Light | 20:46 / 07.08.2017
23515
16 daqiqa o‘qiladi

Uorren Baffett yo‘l qo‘ygan 10 xato

Uorren Baffett haqli ravishda barcha davrlarning eng buyuk sarmoyachisi hisoblanadi. Boshqa bolalar o‘yinchoq o‘ynab yurgan bir paytda, u 11 yoshidanoq fond bozorida "o‘ynagan". Baffett butun umrini shunga bag‘ishladi, bu borada ulkan tajriba to‘pladi va salmoqli natijalarga erishdi. 

Berkshire Hathaway rahbari Uoll-stritni kitob kabi o‘qish mumkinligini isbotladi. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, uning aktivlari sof daromadi deyarli 75 milliard dollarni tashkil qiladi - bu esa uni sayyoraning eng badavlat kishilaridan biriga aylantiradi.

Biroq sarmoyaviy iste'dodiga qaramay, hatto Uorren Baffettt ham xatolardan xoli emas. Baffett aybni o‘z xodimlariga ag‘daruvchi ba'zi rahbarlardan farqli o‘laroq, o‘z xatolarini tan oladi va aksionerlar oldidagi mas'uliyatni his qiladi.

Agar siz o‘z investitsion mahoratingizni charxlamoqchi bo‘lsangiz, uning g‘alaba va mag‘lubiyatlari tarixiga nazar solish foydadan xoli bo‘lmaydi. InsiderPro Uorren Baffettning o‘rganib chiqilishi kerak bo‘lgan 10 xatosiga doir ma'lumot bilan bo‘lishdi.

 

1. Berkshire Hathaway xaridi

2010 yilda CNBC kanalining "Squawk Box" ko‘rsatuvida Bekki Kvik bilan kechgan intervyuda Baffett shunday degan: "Hayotim davomida xarid qilgan eng bema'ni aksiyalar - bu... Berkshire Hathaway".

Baffett ilk marta 1962 yilda Berkshire Hathaway - inqiroz yoqasida turgan to‘qimachilik kompaniyasiga sarmoya kiritgan. U zavodlarning yopilishida pul ishlab olishi mumkin deb o‘ylagani bois aksiyalarni xarid qilgan.

U kompaniya rahbariyati bilan uchrashib, narx borasida kelishib olgan, biroq keyinchalik firma endigina ish boshlayotgan investordan kelishuvdagidan ko‘proq pul tortib olishga harakat qilgan. Bundan g‘azablangan Baffett kompaniya ustidan nazoratni sotib olib, direktorni ishdan bo‘shatgan va yana 20 yil mobaynida halokat yoqasidagi to‘qimachilik biznesini yuritishga uringan. Baffettning keyinchalik ta'kidlashicha, shirin qasos unga 200 milliard dollarga tushgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, "buning o‘rniga yaxshi bir sug‘urta kompaniyasini xarid qilish osonroq kechardi".

Masalaning mohiyati shundaki, investitsion qarorlarni his-tuyg‘ularga berilib qabul qilib bo‘lmaydi. Baffettdek o‘ch olish istagida bo‘lasizmi yoki shunchaki muammoli biznesni qutqarib qolmoqchisimisiz, shuni unutmangki, biznes hissiyotlarga emas, faktlarga asoslanishi kerak.

 

2. Tesco sarmoyalari

2012 yil oxirida Berkshire Hathaway eng yirik Britaniya riteylerining 415 million aksiyasiga ega bo‘ladi. Xarid bahosi 2,3 milliard dollarni tashkil qiladi. 2013 yil oxiriga borib esa, Berkshire Hathaway Tesco'ning 114 million aksiyasini sotadi, ammo taxminan 301 millioniga egalik qilishda davom etadi va bu kompaniyaga zarar yetkazadi.

2014 yilda daromad oshishi fonidagi buxgalteriya mojarolaridan keyin samarali gigant aksiyalari 48 foizdan ko‘proqqa pasayib ketdi. O‘sha yildagi xatida Baffett aksionerlarga Tesco boshqaruvi borasidagi qo‘rquv uning qimmatli qog‘ozlarni sotishiga turtki berganini ma'lum qilgan. Buning natijasida uning daromadi 43 million dollarni tashkil qildi. Afsuski, u qolgan 301 million aksiyadan xalos bo‘lishga ulgurmadi.

"Hisobotni diqqat bilan o‘qigan bo‘lsangiz, Tesco o‘tgan yili bizning oddiy aksiyalarimiz ro‘yxatidagi eng yirik pozitsiyani egallagan edi - endi esa u ro‘yxatda yo‘q. Tan olish noqulay bo‘lsa-da, Tesco aksiyalarini avvalroq sotish kerak edi. Men uzoq ikkilanib qoldim va natijada bu investitsiyalar katta xatoga aylandi", - deb yozadi Baffett.

Uning tan olishicha, bu qadam kompaniyaning soliqlar to‘lovidan keyin 444 million dollar yo‘qotishiga sabab bo‘lgan. Uorren Baffettning bu omadsizligidan ham kerakli xulosa chiqarish mumkin: sarmoyaviy qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish lozim. Agar xato qilganingizni anglab yetsangiz, kamomad investitsiyalar ko‘rinishidagi sekin ta'sir etuvchi "bomba"dan xalos bo‘ling, ularning kompaniyaga ziyon yetkazishini kutib o‘tirmang.

 

3. Dexter Shoe Co. xaridi

1993 yilda Uorren Baffett 433 million dollarga Dexter Shoe Co. xaridini amalga oshirdi. Dastlab u brend raqobat jihatidan ustunlikka ega deb o‘yladi, biroq bir necha yildan so‘ng bu xomxayol bo‘lib chiqdi.

Baffett 2007 yilda aksionerlarga yo‘llagan maktubida o‘z harakatlarini uzoqni ko‘ra bilmaslik bilan izohlab, bu sarmoyachilarga 3,5 milliard dollarga tushganini tan oldi. O‘sha payt bu raqam Berkshire Hathaway sof bahosining 1,6 foizini tashkil qilgan.

"Bugunga kelib aytish mumkinki, Dexter — men imzolagan eng muvaffaqiyatsiz bitim. Biroq kelgusida meni yana bir uyum xatolar kutmoqda - bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi", - deb yozadi Baffett.

Uorren Baffettning eng yomon sarmoyasi bizda asosiy xulosani keltirib chiqaradi: kompaniya raqobatbardoshlik jihatidan ustunlikka ega bo‘lsagina e'tiborga loyiqdir. Mijozlarning brendga sodiqligini saqlab qolishga hech qanday asoslari (chegirmalar, noyob mahsulot, yuqori sifat va b.) bo‘lmasa, bundan keyin ham bo‘lmaslik ehtimoli yuqori.

 

4. Energy Future Holdings qarzi xaridi

2013 yilda Baffett aksionerlarga quyidagicha xat yozadi: "Aksariyatingiz Energy Future Holdings haqida hech eshitmagansiz. Shunday ekan, omadingiz bor deb hisoblayvering: men ham bilmaganimda yaxshi bo‘lardi". Uning ma'lum qilishicha, Energy Future Holdings 2007 yilda "Texasdagi energetika sektori kompaniyalari aktivlari xaridini ko‘zlab" shakllantirilgan.

Ulush egalari ustav kapitalda 8 milliard dollar ishlab olishdi, keyin esa qarzga botishdi.

"Natijada Berkshire qarzning 2 milliard dollarga yaqinini sotib oldi, hammasi mening Charli (sobiq hamkori Charlz Manger) bilan maslahatlashmay qaror qabul qilganim tufaylidir. Bu katta xato bo‘ldi", - deb yozadi Baffett.

Baffettning prognozlariga ko‘ra, Energy Future Holdings 2014 yilda bankrotlik haqida e'lon qilishi kerak bo‘lgan - shunday bo‘ldi ham. 2013 yilda Berkshire Hathaway avval qo‘lga kiritilgan 259 million dollarlik bondlarni sotdi. Baffettning hisob-kitobiga ko‘ra, uning firmasi umumiy hisobda 873 million dollarlik yo‘qotishga uchragan. Sarmoyachi kelasi safar  o‘zining sobiq hamkori va sarmoya olami bilimdonining fikrini o‘rganishga va'da berdi.

Uorren Baffettning xatolari ham yutuqlari kabi yirik. Aktivlaringiz narxi oshishini istaysizmi - tasavvur qiling, hech narsa bilmaysiz. Shunday ekan, yordam uchun ishonchli biznes hamkorga murojaat qilish kerak.

 

5. Dallas-Fort Worth NBC stansiyasi xarididan voz kechish

Uorren Baffettning hamma xatolari ham pul yo‘qotish bilan bog‘liq emas. Uning xatolaridan biri - Dallas-Fort Worth NBC stansiyasini 35 million dollarga xarid qilishdan voz kechgani, bu unga mo‘may daromad olish imkonini berar edi.

Baffett 2007 yilda aksionerlarga bitgan maktubida 1972 yilda shokolad ishlab chiqaruvchi See's Candies kompaniyasini xarid qilgan bir vaqtda stansiya xarididan voz kechgani haqida so‘z yuritgan. U kompaniyani tashkil qilgan insonga chin dildan ishongani va uning barcha ustunliklaridan yaxshi xabardor bo‘lganiga qaramay, bu taklifni rad etdi - stansiya katta kapital kiritishni talab qilmas va salmoqli o‘sish salohiyatiga ega edi.

"Nima uchun men "yo‘q" dedim? Aftidan, o‘shanda miyam ta'tilga chiqqan bo‘lgan va meni bundan boxabar qilishni yoddan chiqargan", - deb yozgan Baffett.

Baffett qo‘ldan boy berilgan bu imkoniyatni yodga olar ekan, 2006 yilda stansiya daromadi 73 million dollarni tashkil qilganini ta'kidlaydi, u maktub yozgan vaqtda esa bu raqam 800 million dollarga yetgan.

Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Imkoniyat "o‘z oyog‘i bilan" kelib turganda uni qo‘ldan chiqarmang. Bu ma'lumotlarni tahlil ham qilmay, duch kelgan biznes taklifga tashlanish degani emas, albatta. Shunday bo‘lsa-da, ishonchli kishilardan kelib tushgan takliflarga e'tiborli bo‘lish kerak.

 

6. General Reinsurance xaridi uchun Berkshire Hathaway'ning qo‘shimcha aksiyalarini ishlab chiqarish

1998 yilda General Reinsurance'ni xarid qilishning o‘ziyoq xato bo‘lgan. Keyinroq vaziyat barqarorlashdi, biroq bu Uorren Baffett o‘z qaroridan ko‘ngli to‘lganini bildirmaydi.

"Boshlang‘ich bosqichdagi ba'zi muammolardan keyin General Re o‘z qadr-qimmatini isbotladi, - deb yozadi 2016 yilda Baffett aksionerlarga. - Shunday bo‘lsa-da, uning xaridi uchun 272 200 Berkshire aksiyasini ishlab chiqarib katta xatoga yo‘l qo‘ydim - bu muomaladagi  aksiyalarimizning 21,8 foizga oshishiga olib keldi. Buning natijasida Berkshire aksionerlari foydadan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘rishdi - biznes olamida bunday tamoyil ish bermaydi".

Baffett 2001 yilda aksionerlarga yo‘llagan maktubida bu kamomad bitimning ba'zi tafsilotlariga izoh beradi: u anderreyting natijasidagi yo‘qotishlar, shartnomalarda terrorchi aktlar bilan bog‘liq xatarlarga doir punktlarning yo‘qligi, avvalgi yo‘qotishlarni qoplash uchun General Re zaxiralarining yetishmasligi haqida so‘z yuritdi. Natijada 2001 yilda Berkshire Hathaway 800 million dollardan judo bo‘ldi.

Asosiy xulosa: yaxshisi, barcha raqamlarni qayta tekshirib, bunga moliyaviy ekspertlarni jalb qilish. Shu bilan birga, xatolarni to‘g‘irlash va ularni foydali tomonga yo‘naltirishni o‘rganish.

 

7. ConocoPhillips aksiyalari xaridi

Baffett 2008 yilda aksionerlarga yozgan maktubida shunday deydi: "Charli va boshqalardan bemaslahat ConocoPhillips'ning juda ko‘p aksiyalarini xarid qildim, u paytlar neft va gaz narxi juda baland edi. Yilning ikkinchi yarmida esa energiya resurslari bahosining keskin pasayishi men uchun butkul kutilmagan voqea bo‘ldi".

Xuddi shu murojaatning o‘zida Baffett kelgusida neft narxiga doir taxminlari bilan bo‘lishgan, lekin o‘sha payt haddan ziyod optimist bo‘lganini tan olgan. Shuningdek u bevaqt xarid firmaga bir necha milliard dollarga tushganini bildirgan.

Maktub yozilgan vaqt - 2008 yilda Berkshire Hathaway ConocoPhillips'ning deyarli 85 million aksiyasiga ega bo‘lgan. Baffett xaridga 7 milliard dollardan ortiq pul sarfladi, holbuki uning bozordagi qiymati atigi 4,4 milliard dollarni tashkil qilardi.

Uorren Baffettning bu xatosi o‘zingiz ishongan kishilar bilan maslahatlashish naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyish qiladi. Sizning do‘stlaringiz yoki maslahatchilaringiz siz bilmagan insayderlik ma'lumotlariga ega bo‘lishlari mumkin yo bo‘lmasa, ular vaziyatga boshqa tomondan nazar tashlashda yordam berishadi.

 

8. Devid Sokolning Lubrizol Corp. aksiyalari haqida asosiy ma'lumotning yo‘qligi

2011 yilda firmaning bir necha sho‘'ba korxonasi sobiq raisi Devid Sokol Baffettga Lubrizol Corp. kimyoviy kompaniyasini xarid qilishni taklif qilganidan keyin Uorren Baffett va Berkshire Hathaway kiyin ahvolda qoladi. Muammo Sokolning oldindan aksiyalarni qo‘lga kiritganida bo‘ladi.

Shundan so‘ng sarmoyachi taxminan 9 million dollarga Lubrizol'ni xarid qilishga rozilik beradi - bu Sokolga 3 million dollarlik daromad keltiradi. Sokol Baffettga   Lubrizol aksiyalarini qo‘lga kiritgani borasida hech narsa demaganligi uchun uning bu ishi insayderlik savdo qoidalarining buzilishi sifatida qaraladi.

"Lubrizol haqidagi ilk suhbatimizda Deyv bu kompaniya aksiyalariga egalik qilishini eslatib o‘tgandi. Bu gap orasida aytib ketilgandi, shu bois men uning sanasi va hajmi haqida so‘ramagandim", - deydi Baffett Sokolning iste'fosi haqida ma'lum qilingan 2011 yilgi matbuot relizida.

Baffett o‘z xatosini darhol anglab yetmadi, keyinroq Berkshire Hathaway'ning 2011 yilgi yig‘ilishida u aksiyalarni xarid qilganida Sokoldan bu haqida so‘ramagani ahmoqlik bo‘lganini tan oldi.

Xulosa? Haddan tashqari ishonuvchan bo‘lmang. Ko‘proq savol beravering - oldindan himoyalanish ortiqcha bo‘lmaydi.

 

9. Amazon xaridining qo‘ldan boy berilgani

Baffettning fevral oyida «Squawk Box»ga bergan intervyusida undan nima uchun u hech qachon  Amazon aksiyalarini xarid qilmagani haqida so‘rashdi. U, afsuski, bu savolga aniq javob yo‘qligini aytdi.

"Aftidan, uni allaqachon qo‘lga kiritish kerak bo‘lgan. Biroq men bu ajoyib kompaniyaning salohiyatini oldindan ko‘ra bilmadim - o‘shanda uning bahosi menga biroz oshirib yuborilgandek ko‘ringandi. Men qattiq xato qildim", - dedi u.

Baffett oxirigacha tushunmagan investitsiyalaridan mohirona voz kechadi - bu bir vaqtning o‘zida ham yaxshi, ham yomon. Albatta, biror kompaniya haqidagi maqtovlarga ko‘r-ko‘rona ishonib ham bo‘lmaydi, ammo ma'lumot yetishmasligi tufayli shartnomadan voz kechish ham tajribali sarmoyachiga xos emas. Buning o‘rniga bilim va ko‘nikmalari biznikidan farqlanuvchi professionallar bilan hamkorlik qilish kerak.

Baffettning Amazon'ga sarmoya kiritmay, yo‘l qo‘ygan yo‘qotishlari ko‘lamini hech kim baholay olmaydi, lekin tarixga nazar tashlaymiz: Amazon birinchi marta 1997 yilning may oyida 18 dollarlik aksiyalarini chiqargan. 2017 yilning 4 avgustida sotuvlar boshlanishidan avval aksiyalar 988 dollarga baholangan, bu ularning dastlabki qiymatidan taxminan 55 barobar ko‘p.

 

10. US Airways aksiyalari xaridi

Umuman olganda, Uorren Baffettning bu shartnomasini muvaffaqiyatsiz deb bo‘lmaydi, biroq u US Airways aksiyalarini xarid qilgani uchun afsuslanadi. 1989 yilda u 358 million dollar evaziga ushbu aviakompaniya (hozirda u American Airlines'ning bir qismi) aksiyalarini qo‘lga kiritadi. Kamomad bo‘lmasa-da, Baffett bu qarori borasida ancha keskin fikr bildirgan. 

"US Airways'ga qayta hayot bag‘ishlangani mo‘'jizaning o‘zi, - deb yozadi Baffett 1997 yilda aksionerlarga yo‘llagan maktubida. - Bu investitsiyalar bilan qanday yo‘l tutganimini kuzatganlar bu mavzuda benuqson hisobot tuzganimni yaxshi bilishadi. Men bu aksiyalar xaridida xato qildim va yana noto‘g‘ri yo‘l tutdim".

Baffett aviakompaniyaning qayta tiklanishini bosh direktor lavozimini Stiven Volfga bo‘shatib, o‘zi va Mangerning direktorlar kengashini tark etishi bilan bog‘laydi. Baffett aynan shu insonning rahbarligi tufayli Berkshire qutqarilgan, deb hisoblaydi.

Gap shundaki, nimaga qo‘l urayotganingizni bilish uchun har bir salohiyatli sarmoyani yaxshilab o‘rganib chiqish kerak. Bundan tashqari, qo‘lga kiritilgan kompaniyaning ma'lum darajada avtonom faoliyat yuritishiga imkon yaratish kerak - bu notanish sohaga aralashgandan ko‘ra yaxshiroq.

Mavzuga oid