Jamiyat | 21:30 / 25.07.2017
13273
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda keyingi yillarda ilk marta ajrashishlar soni kamayishi kuzatildi

2017 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning 6 oyi bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda ajrashishlar soni 912taga kamaydi. Bu haqda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma'rufova O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 7 oktabrdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq mahallalarda tuzilgan Yarashtirish komissiyalarining bosh vazifasi oilaviy ajralishlarning oldini olishdan iborat. 

«Biroq Yarashtirish komissiyalari o‘z vazifalarini yetarli darajada bajarmayotgani so‘nggi paytda ko‘p tanqid qilinmoqda. Haqiqatan ham ularning ishi yong‘indan keyin yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilarni eslatadi. Er-xotin ajrashib bo‘lganidan keyin hisobot uchun ajrim sabablarini qayd qilishning kimga keragi bor?

Shu bois fuqarolar yig‘inlaridagi Yarashtirish komissiyalari faoliyati ham tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ular tarkibiga mahalladagi fidoyi, obro‘li, boshqalarga ta'sir ko‘rsata oladigan keksa-nuroniylar jalb etilmoqda», degan Ma'rufova.

Hududlarda o‘tkazilayotgan muloqotlar davomida shu narsaga amin bo‘ldikki, agar mahallalar qoshida tashkil etilgan Yarashtirish komissiyalari faoliyatini jonlantirib, ularga mahalladagi eng namunali oila vakillari va faol ayollar jalb etilsa, arzimagan sabablar bilan boshlangan kelishmovchilik qaynona-kelinlarga to‘g‘ri tushuntirilsa, oilalar buzilishining oldini olish mumkin. Masalan, Yarashtirish komissiyalari aralashuvi bilan Qashqadaryo viloyatida 300 dan ziyod oila saqlab qolingan. Bunday raqamlarni har bir viloyat misolida keltirish mumkin. 

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida O‘zbekistonda 275 mingdan ortiq nikoh qayd etilgan. Shu bilan birga respublikada ajrimlar miqdori qariyb 30 mingga yetgan.

Ma'lumot uchun, 2017 yilning olti oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 15 ming 106 oilaviy ajrim qayd etilgan. Bunday noxush holatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 912 taga, xususan, Toshkent shahrida 981 taga kamaygan.

Toshkent, Farg‘ona, Jizzax, Namangan viloyatlarida ham ajrimlar ancha kamaygan. Biroq Andijon, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo viloyatlaridagi holat qoniqarli emas.

Mavzuga oid