Jamiyat | 00:51 / 07.08.2017
5905
3 daqiqa o‘qiladi

Faxriylarimiz o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e'tibordan boshlari ko‘kka yetdi

Yoshi ulug‘ insonlarni hurmatlab, e'zoz-ikrom ko‘rsatish xalqimiz qoniga singgan azaliy qadriyatlari sirasiga kiradi. Shu bois, bu masala mamlakatimiz ijtimoiy siyosatida ham alohida o‘ringa ega.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmonining e'lon qilinishi zamirida ham ana shunday ulug‘vor maqsadlar mujassam. Shu muhim farmon asosida ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga turli mukofotlar berildi, avtomobillar xarid qilishda qulayliklar yaratildi, ijtimoiy va moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Eng quvonarlisi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining muborak Haj ziyoratiga borish bo‘yicha bildirgan istaklari hamda “Nuroniy” jamg‘armasining taklifiga binoan ilgari Haj ziyoratiga bora olmagan yoki bunga imkoni bo‘lmagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Haj ziyoratiga yuboriladigan bo‘ldi.

Nuroniy-faxriylarga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak g‘amxo‘rliklar va e'tibor yurtimizda inson qadri naqadar ulug‘ ekanini ko‘rsatib turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kuni kecha Toshkent shahar Shayxontohur tumani Bosh imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov, Namangan vakilligi, tibbiyot xodimlari va www.muxlis.uz diniy-ma'rifiy sayti jamoasi “Inson manfaatlari va xalq bilan muloqot yili” doirasida Namangan va Andijon viloyatida safarda bo‘lishdi.

Guruh a'zolari dastlab Namangan shahri, Chust, Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi tumanida istiqomat qiluvchi keksalar, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fahriylari bilan uchrashuvlarda ishtirok etdilar, xonadonlarini ziyorat qildilar. So‘ng Andijon viloyatining shahar va tumanlarida, jumladan Andijon shahri, Asaka, Izboskan, Shahrixon, Buloqboshi, Oltinko‘l, Andijon va Paxtaobod tumanlarida ham bo‘ldilar.

Uchrashuvlar ko‘tarinki ruxda o‘tib, unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Yuz bilan yuzlashgan yoki bir asrdan oshgan nuroniylar Ikkinchi jahon urushining dahshatlari, o‘zbek jangchilarining ko‘rsatgan jasoratlari, qahramonliklari, urushning xalqimiz boshiga solgan kulfati haqida gapirar ekanlar, bugungi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik degan oliy ne'matning qadriga yetish, uni asrab avaylash zarurligini ta'kidladilar.

Muloqot davomida faxriylarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Raisi, muftiy Usmonxon Alimov tomondan taqdim qilingan turli sovg‘alar ulashildi, shifokor nazoratidan o‘tkazildi. O‘z navbatida nuroniylar hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e'tibor uchun minnatdorlik bildirib, duoi xayrlar qildilar.

Shayx Zayniddin jome masjidi Matbuot xizmati

Mavzuga oid