Jamiyat | 09:29 / 29.06.2017
93363
8 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodagi yo‘q bo‘lishga yuz tutgan 15 ta til (foto)

YuNeSKO tomonidan o‘tgan haftada chop etilgan «Yo‘qolish xavfi ostida turgan dunyo tillari atlasi»ga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi 15 ta qadimiy nodir til yo‘qlik qa'riga singib ketishi mumkin. Yo‘qolayotgan tillarning aksariyati Tojikistonga, uning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda, deb yozadi Tojikistonning Asia plus media guruhi. 

AP mintaqadagi kamchilik foydalanadigan o‘sha nodir tillar Markaziy Osiyoning qaysi hududlarida so‘zlashib kelinganini aniqlashga bel bog‘ladi.

YuNeSKO tomonidan tayyorlangan «Yo‘qolish xavfi ostida turgan dunyo tillari atlasi»ning yangilangan namunasida dunyo tillarining uchdan bir qismi yo‘qolish arafasida turgani qayd etiladi. Hozirda mavjud 6,9 ming tildan 2,5 mingtasida odamlar yaqin kelajakda mutlaqo so‘zlashmay qo‘yishlari mumkin ekan.

Markaziy Osiyoda yo‘qolayotgan tillarning katta qismi Tojikistonga to‘g‘ri kelmoqda, bular asosan — rasmiy status va imloga ega bo‘lmagan Pomir tillaridir. Garchi ular ikki ming yillardan buyon mavjud bo‘lsa-da, avloddan avlodga faqat og‘zaki ko‘rinishda o‘tib kelgan.

1. Oyrot tili (Qirg‘iziston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan. Qirg‘izistonda bu tilda Issiqko‘l viloyatida yashovchi sart-qalmiqlar va oyrot-qalmiqlarning diasporasi gaplashadi. Kelib chiqishiga ko‘ra, sart-qalmiqlar g‘arbiy mo‘g‘ullarning olyot qabilasi avlodi hisoblanadi. 

2. Dungan tili (Qirg‘iziston, Qozog‘iston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan. Qirg‘izistonning shimoli-sharqidagi tekisliklarda — Chuy va Issiqko‘l viloyatlarida istiqomat qiluvchi dunganlar gaplashishadi. Janubda dunganlar O‘sh viloyatining Tashirov qishlog‘ida yashashadi. Qozog‘istonda dunganlarning 85 foizi Jambul viloyatida yashaydi. Olmaota va Tarozda ham dunganlarning yirik diasporasi bor.

3. Truxman tili (Turkmaniston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan. Bu tilda turkmanlarning choudor, ig‘dir va suyunaji urug‘laridan ajrab chiqib, Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatidagi Mang‘ishlaq yarim orolida yashovchilar so‘zlashishadi. Ular Rossiyaning Stavropol o‘lkasida ham bor. Truxman tili turkman tilining shevalaridan biri hisoblanadi.

4. Buxoro tili (O‘zbekiston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan. O‘zbekistonda Buxoro yahudiylari bu tilda so‘zlashishadi. Til Samarqand-Buxoro forsiy tilining buxorocha-yahudiycha lahjasi yoki tojik tilining yahudiycha lahjasidan iborat. G‘arb davlatlaridagi Buxoro yahudiylarining yangi avlodi bu lahjani unutishmoqda.

5. Markaziy Osiyo arab tili (O‘zbekiston, Tojikiston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan. O‘zbekistonda bu tildan yaqin-yaqingacha Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qo‘nim topgan markaziy osiyolik arablar so‘zlashishgan. Tojikistonning ham janubida arab qishloqlari mavjud. Ular so‘zlashadigan til arab tilining ma'lum bir topologik guruhchasiga mansub.

6. Paryo tili (O‘zbekiston, Tojikiston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan bu tilda hozircha keksa chollar va kampirlargina so‘zlashishadi. O‘zbekistonda bu til Surxondaryo viloyatida yashovchi markaziy osiyolik lo‘lilarning muomala tili hisoblanadi. Ular Tojikistonda ham janubiy viloyat — Xatlonda istiqomat qilishadi. Paryo — hind-oriy tili bo‘lib, hindiy va zamonaviy lo‘lilar tilining oralig‘idagi til hisoblanadi.

7. Voxon tili (Tojikiston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan. Tojikistonda bu tilda voxonliklar — Pomir xalqlaridan biri so‘zlashadi. Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegarada, Panj daryosining yuqori oqimi (tarixiy Voxon viloyati)da maishiy so‘zlashuv tili hisoblanadi. Voxon tili Sharqiy Eron tillari guruhida alohida o‘ringa ega va Pomir tillarining hududiy birlashmasiga kiradi.

8. Ishkoshim tili (Tojikiston)

«Jiddiy xavf ostida» toifasiga mansub — bu tilda keksa cholu kampirlargina so‘zlashishadi; ota-onalar tilni tushunishsa-da, undan foydalanishmaydi, bolalar umuman tushunishmaydi. Tojikistonda bu tilda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Ishkoshim nohiyasidagi bir necha qishloq aholisi so‘zlashadi. Ishkoshim tilida so‘zlovchilarning katta qismi Rin va Yuqori Rin qishloqlarida to‘plangan. Bu tilda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 400–500 kishi atrofida. Ishkoshim tiliga topologik jihatdan eng yaqin til voxon tili hisoblanadi.

9. Sanglich tili (Tojikiston)

«Jiddiy xavf ostida» toifasiga mansub — bu tilda keksa cholu kampirlargina so‘zlashishadi; ota-onalar tilni tushunishsa-da, undan foydalanishmaydi, bolalar umuman tushunishmaydi. Sanglich tili ishkoshim tiliga yaqin, u Sanglich vodiysida tarqalgan, Eron tillarining lahjasi hisoblanadi.

10. Roshorv tili (Tojikiston)

«Jiddiy xavf ostida» toifasiga mansub. Bu tilda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi pomirlik xalqlardan biri bartanglarning lokal etnik guruhi oroshorlar so‘zlashishadi. Ular Rushon nohiyasidagi Bartang daryosi sohilidagi Roshorv (eski yozilishi — Oroshor) qishlog‘ida yashashadi. Roshorv (oroshor) tili bartang tiliga juda yaqin yoki uning lahjalaridan biri hisoblanadi.

11. Shug‘non tili (Tojikiston)

«Zaif» toifasiga mansub — bolalar garchi bu tildan foydalanishsa-da, undan foydalanishda cheklanishgan. Tojikistonda bu tildan Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Shug‘non, Rushon va Murg‘ob nohiyalaridagi aholi foydalanadi. Eron tillarining sharqiy eron guruhiga mansub.

12. Bartang tili (Tojikiston)

«Jiddiy xavf ostida» toifasiga mansub — bu tilda qariya cholu kampirlargina so‘zlashishadi; ota-onalar tilni tushunishsa-da, undan foydalanishmaydi, bolalar umuman tushunmaydi. Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Bartang daryosi vodiysida istiqomat qiluvchi aholi so‘zlashadi. Yemtsdan tortib Nikbist qishlog‘igacha keng tarqalgan pomir tillaridan biri.

13. Rushon tili (Tojikiston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan bu tildan bolalar uyida ham ortiq ona tili sifatida foydalanishmayapti. Pomirning janubi-sharqiy qismidagi aholi bu tilda so‘zlashadi. Shug‘non tiliga eng yaqin til hisoblanadi.

14. Yazg‘ulom tili (Tojikiston)

«Jiddiy xavf ostida» toifasiga mansub — bu tilda qariya cholu kampirlargina so‘zlashishadi; ota-onalar tilni tushunishsa-da, undan foydalanishmaydi, bolalar umuman tushunishmaydi. G‘arbiy Badaxshondagi Yazg‘ulom vodiysida istiqomat qiluvchi aholining so‘zlashuv tili hisoblanadi. Ba'zi bir tilchilar yazg‘ulom tili va shug‘non-rushon tillari oilasida bog‘liqlik topishgan.

15. Yag‘nob tili (Tojikiston)

«Aniq xavf ostida» toifasiga kiritilgan bu tilda bolalar uyida ham ortiq ona tili sifatida foydalanishmayapti. Tojikistondagi Yag‘nob daryosi vodiyisda istiqomat qiluvchi aholi so‘zlashadigan til. Qadimiy so‘g‘d tilining davomchisi hisoblanadi. Eron tillarining shimoliy-sharqiy guruhiga mansub. Eron tillarining bu tiragining boshqa bir yagona tirik vakili — osetin tili hisoblanadi. 

Mavzuga oid