Jahon | 19:30 / 04.07.2017
5318
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari Yevroparlament deputatlarini tanqid qildi

Foto: aa.com.tr

Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker yig‘ilishlarni o‘tkazib yuborayotgan Yevroparlament deputatlarini keskin tanqid qildi. Gap shundaki, u chiqish qilgan yig‘ilishda 751 deputatdan 30 nafarigina qatnashgan. "Anadolu" agentligi shu haqida xabar berdi. 

"Men boshqa bunday majlislarda ishtirok etmayman", - dedi Yunker.

Yevrokomissiya rahbari Yevropa parlamentariylarining bunday xatti-harakatlarini "sharmandali" deb atadi. 

"Yalpi majlisda muammoni muhokama qilish uchun bir necha deputatlargina qatnashishadi. Bu Yevroparlament uchun sharmandali holat. Ishtirokchilarining bunday munosabati deputatlarning yig‘ilishni jiddiy qabul qilmayotganligidan dalolatdir", - dedi Yunker. 

"Bu yerda Malta bosh vaziri Jozef Muskat emas, Angela Merkel yoki Emmanuel Makron chiqish qilganda edi, zal to‘lgan bo‘lardi", - dedi Yevrokomissiya rahbari.

Yevroparlament raisi Antonio Tayani bunga keskin munosabat bildirdi. 

"Janob rais, sizdan hurmat bilan munosabatda bo‘lishingizni so‘rab qolaman. Siz parlamentni tanqid qilishingiz mumkin, biroq parlamentni nazorat qilish Yevrokomissiya vazifasiga kirmaydi. Aksincha, parlament Yevrokomissiyani nazoratga olishi kerak", - deya ta'kidladi Tayani. 

Yevropa Ittifoqi raisligi 1 iyul kuni Maltadan Estoniyaga o‘tdi. 

Mavzuga oid