O‘zbekiston | 15:00 / 23.07.2017
37017
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik xizmat minbari: Xorijliklar O‘zbekiston fuqaroligiga qanday erishishi mumkin?

SAVOL: Men ayni damda Tojikistonda istiqomat qilaman, fuqaroligim ham Tojikiston fuqaroligi. Savolim shundan iboratki, men qanday qilib O‘zbekiston fuqaroligini olsam bo‘ladi va qayerga murojaat qilishim kerak? Ikki davlat fuqaroligi olish mumkinmi yo faqat bitta davlat fuqaroligida bo‘lishim shartmi? 
Doston SAFAROV, Tojikiston.

JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 20 noyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish uchun xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs (chet elda yashovchi) O‘zbekiston Respublikasining mazkur mamlakatdagi diplomatiya va konsullik muassasalari orqali O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida ariza beradi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini qabul qilishni xohlovchi shaxs yashab turgan davlatda diplomatiya vakolatxonasi, konsullik muassasasi bo‘lmagan taqdirda u O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qiladi. Iltimosnoma ifodalangan ariza, arizachining ajnabiy fuqarolikdan voz kechganligini yoki uning fuqaroligi yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat, tarjimai holiga doir ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlagan shakldagi so‘rovnomalarda uch nusxada bayon etiladi. Unga arizachining fotosuratlari va salomatligi haqidagi ma'lumotnomalar, jumladan, OITSga qarshi tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risidagi qayd ilova qilinadi. Arizachi arizani taqdim etilgan sanani ko‘rsatib imzolaydi. 

O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risidagi qonuning 17-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish shartlari quyidagilardan iborat:

1). Chet el fuqaroligidan voz kechish;
2). So‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik.
Ushbu qoida O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslarga, basharti ular shu yerda tug‘ilgan va hech bo‘lmasa ota-onasidan biri, buvasi yoki buvisi O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilganligini va boshqa davlatlarning fuqarosi emasligini isbotlasa, taalluqli bo‘lmaydi;
3). Qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi;
4). O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olish va bajarish. 

Savolga huquqshunos Sardor Ne'matjonov javob berdi. 

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Mavzuga oid