Xoking: Insoniyat Yerdan boshqa sayyoralarga ko‘chib o‘tishni boshlashi kerak
Insoniyat Yerda haddan ziyod aholi ko‘payishi va iqlim o‘zgarishi sababli yo‘q bo‘lib ketishga uchramaslik uchun uni yaqin 30 yil ichida tark etishni boshlashi kerak. Bunday fikrni taniqli britaniyalik olim Stiven Xoking bildirdi, deb yozmoqda The Telegraph nashri. Xoking bu fikrni Norvegiyaning Tronxeym shahridagi Starmus ilmiy festivalidagi nutqida aytib o‘tdi.
Astrofizikning fikricha, Mars va Oyda mustamlakalar yaratish va u yerga yangi olamni yaratishni boshlash uchun o‘simliklar, hayvonlar, qo‘ziqorinlar va hasharotlar namunalarini yuborish juda muhimdir. Olimning ta'kidlashicha, insoniyatning asteroid bilan to‘qnashuvdan, harorat ko‘tarilishi va aholining haddan ziyod ko‘payishidan yo‘q bo‘lib ketishi faqatgina vaqt masalasidir.
"Odamlar Yerni tark etishi kerakligiga ishonchim komil. Bu sayyora biz uchun juda kichiklashib ketmoqda, tabiiy zaxiralarimiz falokatli sur'atlar bilan kamayib ketmoqda", deb aytdi Xoking.
Olim avval insoniyat bunday inqirozlarga duch kelganda, har doim mustamlakalashtirish mumkin bo‘lgan joy bo‘lganini eslatib o‘tdi.
"Kolumb buni 1492 yilda yangi olamni ochib amalga oshirgan. Biroq endi yangi olam yo‘q. Bizga Yer torlik qilmoqda va biz keta oladigan yagona joy – boshqa sayyoralardir", deb qo‘shimcha qildi olim.
Xoking o‘z nutqida Yerni oxir-oqibat asteroid bilan vayronkor to‘qnashuv kutayotganini aytdi. "Bu ilmiy fantastika emas. Bu fizika va ehtimollik qonunlari bilan kafolatlangan", deb aytdi olim.
U, shuningdek, koinotga kirib borish nafaqat insoniyatning kelajagini jiddiy tarzda o‘zgartirishini, balki bu kelajak umuman bor-yo‘qligini belgilovchi omil bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Mavzuga oid
00:49 / 12.09.2024
Xitoy 2028 yilga borib Marsga tarixiy missiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda
18:16 / 08.09.2024
Mask to‘rt yildan keyin odamlar Marsga uchishini e’lon qildi
14:08 / 24.08.2024
Xitoylik tadqiqotchilar Oyda suv olishning samarali usulini topdi
00:09 / 22.08.2024