fuqarolarni qabul qilishda abituriyentlar o‘z hujjatlarini internet orqali yuborishi yo‘lga qo‘yildi. Faqat abituriyentlardan suhbatga kelganda o‘zlari bilan hujjatlarning originallarini olib kelish va tasdiqlash talab etiladi xolos.

3-o‘zgarish: Bir semestrda nazariy bilimlarni egallashga ajratilgan 18 haftalik o‘quv jarayonlari 14 haftaga qisqartirildi. Ortib qolgan 4 haftalik muddat talabalarning mustaqil izlanishlari va nazorat ishlari uchun ajratiladi. Shuningdek, auditoriya darslari hajmining haftalik maksimumi 36 soatdan 30 soatga qisqartirildi. Bu TDYuUda haftasiga 5 kun o‘qish bo‘ladi degani.

4-o‘zgarish: TDYuU davlat ta'lim standartlarida belgilangan o‘quv bloklariga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega bo‘ldi.

5-o‘zgarish: TDYuUda O‘zbekistondagi OTMlar orasida birinchi bo‘lib, o‘qitishning kredit tizimiga o‘tiladi. Kredit tizimi talabalar o‘quv yuklamalari hajmini aniqlashning shartli belgisi bo‘lib, xorijiy ta'lim muassasalarida eng keng tarqalgan tizim hisoblanadi.

6-o‘zgarish: Toshkent davlat yuridik universitetiga pedagog xodimlar adliya organlari va muassasalari uchun belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi.

7-o‘zgarish: TDYuUga bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar ham o‘qituvchi sifatida ishga olinishi mumkin.

8-o‘zgarish: TDYuUda o‘qituvchilarning yillik shaxsiy ish rejasi faqat o‘quv tusdagi tadbirlarni o‘z ichiga oladigan bo‘ldi. Shuningdek, o‘qituvchilardan 1540 soatlik “nagruzka” ham olib tashlandi.

9-o‘zgarish: TDYuUda tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab o‘qishning bir o‘quv yiligacha bo‘lgan muddatni xorijiy OTMning yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qish huquqiga ega. Talabaning xorijiy OTMda o‘qigan davri va o‘zlashtirgan fanlari ma'lumotnoma asosida universitet Kengashi tomonidan universitet o‘quv rejasi va dasturlarining tegishli qismlarini o‘zlashtirganligi sifatida qabul qilinishi va talabaga o‘qishini tegishli o‘quv semestridan davom ettirish huquqi berilishi mumkin.

10-o‘zgarish: TDYuU talabalari endilikda akademik o‘zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun talabalar safidan chiqarilmaydi. Akademik qarzdor talabalar o‘zlashtira olmagan fanlarni takroran o‘qitish uchun tegishli kursda qoldiriladi.

11-o‘zgarish: TDYuU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti negizida Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi tashkil etildi.

12-o‘zgarish: Endilikda TDYuU  bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidan mustaqil ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Mavzuga oid