Jahon | 14:32 / 19.07.2017
10620
1 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda terakt oldi olindi

Foto: © RIA Novosti

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari respublika hududida sodir etilishi rejalashtirilgan teraktning oldini olishdi. Qo‘mita matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, qo‘poruvchilardan portlovchi qurilmalar tortib olingan.

"O‘sh viloyati Qorasuy tumani hududida terrorchilik akti sodir etishga tayyorlangan shaxs ushlandi. U xalqaro terrorchilik tashkiloti a'zosi bo‘lib, uning uyi tintuv qilinganda, 8 kg og‘irlikdagi portlovchi moddalar topilgan", deyilgan xabarda.

Musodara qilingan bomba joyida sapyorlar tomonidan zararsizlantirilgan.

Xabar qilinishicha, qo‘lga olingan shaxs Suriya va Iroqda bo‘lgan, jangovar harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan hamda respublika hududida terakt sodir etishni rejalashtirgandi.

Uning yonidan ekstremistik xarakterdagi materiallar, elektron qurilmalar va bomba tayyorlashda ishlatiladigan boshqa vositalar topilgan. Ayni vaqtda unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Mavzuga oid