Aholini nima tashvishga solayapti?
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida davlat organlari faoliyatiga fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning ilg‘or mexanizmlari tatbiq etilayapti. Natijada fuqarolar huquq va manfaatlarini ta'minlashning ta'sirchan mexanizmlari paydo bo‘layapti.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassislari 2017 yilning boshidan beri aholining ushbu masala yuzasidan fikrini monitoring qilib kelishadi. Markaz vakillari jami 2000 ta xonadonga tashrif buyurishdi. Ularning 702 tasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga murojaat qilgan fuqarolar aniqlandi.
So‘rov natijalarini umumlashtirish shuni ko‘rsatdiki, fuqarolarning ko‘pchiligi — 89,6 foizi fikricha, davlat rahbari tomonidan asos solingan fuqarolar bilan faol va ochiq muloqot qilishning yangi tizimi, Xalq qabulxonalari instituti aholining dolzarb muammolarini hal qilishning samarali mexanizmi hisoblanadi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilning ikkinchi choragida ushbu tizimni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan fuqarolar soni birinchi chorakdagiga nisbatan 5,3 foiz o‘sganligi e'tiborga molikdir.
So‘rovda ishtirok etganlarning 35,1 foizi davlat hokimiyati yoki xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilgan. Ularning aksariyati tadbirkorlar, davlat xizmatchilari va pensionerlardir.
Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri aholisi o‘zlarining ushbu huquqlaridan keng, Buxoro va Jizzax aholisi esa kam foydalangan. Tadqiqotning ko‘rsatishicha, qishloq ahli shaharliklarga, ayollar esa erkaklarga qaraganda ko‘proq davlat organlariga murojaat qiladi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, fuqarolarning ko‘pchiligi an'anaviy, ya'ni tashkilotlar, vazirliklar, idoralar va hokimliklar qabulxonalari orqali yozma ariza vositasida murojaat qilishni maqbul, deb biladilar. Yoshlar va o‘rta yoshlilar esa internet tarmog‘i orqali murojaat qilishni ma'qul ko‘radi. Ularning 87,1 foizi fikricha, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — gov.uz jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor qabul qilish va uzatishning samarali vositasi hisoblanadi. Bunda fuqarolar vaqti behuda sarflanmaydi, idoraga shaxsan kelishiga zarurat tug‘ilmaydi, chunki barcha murojaatlar onlayn rejimida masofadan turib amalga oshiriladi.
Fuqarolarning ko‘pchiligi (81,2 foizi) mustaqil ravishda, ya'ni birovning yordamisiz murojaat qilgan. So‘rovning har beshinchi ishtirokchisi e'tirof etishicha, ular ariza yoki shikoyat matnini tuzishda qarindoshlari, hamkasblari, tanishlari yoki yuristlardan yordam so‘ragan.
Davlat tashkilotlariga yo‘llangan murojaatlarning mutlaq ko‘pchiligi — 91,7 foizi shaxsiy mazmundagi masalalar ekanligi diqqatga sazovor. Fuqarolarning jamoa bo‘lib murojaat qilishi keng tarqalmagan. Masalaning yana bir muhim jihati, davlat organlariga, asosan, ariza va shikoyatlar tushadi, ammo takliflar u darajada ko‘p emas.
Bu ko‘rsatkich odamlarda fuqarolik faolligi va tashabbuskorligi yetarli darajada emasligini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik davlat ularga yordam berishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo o‘zlarining amaliy ishlari uncha ko‘zga tashlanmaydi.
Tadqiqotda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi turli darajadagi hokimliklarga, 31,2 foizi esa mahalla fuqarolar yig‘inlariga murojaat qilgan. Fuqarolar o‘z huquq va manfaatlarini ta'minlash, himoya qilish yoki qayta tiklashni so‘rab sud idoralariga, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat etuvchi organlarga, pensiya jamg‘armasiga ham arz qilishadi. 2017 yilda 18 — 20 yoshdagilarning murojaatlari ko‘proq ta'lim idoralariga, 21 — 30 yoshdagilarniki esa mahallalarga yo‘naltirilgan. So‘rov yana shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning daromadi qancha past bo‘lsa, ular yordam olish uchun shuncha ko‘p tashkilotlar va muassasalarga murojaat qiladilar.
Odamlarni ko‘proq kommunal xizmat, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va isitish ta'minoti masalalari tashvishlantiradi. Respondentlarning 24,1 foizi oilaviy muammolarni hal qilishda yordam so‘ragan. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalarni vaqtida olish, bankdan ssuda va kreditlar ajratishdagi to‘siqlar, sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi bilan bog‘liq masalalarda murojaat qilayotgan fuqarolar ham talaygina.
Muammoni ko‘rmaganga olmasdan, fuqarolarni qabul qilish, ularning dardini eshitish, iloji bo‘lsa, yordam berish juda muhim hisoblanadi. Fuqarolarning 84,6 foizi murojaat qilgan tashkilot rahbari yoki boshqa mansabdor shaxs ularni qabul qilganligi va masalani “nazoratga olgan”ligidan mamnunligini bildirgan. “Arizangizdan voz kechish yoki qaytarib olish maqsadida Sizga biror kishi ruhiy tazyiq (jumladan, tahdid, qo‘rqitish) o‘tkazdimi?” degan savolga mutlaq ko‘pchilik ishtirokchi (94,4 foiz) “yo‘q”, deb javob bergani diqqatga sazovor. Shunday bo‘lsa-da, murojaat qiluvchilarga befarq qarash holatlari hali ham uchrab turganini aytish zarur. So‘rovda aniqlanishicha, har oltinchi respondent “ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilgan tashkilot yoxud idora mansabdor shaxsi tomonidan qabul qilinmaganligini” ta'kidlagan.
Tashkilot, vazirlik yoki idoraga murojaat qilgan fuqarolarning 57,8 foizi o‘z arizasiga qonunchilikda belgilangan o‘n besh kunlik muddat ichida javob olgan. 8,9 foizi esa javobni bir oylik muddat ichida olganliklarini bildirgan. Chunki shikoyat yoki arizani ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish zarurati mavjud bo‘lgan hollarda, istisno tariqasida, qonunchilikda bunga yo‘l qo‘yiladi. Ikkinchi chorakda murojaatiga o‘z vaqtida hamda umuman javob ololmagan fuqarolar soni kamaygan. Bu davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha faoliyati takomillashayotganidan, ijro intizomi kuchayayotganidan dalolat beradi.
So‘rovda qatnashganlarning 72,8 foizi o‘z ariza yoki shikoyatlariga tegishli tashkilotlar tomonidan aniq chora ko‘rilganligini ma'lum qildi. Birinchi chorakka nisbatan muammosini hal qilish yuzasidan aniq choralar ko‘rilmadi, deb hisoblovchi respondentlar soni qisqardi (27,2 foiz).
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi (55,5 foizi) davlat muassasalariga murojaat qilish natijalaridan to‘la darajada qoniqadi, 26,7 foizi qisman qoniqish hosil qilgan. Monitoringda davlat hokimiyati yoki xo‘jalik boshqaruvi organlaridan olingan javobdan qoniqmaganligini bildirgan fuqarolar 3,5 foiz kamayganligi aniqlandi.
Tadqiqotda qatnashgan fuqarolarning 68,7 foizi fikricha, davlat hokimiyati yoki xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaatlari tufayli ular dolzarb muammolarini ijobiy hal qilishga erishgan.
Mavzuga oid
15:22 / 31.08.2023
“O‘zbekiston aholisining 74,1 foizi o‘z hayotidan juda mamnun” - “Ijtimoiy fikr”
10:05 / 28.06.2023
So‘rov: Dunyoda AQShga bo‘lgan munosabat ijobiyligicha qolmoqda
10:44 / 06.08.2021
Ijtimoiy fikr: So‘rovnoma qatnashchilarining yarmi emlanishga tayyor, 36 foizi esa emlanishdan bosh tortmoqda
18:47 / 30.12.2020