O‘zbekiston | 07:34 / 12.07.2017
6250
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Turkmaniston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyul kuni Toshkentga amaliy tashrif bilan kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari do‘st Turkmaniston xalqiga va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘zining chuqur hurmatini izhor etdi va samimiy salomini yo‘lladi. 

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta'kidlandi. 

O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga shu yilning mart oyidagi ilk davlat tashrifi, may va iyun oylarida "Avaza" sayyohlik zonasi va Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi amaliy uchrashuvlar, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari O‘zbekiston bilan Turkmaniston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqani va Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirishni ta'minlayotgani qayd etildi. 

Ayni paytda kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston va Turkmaniston kompaniya va korxonalari qiymati 200 million dollardan ziyod qo‘shma tashqi savdo shartnoma va bitimlarni amalga oshirmoqda. 

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida tizimli va uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, Turkmanistonga navbatdagi paxta terish mashinalari, kultivator va boshqa zamonaviy texnikalar yetkazib berildi. Shu oyda Ashxobodda Savdo-servis markazi o‘z faoliyatini boshlaydi. 

"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati korxonalari bazasida Turkmaniston temir yo‘llari harakatlanuvchi tarkibini ta'mirlash va modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. 

Turkmanobod – Farob avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari ochilgach, mamlakatlarimiz o‘rtasida tranzit tashishlar hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. O‘zbekistonning faqat temir yo‘l orqali Turkmaniston hududidan o‘tgan eksport yuklari hajmi 25 foiz oshdi. 

Madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Toshkentda Ashxobod bog‘ini tashkil qilish ishlari boshlandi. Sentyabr oyida sportchilarimiz Turkmaniston poytaxtida yopiq inshootlarda va jang san'atlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi. 

Suhbat chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish, strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan yangi yo‘nalishlarni belgilash va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama etildi. 

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. 

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston xalqi va uning rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur hurmati va ezgu tilaklarini yetkazdi. R.Meredov Turkmaniston ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta'kidladi. 

Mavzuga oid