Jamiyat | 11:26 / 17.07.2017
66704
7 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi mudhish qotillik tafsiloti

Husan Hakimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ttiz yoshdan oshibdiki, na bir tayinli ishning boshini tutdi, na uylanib, bir oilaga bosh bo‘ldi. Betayin yurishlari, noqonuniy qadam olishi sabab muqaddam sudlanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. Hukumat tomonidan unga bag‘rikenglik ko‘rsatilib, 2015 yilning noyabr oyida ozodlikka chiqadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Qilmishi uchun saboq olgulik jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng ota-onasi, qarindosh-urug‘lari uning insofga kelishidan umidvor bo‘lishdi. Ammo Husan ularning umidlarini puchga chiqardi. Oradan yarim yilcha vaqt o‘tib, mudhish jinoyatga qo‘l urdi.

2016 yil aprel oyining so‘nggi kunlaridan biri. Husan kechki soat yettilarda o‘rtog‘i Shoqosim bilan mahallasi hududidagi do‘konga kirib, “shiringina” bo‘lib qaytib chiqdi. Qadrdonlar darrov xayrlashmasdan, tashqarida suhbatni davom ettirishdi. Sh.Murodov ketgach, Husan do‘konga qaytib borib, yana bir shisha aroq sotib oldi. Uyiga qaytarkan, qandaydir qo‘shiqlarni xirgoyi qilib, yo‘l-yo‘lakay spirtli ichimlik iste'mol qilib bordi. Bir mahal yonidan tugun ko‘targanicha shoshib ketayotgan ayol o‘tdi-yu, uning fikri buzildi.

Ayolning yolg‘izligiga ishonch hosil qilgach, miyasida chaqnagan buzuq niyatini amalga oshirish harakatiga tushib qoldi. Uning ortidan tushib, yo‘lning bir tomoni dala bilan tutashgan qismiga yetganida “hujum”ga o‘tdi. He yo‘q, be yo‘q ayolga tashlanib, uni dala tomonga tortdi. Jabrlanuvchi baqir-chaqir qilib, unga qarshilik ko‘rsatdi. H.Hakimov uning boshiga shisha bilan urdi. Zarbdan cho‘k tushib qolgan ayol yana-da balandroq ovozda qichqirib, yordamga chaqiraverdi. Xavotir va sarosimaga tushib qolgan Husan butunlay idrokini yo‘qotdi. Xayolini “tinchitish kerak” degan mudhish fikr band qilib, qo‘llari shu buyruqqa bo‘ysundi. Yerdan tosh olib, ojizaning hayotiga “nuqta” qo‘ydi.

Qilg‘ilikni qilib bo‘lgach, murdani ko‘zdan pana qilish borasida bosh qotira boshladi. Ayolning jasadini shundoqqina yo‘l yoqasidagi g‘alla maydoniga olib kirib, ariq ichiga tashladi. Bir insonning umriga zomin bo‘lgani yetmaganidek, marhumaning qo‘lidan umumiy qiymati 1 mln. so‘mlikdan oshiqroq bo‘lgan uzugini va bir juft ziragini yechib oldi. Avvaliga uni shu yerga tashlab ketmoqchi bo‘ldi. Biroq fikridan qaytib, marhumaning tanasini dala bo‘ylab sudraganicha o‘zining yashash uyi tomorqasi etagiga olib keldi. Uyidan ketmon olib chiqib, jasadni ko‘mib tashladi.

Bu kimsa xuddi kecha tunda hech narsa bo‘lmaganidek, ertasi kundan odatdagi hayotini davom ettirdi. Oradan ikki haftacha o‘tib, o‘zi qazigan qabrdan xabar oldi. Qarasa, qabr itlar tomonidan kavlanib, jasad yer yuzasiga chiqib qolibdi. Qilmishi oshkor bo‘lishidan yuragi orqaga tortib ketgan H.Hakimov murdani qazib olib, 2 ta polietilen qoplarga joyladi. Cho‘kishi qulayroq bo‘lishi uchun toshlardan ham solib, qoplarni tomorqasining orqa tomonidan oqib o‘tuvchi daryoga tashlab yubordi.

Jasadni daryoga oqizgan Husan baribir xotirjam bo‘la olmadi. Qandaydir kuch uni ta'qib qilardi. Endi u har daqiqada qilmishi oshkor bo‘lib qolishidan xavotirga tusha boshladi. Shu sababli ishlash bahonasida poytaxtga yo‘l oldi. Toshkent shahriga kelib, odamlarning kunlik ishlarini qilib, pul topib yurdi. Orada uyiga ham borib-kelib turdi. Shu taxlit yozni o‘tkazdi. Kuz boshida esa eski “sarguzasht”ni boshladi. Ijtimoiy tarmoq orqali Yunusobod tumanida yashovchi Durdona ismli ayol bilan tanishib qoladi. Ularning bunday tanishuvi bora-bora jiddiylashib, yaqin munosabatga aylandi. Bir necha marotaba uchrashishdi. H.Hakimov tez orada ayolning ko‘ngliga yo‘l topib, sirlaridan voqif bo‘ldi va tovlamachilik yo‘liga o‘tdi. Unga osmondagi oyni-da olib berishga tayyor bo‘lib turgan Husan xushtoridan 700 ming so‘m pul talab qildi. Uning bu ishi D.Xolmatovani karaxt qilib qo‘ydi. Biroq, bu hali hammasi emasdi. H.Hakimov ochiqdan-ochiq “shantaj” yo‘liga o‘tib, agar pul bermasa, o‘rtalaridagi yaqin munosabatni uning turmush o‘rtog‘iga oshkor qilish bilan qo‘rqitadi. Ilojsiz qolgan Durdona unga 400 ming so‘m pul, 200 ming so‘mlik “Samsung” rusumli uyali aloqa telefon apparati va 2 dona qiymati 1 mln. 300 ming so‘mlik uzuklarini berishga majbur bo‘ladi.

D.Xolmatova shu bilan “qutuldim”, deb o‘ylagandi. Biroq Husan deganlari osongina “taslim bo‘ladigan”lar xilidan emas ekan. Ayoldan undirganlarini xarj qilib bo‘lib, yana Durdonani “yo‘qlab” qoldi. Telefon orqali uchrashuvga chaqirib, ko‘ngilni xushlash niyatida ekanligini aytdi. Ammo Durdona tovlamachi bilan ortiq uchrashish niyati yo‘qligini ma'lum qilib, unga rad javobini berdi. Bu javob H.Hakimovga yoqmadi. Endi zo‘ravonlik yo‘liga o‘tib, ayolni urib-tepib, unga qasddan shikast yetkazadi.

Jinoyat ortidan jinoyatga qo‘l urgan yigit barcha qilmishlari uchun javob berishi tayinligiga sudning qora kursisiga o‘tirganida yana bir karra amin bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi tomonidan H.Hakimovga uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid