O‘zbekiston | 12:35 / 07.08.2017
14045
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisi 32,3 mln nafardan oshdi

O‘zbekiston aholisi 1 iyul holatiga ko‘ra 32,345 million kishini tashkil etib, 2016 yil oxiriga nisbatan 224,5 ming nafar yoki 0,7 foizga oshdi. Shahar aholisi 16,353 million kishi (umumiy aholining 50,6 foizi), qishloq aholisi esa 15,9 million nafarni (49,4 foiz) tashkil etdi. Ushbu ma'lumotlar Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan e'lon qilindi.

2017 yilning dastlabki olti oyida 311,9 ming bola dunyoga keldi. bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6000 ga kam demakdir.

Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm, Jizzax, Namangan, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda tug‘ilishlar soni kamaygani qayd etildi.

Yanvar-iyun oylarida o‘lim soni 78,8 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4900 taga ko‘paygan. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda o‘lim ko‘rsatkichlari oshgan. Toshkentda esa aksincha, o‘limlar soni kamaygan. Bu borada eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.

Umumiy o‘lim holatlarining 62,1 foizi qon aylanish tizimi kasalliklari, 8,8 foizi yangi paydo bo‘lgan, 5,5 foizi ovqat hazm qilish a'zolari xastaliklari, 5,4 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlardan, 5,1 foizi nafas olish a'zolari kasalliklari, 1,7 foizi infeksion va parazitar hamda 11,4 foizi boshqa xastaliklar bilan bog‘liq. Yarim yil davomida 1 yoshgacha bo‘lgan 3900 go‘dak o‘limi qayd etilgan. Bu borada Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda eng kichik ko‘rsatkich qayd etilgan.

Yanvar-iyun oylarida FHDYo tomonidan 96,3 ming nikoh va 15,6 ming ajrim ro‘yxatga olingan, 1000 nafar aholi hisobiga 6 ta nikoh (2016 yilning yanvar-iyun oylarida — 5,9 ta nikoh) va 1 ta ajrim to‘g‘ri keladi (2016 yilning yanvar-iyun oylarida — 0,9 ta ajrim).

Yarim yil mobaynida O‘zbekistonga kirib kelganlar soni 82,5 ming, chiqib ketganlar soni 91 ming nafarni tashkil etdi.

Mavzuga oid