O‘zbekiston | 09:39 / 04.07.2017
6711
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hokimi va Seul meri o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi

Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahri meri Pak Von Sun rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonning turli tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov bilan muloqot chog‘ida Toshkent va Seul shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Mehmonlarga Toshkent shahrida transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sanoat va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

Pak Von Sun Toshkent shahri bilan keng qamrovli, tizimli va uzoq muddatli hamkorlik qilish tarafdori ekanini ta'kidladi. Toshkentni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalarni yuqori baholab, bu boradagi ishlarda Janubiy Koreyaning shaharsozlik, transport, axborot texnologiyalari, servis va boshqa sohalardagi tajribasi, nou-xaulari bilan qatnashish niyatini bildirdi.

Toshkent va Seul shahri biznes vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, kichik biznes sohasiga investitsiyalar jalb etish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik markazida shahar jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning transport va transport kommunikatsiyalari, shahar infratuzilmasi, axborot texnologiyalari kabi sohalarga oid vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi. Mazkur forum mamlakatlar o‘rtasida shahar infratuzilmasi, transport va AKT sohalaridagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Forumda mehmonlarga Toshkent shahrida transport va kommunikatsiyalar sohasini rivojlantirish, zamonaviy uy-joylar barpo etish, infratuzilma, kommunal va ijtimoiy sohalarni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

Toshkent shahar hokimligi bilan Seul shahar meriyasi o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida bayonnoma, Toshkent va Seul shaharlari o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, Seul meri koreys diasporasidan o‘zbek xalqiga minnatdorlik yodgorligi ochilishida ishtirok etdi.

Mavzuga oid