Jamiyat | 15:00 / 23.06.2017
38723
28 daqiqa o‘qiladi

«Yashil chiroq»ni kutayotgan «Mahobhorat» (yoki noo‘zbeklar ishi)

Buyuk italyan adibi Jovanni Bokkachchoning “Dekameron” asari
o‘zbek tilida nashr etilib, shov-shuv bo‘lgan kunlarda bir kishi
kitob do‘koniga kirib so‘rabdi:
— Sizlarda Dika Mironning “Poka-chego” degan kitobi bormi?

“Yashil chiroq”ni kutayotgan “Mahobhorat” (yoki noo‘zbeklar ishi)

Boshdanoq aytay, kinoshunosmasman. Aksincha, har qanday “shunos”lardan nariroqda o‘tayotgan, oddiy bir “kinoxo‘r”man. Demoqchimanki, quyida yozajaklarimdan ilmiy iboralaru yangi bir ma'lumotni topolmasangiz, hayron bo‘lmang. Yana aytaman, taassurotimni bayon etgum. Zotan, kishining o‘zi tish yormaguncha, kechinmasini bilish gumon. Ma'lumotni esa, masalan, internetdan ham bearmon bilib olaverish mumkin.

“Oltin davr”im, asosan, kitob ustidayu TV tagida o‘tdi desam, lof bo‘lmas. Buning uchun, qaysidir ma'noda, kulliyotga yot bo‘lgan domlalardan minnatdorman. Bir rassomdan, “siz uchun eng ulug‘ ustozingiz kim?”, deb so‘rashsa, maktabda, darslarini uxlab “o‘tgan” va shu tariqa o‘zi ham ishonmaydigan safsatalarga o‘zgalarni-da ishontirishga chiranmaydigan mafkura o‘qituvchisini eslagan ekan...

“Hammasi ko‘ngildagidek”

...“Taqa-taq-taqa-taq-taqa-taq... Po‘-o‘-o‘-o‘-o‘-o‘-o‘p!” —  poyezd Rimga yelmoqda. Kupelarning birida: mo‘ylabigacha qum oqargan, katta gardishli ko‘zoynak taqqan, ammo nigohlari nedir saodatdan porlagan bir qariya o‘tiribdi. Oynadan “lip-lip” o‘tayotgan manzaralarni zavq-la tomoshalaydi, hamrohlariga bitta-bitta qaraydi, tomoq qirib-yutinadi... Ichiga sig‘mayotgan shodligini kimgadir to‘kib-solgisi bor. Shu payt konduktor keladiyu chiptalarni so‘raydi. Qariyaning chiptasini teshayotganda, chiroq birrovga o‘chib-yonadi. Ko‘rishsaki, chiptaga qo‘shilib, chol qorong‘ida farqlay olmay uzatgan, kaftdekkina bir surat ham teshilgan. U bundan qattiq og‘rinadi. Titroq qo‘llarida, bag‘ridan juft o‘yiq ochilgan rasmga yig‘lagudek termularkan, qarshisida ketayotgan, o‘zi tengilar ayol muloyim bir sasda so‘z qotadi:
— Ko‘rsam, maylimi?
— Albatta, marhamat! — xiyol jonlanadi qariya.
— Teatr tomoshasidanmi, deyman? — qiziqsinadi ayol, suratdagi turfa niqoblarda tushmish, bir guruh kishilarga ishoratan.
— Yo‘-o‘q, xonim, bu — mening oilam!, — javob beradi qariya, oshkora faxrlanib.
— Ha-a...
— Xonim, marhamat qilib, qayoqqa ketayotganimni so‘rang mendan?, — deydi qariya, astoydil gurung berishga shaylanib.
— Nima? G‘alati-ku juda?
— Yo‘q, siz so‘rang bir?
— Axir...
— So‘rayqolsangiz-chi endi, xoni-im?
— Xo‘p, yaxshi... Qayoqqa ketyapsiz?
— Bolalarimning oldiga! — tantanali tovushdagi javobni eshitadi ahli kupe. Kamiga suratni hammaga tutqaza-tutqaza, o‘g‘il-qizlarini ta'riflay ketadi. Inchunun, o‘g‘illarining birovi senatorligini, har saylovda eng ko‘p ovoz olishini, yana birovi esa drijyorligini, birgina ishorasiga butun boshli orkestr ilhaq turishini, kenjatoyi ham poytaxtda mashhuri jahon hojatbaror odamligini, qizlarining har ikkoviyam bir-biridan husndor, mehribon, aqlliyu ishbilarmonligini, nabiralari-chi... e, barini juda-juda sog‘inganini to‘lib-toshib aytadi.

Rimga, undan Neapolga, undan Turinga... borib ko‘radiki: “senator”i saylovoldi kayfiyatda, “drijyor”i repitetsiyada, “hojatbaror”i xorijda, “ishbilarmon” qizlariyam o‘z o‘zlari bilan andarmon. “Xorijda”gi kenja o‘g‘lidan tashqari barchasinikiga qo‘noq bo‘ladi. To‘kin dasturxon, quvnoq qiyofalar, hazil-huzul... Qisqasi, bir qarashda, ayniqsa kunduzlari — hammasi ko‘ngildagidek. Ammo, kechalari...: “senator”i — senatorlarga yugurdakligi, “drijyor”i — oddiy dovulqoqarligi, katta qizining — eriga mutlaqo ko‘ngli yo‘qligi, kichigi esa — ochiq-sochiq kiyimlar reklamasida manikenligi, hanuz turmushga chiqmagani, lekin farzandi borligi... ayon bo‘p qoladi. Kenja o‘g‘li — Alvaro haqida, avvaliga birortasi tayin gap aytmaydi. Axiyri aytishadiki, so‘nggi marta olti oycha burun ko‘rishgan: judayam tushkun edi, yolg‘izligidan yozg‘irgandi, keyin... yakka o‘zi qayiqqa o‘tirib, okean ichiga suzib ketganini eshitdik, shu-shu, topilmadi...

“Taqa-taq-taqa-taq-taqa-taq... Po‘-o‘-o‘-o‘-o‘-o‘-o‘p!” — poyezd Rimdan kelmoqda. Kupelarning birida boz o‘sha qariyani ko‘ramiz: mo‘ylabigacha qum oqargan, katta gardishli ko‘zoynak taqqan, ammo nigohlari nedir iztirobga to‘la. “Lip-lip” o‘tayotgan manzaralarga ma'yus termulib boradi. Tegrasiga beparvo. “Shirq” etib nimadir tushadi oyoqlar ostiga. Qariya payqamaydi ham. Ro‘parasida o‘tirmish yo‘lovchi engashib oladi, qara-ab qoladi — kaftdekkina surat.
— Kechirasiz, bu... oilangizmi?
— Yo‘q, bu — teatr tomoshasidan, — quruqqina javob beradi qariya...

...Italyan rejissyori Juzippe Tornatorening bu filmini ilk da'fa “Madaniyat va ma'rifat” telekanalida ko‘rayotib, obidiydamni tiyolmay sho‘rqillarkanman, na “harom qotgan” dars, na “xarom qotiradigan” domlalar... kelardi kallamga. Tilimizga totli o‘girilgan jumlalarini talay zamon takrorlab yurgandim beixtiyor. Shu rejissyor shaxsi va faoliyati yuzasidan “Taqdimot” tayyorlab, bir nazorat ishimni yuqori bahoda yopgandim ham. Uni tayyorlashda beminnat ko‘magini ayamagan sobiq saboqdosh-xonadoshim, nominiyam boplab topgandi ishning — “Musallas uzumdan tayyorlanadi” (kinodagi Qariyaning bot-bot aytib turadigan hayot haqidagi xulosasi).

Shu bo‘ldiyu men bo‘ldim — “Madaniyat va ma'rifat”ning, kunda-shunda ko‘rarmani. Damqisma darslarda ovunardimki, bugun kechga, “Kitob va kino” ruknida falon film ketadi. Balo bo‘lsayam ko‘raman, yo nasib. Ko‘rolmasam, erta kunduzi, takrorini kutaman. 

“Doktor Jivago”

— Ibi, aka, bugun bekor bormadingizda o‘qishga.
— Nima bo‘ldi?
— E, zo‘r bo‘lle, butun dars “Doktor Jivago” haqiga bo‘lle. Tarjima qelishipti-ku o‘zbekchaga.
— Romanni-ya? “Oqlangan”i rost bo‘sin...
— Yog‘yey... Kinosine aytopman, Angliya ishlaganche?
— Shuyam katta gap... Qachon, qaysi kanaldan qo‘yisharkan?
— “Sado” omoqchiydim, esdan chiqipte, chyort... Yaqin oraga. “Madaniyat...”dan-da, konechno. Aristokrat kanal lekin, ko‘z tegmasin!
— Nima gaplar bo‘ldi, shunday qilib?
— Hozi(r), suv icheb olay... Ah-h, Xudoga shukur!.. Karochche, mandan Jivago chiqmasakan...
— Ana bo‘masam, qaydan oldingiz bu gapni?
— Apa aytte (Iqbol Qo‘shshayeva — “Iqbol opa” yoki “Opa” derdik. Endiyam shunday.)...
— Sabab?
— Bundoq bo‘lle, apa, kino qahramonlare to‘g‘risiga, umuman asar to‘g‘risiga qesqacha gapirgach, falonchidan Jivago chiqishe mumke-yen, deb bittasini aytte. Xay, man ayttem, ibi, apajon, o‘sha falonchi biravning xotinine sevib qoladigan odamme?
— Keyin-chi?
— Keyin, eshitdim-da eshitadiganimne. Bir pasga “feodal” ham bo‘llem, “inkvizator” ham bo‘llem... E, Rim papasigayam man suiqasd qigan bo‘p chiqdem-ov!
— Sizga o‘xshagan qahramoniyam bordir, ko‘raylikchi kinoni.
— “Misha”ga o‘xsharmishman — Jivagoning jo‘rasega... Uyog‘-buyog‘ini bilmadim-u, dah-hshat narsaga o‘xshaydi, aka-a. Kitobiniyam topaman! O‘rischadan xabar bo(r), Xudoga shukur...

Talabaligimizning tagi ko‘rinib qolgan kunlarda, yuqoriroqda yozganim, saboqdosh ham xonadosh bir jigarim ila kechgan suhbat bu. Shirali shevasi Toshkentga kelganida qanday bo‘lsa, shundayligicha qishlog‘iga qaytib ketdi. Xullas, o‘shanda kinoni ko‘rolmadim “oynai jahon”dan. Ammo ko‘rganlarni ko‘rib-eshitib, ichim qizirdi. Ayniqsa, qizlarimizga Xudo bergandi. Ko‘zginalari porillab, shoirona shivirlab qo‘yadigan odat chiqarishdi: “Men o‘z ko‘nglimning tarjimoniman”, “Nafrat ortida ham muhabbat turadi”, “Biz faqat tomosha qilamiz, dunyo esa yonginamizdan o‘tib ketaveradi”...

Bo‘lmadi. Opaning o‘zidan olib, haligi hamxonam bilan ko‘rdik filmni. 1897-1922 yillar miyonasida, Rossiyada ro‘y bergan, asorati asr adog‘igacha, dunyoyu dunga bo‘y bergan voqealarning mohirona “badia”si: inqilob, mitinglar, proletariat, birinchi jahon urushi, qahatchilik, “qama-qama”, surgun, shaxsga sig‘inish... Dahshat, chindanam! “Badia” deganim shungaki, asarda, har qancha reallik yoritilmasin, unga “badiiy to‘qima” navlik “tuz” tashlanadi. Maqsad — ta'sirli chiqsin. Yanayam o‘qishli, ko‘rishli bo‘lsin. Ta'bir joiz esa, effekt bersin.

Bu tipdagi “javohir”lar xaridorgirligining asosiy me'zonlaridan biri — barcha hodisalar azaliy aksioma, “muhabbat uchlik”...lari atrofida yuz beradi. Va shunisi bilan muxlisni oxirgi notagacha tutib turadi. Aniqrog‘i, odamlar, davr-dolg‘alariga emas, boyagi “uchlik”larning o‘sha dolg‘alardan aynan qaysi, qanchalik chiqib keta olishiga ko‘proq qiziqadi.

Bundayam shu “handasa” qalqib turibdi: “Yuriy — Lara — Pasha”; “Yuriy — Tonya — Misha”; “Yuriy — Lara — Kamarovskiy”... Yo‘q, Komarovskiy mustasno. Umuman, komarovskiylar uchun muhabbat ham, e'tiqod ham “dasturxon bo‘yida boshlanib, hojatxonada tugaydi” (Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”dan). Sevilish — umrboqiylik “elekseri”. Lara, masalan, qarimaydi hech. Sevilmaslik — ruhiyat “radiatsiyasi”. Do‘lvorgina Pashani odamkush “Strilnikov”ga, aloha xudkushga evriltirgan nima edi?..

...Hamxonam topib keldi kitobni. Muk tushib, o‘qiy boshladi. Ellik betcha xatm qilgach, parvozi pasaydi. Ha, desam, tishim o‘tmayapti uncha, deb qoldi. Vaholanki, ruschasi binoyiday, kitoblar ham o‘qib turadi. Misol uchun, o‘sha vaqtlar ichi, Chingiz og‘aning “Plaxa” (“Qiyomat”) romanini o‘qib tushirgandi. O‘ziyam hayron. Ko‘pgina tengqurlarimiz qatori ikkalamizdayam bir savol nish urgandi: “Nimaga haliyam o‘zbekchaga ag‘darilmayapti, bu asar?”. Haqli savol. Nima, Pasternak hamon “qora ro‘yxat”dami yo? O‘ylashning o‘zi kulgili. Axir, o‘sha ro‘yxatni tuzganlar, tuzumi bilan qo‘shilib, qo‘shmozor bo‘lgani qachon edi? Endi muammo nimada? Pishiq-puxtalar tuturug‘li va'j ko‘rsatmagach, o‘zimiz xomaki xulosalar yasadik: moddiy rag‘batning yo‘q hisobidaligi — moliyaviy taqchillikda, muammo! Bor ijodiy salohiyatingni safarbar aylab, asar uzra oylab, yillab o‘tirasan, o‘girasan, amallab nashr ham etasan... Badaliga — “bitbildiq”. Yaqinda qiziq bir narsa o‘qib qoldim. Bugunga chog‘ishtirsang, ishonging kelmaydi, azbaroyi Xudo. Lekin, fakt. Moziyimizda ma'rifat o‘choqlari sanalgan “Bayt-ul hikma” (Akademiya)larda, mutarjim-olimlarga o‘girgan asarining vazni barobar oltin berishgan ekan. Mana, allomalarimiz-la nega buncha faxrlanamiz? Shunaqa e'tibor, “qalam haqi” ajratishsin-chi, e, hozir ham potrab chiqadi allomalar...

“Qish uyqusi”

...Chorpoyada gangir-gungur qizg‘in. Ochiq osmon ostida kattagina oila kechki tomoqni yeyishmoqda. Hamma o‘zicha sarxil bilgan ne'matini, to‘rda qo‘r to‘kib o‘tirgan, guppirib gap berayotgan “ustident”ning oldiga surib qo‘yadi: “Ur, Tashkinda sog‘inasan hali”. Ittifoqo, “ustident”, to‘g‘risida yonboshlab yotmish amakisi bilan bahslasha ketadi — o‘qishning foyda-ziyonidan. “Mulla mirquruq”ning adabiy aljirashiga mahliyo bo‘libmi, yangasi (shu amakisining ayoli) yon bosadi qaynisiga. Muxolifiga “ittifoqdosh” topilganidan tajanglashgan amaki, endi o‘tirib olib munozaraga kirishadi. Yanga, “aslahaxona”sida necha zamonlarki zang-u chang bosib yotgan “yadro quroli”ni ishga soladi kutilmaganda:
— ...Bo‘ldi qing, siz nimani bilasiz? O‘qimagan odam, pikri pas(t) bo‘liykan-da, ming qisiyam!
— Xay, shu gaping rost bo‘sa, choydan solchi bitta, do‘ngpikrli, — allanechuk “qanoti qayrilgan” amaki, gapning partavini payrovga buradi...

Turkiya-Germaniya-Fransiya kinoustalari tomonidan, Chexov hikoyalari asosida suratga olingan “Qish uyqusi” filmini ko‘rayotib (“Madaniyat va ma'rifat” telekanali mahsuli buyam), yaqin o‘tmishchamda hodis bo‘lgan mazkur manzara jonlandi xayolimda. Onado‘lining chekka bir qishlog‘ida, yolg‘iz opasiyu yoshgina xotini ila umrguzaronlik qilayotgan, mahalliy nashrlar muxbiri, yozuvchi Oydinbeyning kechinmalari shu xotirotimni qo‘zg‘adi, nimagadir. Garchi, badavlat, qator do‘konlar-u kattagina mehmonxonaning xo‘jasi esa-da, hayotida nimalardir yetishmayotgan va bu noto‘kisliklar kasriga hatto yozishga qo‘li bormayotgan bir ziyoli vositasida butun millat, yo‘q, bashar fojiasini ko‘rish mumkin. Qiziq hol: yiroqlarda uning hayrixoh-u hamdardlari talay, olis ovullardagi muxlis-mushtariylardan xatlar opturadi... biroq yaqinlari, chevrasidagi odamlardan nur izlab, arosatda.

Birgina misol: “Garib” degan qishloqdan, “tikish-bichishni o‘rgatadigan bir yosh qizdan”, maktub oladi. O‘sha qishloqda, kambag‘al ayollarning xat-savodini chiqarish va ularga hunar o‘rgatish uchun bir bino qurishayotgani, ammo pul tugagani bois qurilish bitmayotgani, na mahalliy hokimiyat, na o‘z o‘zini idora etish ma'muriyati yolchitib yordam bermayotgani yoritilgan.  Istanbul bilan bog‘lanib bo‘lsa-da, arz-dodlariga yetishi o‘tinib so‘ralgan bu maktubni, xotini Nihol hamda hamsoya-birodari Sualibeyga o‘qib beradi. Fikrlariga qiziqadi.

“Ochig‘i, bu xat meni ishontirolmadi. Bunaqa xatlarni har kuni o‘qiyman. Tangadekkina qishloq uchun ta'lim deb butun boshli bino qurish — ortiqcha hasham!”, deydi xotini, nechukdir qizishib. Hamsoyasining so‘zlari beshbattarroq chiqadi: “...Azizim Oydin, sen meni dasti uzunlardan deb o‘ylaysanmi? Mening boyligim — hech kimga qaram bo‘lmagan qornim!”. Biroz o‘tib, xotin xonani tark etgach, Sualibey qo‘shimcha qiladi: “...Bilasanmi, muhtojligu baxtsizlik tabiiy ofatga o‘xshaydi. Ya'ni hammasi — Parvardigor irodasidir. Xatarga qarshi borib bo‘lmaydi”.

Oydinbey esa og‘rinibgina: “...Lekin Alloh, ular bilan kurashishimiz uchun bizga aql ato etgan!”, deb qo‘yadi. “To‘g‘ri, — deydi oshnasi, — lekin... bu ishlar uchun yaratilgan maxsus odamlar bor, bu ishni ularga qo‘yib ber. Sen — ijodkorsan, san'at odamisan. Miyangni achitishdan ne naf?”. So‘ngroq opasi Nejla ham shu ma'noda gap qiladiki, sen aktyorsan — o‘zing bilgan ishni yozsang-chi?

Umuman, opasiyam uning shu xil kuyib-pishishlariga nisbatan kinoyaviy qarashiga, kino ibtidosidayoq ishora qilinadi: “Neniki zarur deb bilsang, yoz, lekin... markaziy gazeta uchun yozsang yaxshi bo‘lardi. Hech kim o‘qimaydigan mahalliy nashr uchun emas. O‘shanda mehnatlaring maqsadga muvofiq bo‘larmidi?”. Bu turdagi munosabatlarga Oydinbeyning mulohazasi ham film boshidanoq “mixlanadi” — “Mashhuri zamon gazetalaringga tupurganman. Ehtimol, saltanatim kichikdir, ammo qirol — menman!”. Dastlab “apoq-chapoq” ko‘rinadigan opa-uka mubohasalari, bora-bora keskin ziddiyatlarga, achchiq aytishuvlarga do‘nadi. Jumladan, odatdagi oqshomlarning birida, har kungiday “chiqir-chiqir” yozib o‘tirgan uka, orqasidagi divanda uzala tushib, har-har zamonda “Uf-f!”lagan ko‘yi, zerikkanidan kitob varaqlab yotgan opasini gapga tutadi. “Dashtdagi gullar” hikoyasiga uning fikrini  so‘raydi. “...Yig‘loqi kayfiyatdagi romantizm, — deydi opa, hafsalasiz ohangda, — ommaga yoqish ilinjida umum qabul qilgan qadriyatlarni ma'qullaysan. Niqoblangan lirika ortida chuchmaldan-chuchmal tuyg‘ular sizib turadi”. Egachisidan buqadar beayovlikni kutmaganigami, lahzalarda cho‘kibgina qoladi, sho‘rlik yozuvchi. Bir muddatlik tarang sukutdan so‘ng, nim o‘girilib, ohista gap boshlaydi: “...Aziza-am, seni tanqidingda izchillik yo‘q, asos yo‘q. Fikrlaring kabi tarqoq. O‘zingdan o‘tkazib aytmayapsan. Mana shunisi yoqimsiz. Hamma balo shundaki, sen mening maqolamnimas — o‘zimni yomon ko‘rasan!”. Opa, albatta, inkor etadi. Kamiga juda zerikkanidan zorlanadi. “...Zerikish — oliftalar kasali, — deydi inisi, borgan sari qizishib. — Albatta, zerikasan, chunki bekorchisan. Ilgari tarjima bilan shug‘ullanarding, endi shuniyam qilmay qo‘yding. Maqsadsiz odamda na vijdon, na iymon bo‘ladi...”.

Afsuski, bunday “jag‘ janglari”da, bir umrlik chekiga tushgan boz bitta “raqiba”si kun kechiradi, bu xonadonda. Ha, xotini. Imkon qadar murosa qilib kelayotgan er, oxiri, pichoq suyakka yetganda — doimiy xarxashalar keskinlashgan bir kechada “yoriladi”: “...Qani, ayt, gunohim nima? ...Mening yoshim ancha katta, shumi gunohim? ...Ajrashmoqchimisan, marhamat, qarshi emasman!”. Qaroqlari giryon xotin, divan suyanchig‘iga yonboshlab, xonaning g‘ira-shira kunjlaridan ko‘z uzmay, erining “gunohlari”ni sanaydi: “...Siz ziyoli, mehnatkash, vijdonli, halol odamsiz, buni inkor etmayman. Ammo, siz, o‘zingizdagi bu fazilatlardan o‘zgalarni yerga urish uchun foydalanasiz. Sizni yuksak fikrlaringiz dunyodan nafratlanishga undaydi... Siz xalqdan shubhalanasiz. Guyoki “o‘g‘ri-muttahamlar to‘dasi”. Xullas, odamlarni yomon ko‘rasiz. Deyarli hammadan nafratlanasiz!”. Barcha “ayblov”larni jimgina, hazin bir tabassum-la eshitgan er, vazmin turib lafz ochadi: “...Sen tushunmaysan. Menga o‘xshab chirog‘i yo‘q, chekka qishloqda ulg‘aygan odamlar, baxtni kichkinagina, shinamgina uydan ham topa oladi. Hatto, xotini yuziga tik boqib “Sen — yomon odamsan!” degan taqdirda ham. Bizni yoshligimiz rangsiz, og‘ir o‘tgan. Shuning uchun ham o‘zgalarni baxtli qilish bizning qo‘limizdan kelmas?..”. Gapining yakunida, erta Istanbulga ketayotganini, yozmoqchi bo‘layotgan kitobiga material to‘plashi zarurligini, yozgacha qaytmasligini aytarkan, ilova qiladiki, ishlasang, vijdonli, halol odamlar bilan ishla, qachondir meni albatta tushunasan.

Biroq... bormaydi Istanbulga: to‘g‘ri, qorli, izg‘irin havoga qaramay, chiqadi yo‘lga, vokzalga doriqadi, reyslarni surishtiradi, ozroq o‘tiradi, isinadi, tashqarilaydi va birdan... qaytishni amr etadi shofyoriga. Yo‘l ustida “Garib” qishlog‘iga (ha, o‘sha, maktab qurishlariga ko‘mak o‘tinib, xat yuborgan qishloqqa) duch kelishadi. Katta yo‘l uzra, mashinani to‘xtattirib, birrov ser soladi. Aylantirib urayotgan qor ichra bazo‘r ko‘rinayotgan, nomiga uyqash g‘aribgina uylarga tikilib, o‘yga toladi. Ketdik, deydi keyin, betoqat o‘tirgan haydovchisiga.

Hovliga kirib, jamadonlarini dastyor ayolga uzatarkan, tepa qavatga, zich yopiq oynadan termulib turmish xotiniga qaraydi. Jilmayadi. Va ayni fursat, film xotimasi o‘rnida, so‘zlar yangraydi kadr ortidan: “Nihol, men ketmadim — ketolmadim. Ehtimol, qariyotgandirman? Yo aqldan ozayotgandirman? Yoki boshqa odamga aylandimmi?.. Nima deb o‘ylasang o‘yla, o‘zimni bilmayman. Lekin bu “yangi odam” ortga qaytishga majbur qildi. Meni ayblama. Angladimki, Istanbulda men uchun hech narsa yo‘q, u yerda hamma narsa begona. Bil, meni sendan boshqa hech kimim yo‘q... Seni tark etish, men uchun — chidab bo‘lmas azob. Yana shuniyam bilamanki, sen meni boshqa sevmaysan... Garchi, ayro holda bo‘lsa-da, qolgan umrimni seni yoningda o‘tkazay? Meni kechir...”.

...O‘sha chorpoya. Yarim tun. “Ustident” ketishga chog‘lanarkan, amakisi, yonboshlagan joyidan uzrli so‘z qotdi: “Endi, xapa bo‘miysan, uka, kuzatib qo‘yalmiyman. Ko‘rib turibsan-ku, charchagan juda. Bungayam qiyin...”. Amakisining mehrli boqayotgan tomoniga yuz burib, serraydi-qoldi “ustident”. Yangasi, erining qavariq oyoqlariga bosh qo‘ygancha, go‘dakdek mizg‘irdi.

...P.S: “Mahobhorat”.
— Oshna, bilasiz, serial ko‘rmasdim hech. Ashi, “Mahobhorat”ni qoldirmay ko‘ryapman, oma-chi. Dublyajni ham boplashibdi bor-u, — degandi 2016 yilning bahorida, “anjan”lik bir do‘stim. O‘sha mahallar, men, gazetada ishlardim. Navbatchilik kunlarim kech qaytarkanman, sabrim chidamay, xonadoshimga sim qoqardim. U esa, o‘z lahjasida, ajabtovur “onlayn”ni boshlardi darrov: “...ana, qo‘tirechke Duryodxon, shunnoq-shunnoq deyopte panduzodalarga. Unga Bhim “...yepsan, shu gapingga!” deb otvet qilopte... Sho‘xlashing-yey, aka, qiziq bo‘lopte vapshi-to!”.

Taassuf va taajjubki, ushbu quvonchimizni, uch-to‘rt oy o‘tib, yoz o‘rtasiga yetib, “ko‘p ko‘rishdi”. “Madaniyat va ma'rifat” kanalining navbatdagi tuhfasini, “Mahobhorat”ning yangi talqini tarjimasini... uzib qo‘yishdi efirdan. Surishtirsak, emish-memish gaplar chalindi quloqqa: kanallarimizda seriallar ko‘payib ketganmish, mintalitetimizga mos emasmish, xalqning xulqini buzarmish... Kattalarda mayda bahonayu “mayda”larda katta vahimalar qo‘pgandi, shuytib. “O‘rgimchak to‘ri”da visir-visirlar bolaladi, yetmaganday. Birovi unday deydi, boshqasi bunday... Bilgich bir ayolgina (ismini eslolmadim), barining og‘ziga urgilik raddiyasini e'lon qilgandi. Avvalambor, “serial”mas bu — buyuk bir eposning, ko‘p qismli ekranlashmasi, so‘g‘in, qayeri mosmasakan mintalitetimizga, shoh qizi Draupadening besh og‘a-iniga birday xotin bo‘lishimi? “Alpomish”da Barchinga talabgor 90 alp(!)ning sardori, Ko‘kaldosh, o‘zbakning qizini birimiz yo barimiz olaylik, qabilida so‘z demasmidi? Boysariyam shundaychikin gap qiladi: “...o‘ziga boringizlar, o‘zidan so‘rangizlar, biringizga tiyami, baringizga tiyami, o‘zidan so‘rab bilingizlar”, ma'nisidagi joylari boridi. Ko‘lga tushgan kesakday beiz, beta'sir ketdi lekin.

Jizzaxning “Arshli” qishlog‘idan (hozirgi Sharof Rashidov tumanida) bir qadrdonim telefon qiluvdi shu pallalar:
— ...“Madaniyat-ma'rifat” (“Madaniyat va ma'rifat” telekanali)da ishliydigan biranta tonishingizdi no‘mirini berasizma, aka?, — degandi, salom-alikdan so‘ng hovliqib.
— Iyye, ha, uka, tinchlikmi?
— Anuvi, kitobxon xolam bor-ku, so‘riyatuvdi-da...
— Nimagaligini bilsak bo‘ladimi?
— E, so‘ramang, aka, shu xolamdi ullari, bir hoptadan beri janjal qiladi, “Mahobhorat”ti qochan qo‘yadi, deb. Qishlog‘imiz nomidan xot yozmaqchi, xolam.
— Kimga?
— A, shuni bilish-chun telipon qilyappan-da sizga, aka. Kimga, nima yozish kerak? Kanaldi kattalarigama, vazirlikkama?.. “Bildirish xati”ma, “Shikoyat xati”ma?..

Tayinli bir javob qilmagandim. Qaydam, endi ham kechmasdir? Kech bo‘lsa-da “hech”dan ko‘ra...
Bolalik bir manzara balqdi hofizamda. Qora xuftonda mollarni sudrab qaytardik uyga. Bil'aks, mollar bizni sudrab qaytardi, desam o‘ngg‘ay bo‘lar, asli. Yo‘l girdidagi odamlarning makkapoyasiga urardi o‘zlarini. Biz, mushtday narsa, kuchimiz yetmay, tilimizga zo‘r berardik, yig‘lamsirab: “Chi-iq, ichingni yegi-ir, “Mahobhorat” o‘tib ketadi-i!”. Molga “Mahobhorat” nimayu, “Yason va argonavtlar” nimayu, “Kungfu-Panda” nima? Qorniga kirgani — hisob. Yig‘lab-siqtab, yuvinib-qoqinib, jon halpida kelsak, ado bo‘lgan bo‘lardi “Mahobhorat”.

U makkapoyalar ham, ular ekilgan qo‘shimcha tomorqalar ham yo‘q, endilikda. Ne tongki, baribir, ko‘rolmayapmiz “Mahobhorat”ni? 
Aybga buyurmaysiz, gapim cho‘zildi ancha. Insof bilan aytgandaku, “Madaniyat va ma'rifat” o‘zanida uzatilayotgan durdonalar borasida, umumiy olganda, ikki og‘izlik tafsir bo‘ldi yozilganlar. “Madaniyat...”da kino emas, o‘zimni ko‘raman, kuzataman, qalqib uyg‘onaman, deydi madaniyatparvar-u ma'rifatsevar bir muxlisasi kanalning. So‘ngso‘z sifatida:

O‘zgani tutdilar “Iso” deb shaksiz,
Ruhi mahfuzimda asl Iso bor.
Hali ham tavhidda eski aqoid,
Har bir fir'avnga bitta Muso bor.

Sherbek Bobonor o‘g‘li

Mavzuga oid